Davlat boshqaruvining ochiqligi va shaffofligini ta`minlash hamda mamlakatning statistika salohiyatini oshirish yuzasidan qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida

112

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Mamlakatda statistika axborotidan foydalanish samaradorligini oshirish, davlat statistika hisobotini ishonchli ravishda yuritishni shakllantirish yuzasidan izchillik bilan choralar ko'rilmoqda. Internetdagi yig'ma ma`lumotlarning milliy sahifasi Xalqaro valyuta jamg'armasi ma`lumotlarini tarqatishning kengaytirilgan umumiy tizimi bilan uyg'unlashtirildi.

Shu bilan birga, axborotlarning umumfoydalanish uchun ochiqlik holati, ochiq ma`lumotlarning oshkoralik va sifat darajasi, ularni fuqarolarga va jahon hamjamiyatiga yetkazishning amaldagi mexanizmlari qabul qilingan xalqaro talablarga to'liq javob bermaydi va natijada mamlakatimizning statistika salohiyati indeksidagi o'rni pastligicha qolmoqda.

Mamlakatimiz nufuzi va investisiyaviy jozibadorligini mustahkamlashga qaratilgan, davlat boshqaruvining ochiqligi hamda shaffofligini ta`minlash borasidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish, shuningdek, 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investisiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturidagi vazifalarni bajarishni ta`minlash maqsadida:

1. Ma`lumot uchun qabul qilinsinki, O'zbekiston Respublikasining Hukumat portali doirasida jismoniy va yuridik shaxslarning mashinada o'qiladigan formatdagi axborotdan ko'p karra, erkin va bepul foydalanish imkonini beruvchi O'zbekiston Respublikasining Ochiq ma`lumotlar portali (keyingi o'rinlarda – Portal) faoliyat yuritmoqda.

2. Belgilansinki:

a) O'zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo'mitasi (keyingi o'rinlarda – Davlat statistika qo'mitasi) davlat organlari va tashkilotlarining ochiq ma`lumotlar to'plamlari ro'yxatini (keyingi o'rinlarda – Ro'yxat) shakllantirish, yuritish va yangilash hamda tegishli axborotlarning Portalda o'z vaqtida aks ettirilishi bo'yichafaoliyatini muvofiqlashtiradi;

b) O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (keyingi o'rinlarda – Agentlik)Portalni texnik qo'llab-quvvatlash va ta`minlash hamda uzluksiz ishlab turishi uchun javobgar hisoblanadi;

v) Portaldagi axborotlar:

faqat davlat organlari va tashkilotlarining respublika darajasidagi yuqori turuvchi tuzilmalari, shu jumladan, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan e`lon qilinadi;

o'zbek, rus va ingliz tillarida, shu jumladan, mashinada o'qiladigan va boshqa formatlarda e`lon qilinadi;

davlat organlari va tashkilotlarining rasmiy saytlarida e`lon qilinadigan axborot bilan aynan bir xil va o'zaro bog'langan bo'lishi lozim;

g) davlat organlari va tashkilotlarida axborotni tayyorlash va Portalda joylashtirish vazifasi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 yanvardagi “2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investisiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to'g'risida”gi PF–5635-son Farmoniga muvofiq tashkil qilingan, xalqaro reytinglar bilan ishlash va “Elektron hukumat” tizimini joriy etish uchun mas`ul bo'lgan ixtisoslashtirilgan bo'linmalarzimmasiga yuklanadi.

3. Davlat statistika qo'mitasi markaziy apparati tuzilmasida boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy soni doirasidadavlat organlari va tashkilotlarining Portalda Ro'yxatni shakllantirish, yuritish va yangilash bo'yicha faoliyatini muvofiqlashtirish bilan bog'liq ishlar uchun mas`ul bo'linma tashkil etilsin.

Davlat statistika qo'mitasi bir oy muddatda bo'linmaning yuqori malakali kadrlar bilan to'ldirilishini ta`minlasin.

4. Davlat statistika qo'mitasiga Portalni rivojlantirish faoliyatini amalga oshirish doirasida quyidagi huquqlar berilsin:

ma`lumotlar va ularning manbalaridan, shu jumladan, ma`lumotlarni shakllantirish sohasida huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi ichki va boshqa hujjatlardan foydalanish;

Portalni rivojlantirish, shuningdek, e`lon qilinadigan ma`lumotlarga taalluqli masalalar bo'yicha davlat organlari va tashkilotlaridan beg'araz asosda maslahat yordami olish;

ushbu qarorni bajarish doirasida ekspertlar, konsultantlar va tashkilotlarni (shu jumladan, xorijiy) shartnoma asosida jalb etish;

Portalni takomillashtirish, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining ochiq ma`lumotlar sohasidagi faoliyatini baholash uchun xalqaro moliya institutlari, donor mamlakatlarning mablag'larini, shu jumladan, grantlari (texnik ko'magi)ni jalb etish.

5. Belgilansinki, 2019 yil 1 apreldan:

Davlat statistika qo'mitasi markaziy apparati xodimlarining lavozim maoshlarini Yagona tarif setkasi bo'yicha mehnatga haq to'lashning tasdiqlangan razryadlariga asosan belgilashda tarif koeffisienti 1,3 baravarga oshirgan holda qo'llaniladi;

davlat statistika organlari xodimlariga ko'p yillik xizmatlari uchun har oylik ustamalar quyidagi miqdorlarda to'lanadi (rag'batlantirish koeffisientini hisobga olgan holda lavozim maoshlariga nisbatan koeffisientlarda): 2 yildan 5 yilgacha – 0,1; 5 yildan 10 yilgacha – 0,2; 10 yildan 15 yilgacha – 0,3; 15 yildan 20 yilgacha – 0,4; 20 yildan 25 yilgacha – 0,5; 25 yildan ortiq – 0,6. Ko'p yillik xizmatlari uchun mukofot puli olish huquqini beradigan ish staji O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda Davlat statistika qo'mitasi tomonidan tasdiqlanadigan tartibga muvofiq hisoblanadi.

Ushbu bandda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish bilan bog'liq xarajatlar O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag'lari hisobidan qoplanadi.

6. Quyidagilar:

O'zbekiston Respublikasining Ochiq ma`lumotlar portalini takomillashtirish bo'yicha chora-tadbirlar kompleksi 1-ilovaga muvofiq;

O'zbekiston Respublikasi Ochiq ma`lumotlar portalida joylashtirish uchun ochiq ma`lumotlar to'plamlari ro'yxatini tuzishda ustuvor xalqaro ma`lumotlar bazalarini o'rganib chiqish uchun mas`ul vazirlik va idoralar ro'yxati 2-ilovaga muvofiq;

“Ochiq ma`lumotlar global indeksi” va “Ochiq ma`lumotlar barometri” talablariga muvofiq ma`lumotlarning ochiqlik holatini o'rganish, shuningdek, O'zbekiston Respublikasining Ochiq ma`lumotlar portalida tegishli indikatorlarni joylashtirish uchun mas`ul vazirlik va idoralar ro'yxati 3-ilovaga muvofiq;

Alohida tarkibiy indikatorlar bo'yicha Statistika salohiyati indeksida mamlakatning o'rnini yaxshilashga oid “Yo'l xaritasi” 4-ilovaga muvofiq;

Jahon bankining statistika salohiyati indeksi bo'yicha yillik hisobotida O'zbekiston Respublikasi reytingini yaxshilashning maqsadli ko'rsatkichlari 5-ilovaga muvofiq;

Xalqaro byudjet hamjamiyatining Byudjet ochiqligi indeksida 
2020 yildan boshlab O'zbekiston Respublikasining ishtirokini ta`minlash bo'yicha “Yo'l xaritasi”
 6- ilovaga muvofiq;

2020-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo'mitasida yangilanishi lozim bo'lgan axborot-kommunikasiya tizimlari uskunalari ro'yxati 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

7. Quyidagilarning:

a) davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining:

Portalda e`lon qilinadigan axborotning to'liqligi, ishonchliligi, uning o'z vaqtida shakllantirilishi va yangilab turilishi;

Portalda joylashtiriladigan axborotning mazmuni va sifati;

Internet tarmog'ida O'zbekiston Respublikasi axborotlarining oshkoraligi va foydalanish erkinligini ta`minlash;

tegishli axborotni shakllantirishda xalqaro metodologik standartlarni, tavsiyalarni o'rganish hamda ularni amalda qo'llash yuzasidan;

b) Agentlikning Portaldan O'zbekiston Respublikasi to'g'risida zarur axborotni olishda ichki va tashqi foydalanuvchilar uchun qulayliklar yaratish yuzasidan;

v) Davlat statistika qo'mitasining xalqaro tajribani va foydalanuvchilarning fikr-mulohazalarini inobatga olgan holda Portalda e`lon qilinadigan Ro'yxatning muntazam yangilanib turilishini ta`minlash yuzasidan shaxsan javobgarligi belgilab qo'yilsin.

8. Agentlik 2019 yil 1 avgustga qadar Davlat statistika qo'mitasi bilan birgalikda ma`lumotlar to'plami va ular egalarining yagona reestrini shakllantirgan holda barcha turdagi hisobotlar hamda ma`lumotlar bazalari integrasiyalashtirilishini nazarda tutuvchi ma`lumotlarni boshqarish davlat tizimini yaratish bo'yicha “Yo'l xaritasi”ni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun kiritsin.

9. Ushbu qarorning 2-ilovasida ko'rsatilgan vazirlik va idoralar Agentlik hamda Davlat statistika qo'mitasi bilan birgalikda:

2019 yil 10 mayga qadar iqtisodiyot tarmoqlaridagi joriy ijtimoiy va iqtisodiy o'zgarishlarning miqdor, sifat va mazmunga oid parametrlarini tavsiflovchi xalqaro ko'rsatkichlarni ushbu indikatorlar mavjudligi yoki yo'qligini aniqlash nuqtai nazaridan o'rganib chiqsin;

2019 yil 20 mayga qadar iqtisodiyot tarmoqlaridagi ijtimoiy va iqtisodiy vaziyatning xalqaro ko'rsatkichlarini o'rganish asosida Portalda joylashtiriladigan Ro'yxatni zarur axborot (indikatorlar) bilan, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarida foydalaniladigan ma`lumotlar bazalari tizimlari bo'yicha axborot bilan to'ldirsin;

2019 yil 1 iyunga qadar mavjud bo'lmagan indikatorlarni shakllantirish metodikasini o'rgansin hamda keyinchalik Portalda joylashtirish uchun ularni ishlab chiqish bo'yicha zarur choralarni ko'rsin.

10. Ushbu qarorning 3-ilovasida ko'rsatilgan mas`ul ijrochilar Agentlik va Davlat statistika qo'mitasi bilan birgalikda 2019 yil 20 mayga qadar “Ochiq ma`lumotlar global indeksi” va “Ochiq ma`lumotlar barometri” metodikasining asosiy yo'nalishlariga muvofiq ma`lumotlar ochiqligi holatini o'rganib chiqsin va tahlil qilsin hamda mavjud ma`lumotlarni Portalda e`lon qilsin.

11. O'zbekiston Respublikasi Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi:

O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2019 yil 1 iyulga qadar yagona metodologik yondashuvni ishlab chiqish va keyinchalik Portalda joylashtirish uchun ulardan foydalanishni inobatga olgan holda hududning investisiyaviy salohiyatini to'la-to'kis ochib beruvchi axborot va materiallar ro'yxatini Davlat statistika qo'mitasi va Agentlikka kiritsin;

Portalni takomillashtirish, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining ochiq ma`lumotlar sohasidagi faoliyatini baholash uchun xalqaro moliya institutlari, donor mamlakatlarning mablag'larini, shu jumladan, grantlari (texnik ko'magi)ni jalb etishda Davlat statistika qo'mitasiga ko'maklashsin.

12. Davlat statistika qo'mitasi va Agentlik:

a) 2019 yil 1 iyunga qadar:

Portalda joylashtirishning aniq muddatlari va shakllarini belgilagan holda Ro'yxatni tasdiqlasin;

xalqaro ma`lumotlar bazalarini qo'shimcha ravishda o'rganib chiqsin 
va axborotning yangi parametrlarini ishlab chiqish choralarini ko'rib, keyinchalik ularni Ro'yxatga kiritsin;

O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda O'zbekiston Respublikasining 2020 yildan boshlab “Ochiq ma`lumotlar global indeksi” va “Ochiq ma`lumotlar barometri” xalqaro reytinglarida ishtirokini ta`minlash bo'yicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin;

b) uch oy muddatda Ochiq ma`lumotlar puxtaligi modeli (“Open Data Maturity Model”) hamda boshqa xalqaro amaliyotlar asosida davlat organlari va tashkilotlarining ochiq ma`lumotlar sohasidagi faoliyatini baholash mexanizmini ishlab chiqsin va joriy etsin hamda natijalarni har chorakda Portalda e`lon qilib borsin;

v) davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan ochiq ma`lumotlarning joylashtirilishi va muntazam yangilab turilishi ustidan doimiy monitoring qilinishini ta`minlasin.

13. O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

Davlat statistika qo'mitasining 2019 yilda ushbu qarorni amalga oshirish doirasidagi sarf-xarajatlari uchun O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlari doirasida mablag'lar ajratsin va 2020 yildan boshlab har yili zarur byudjet mablag'larini nazarda tutsin;

har yili tasdiqlanadigan Davlat statistika ishlari dasturining qiymatini hisoblashda eng kam ish haqi miqdorlari yanada oshirilganini inobatga olsin;

7-ilovaga muvofiq, Davlat statistika qo'mitasida yangilanishi lozim bo'lgan axborot-kommunikasiya tizimlari uskunalarini xarid qilish uchun 2020-2021 yillarda Davlat byudjetidan Davlat statistika qo'mitasiga zarur mablag'lar ajratilishini ta`minlasin.

14. Davlat statistika qo'mitasi tomonidan davlat statistika organlarining axborot-kommunikasiya infratuzilmasini modernizasiya qilish uchun belgilangan tartibda tuziladigan ro'yxatlar bo'yicha olib kelinadigan, O'zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan kompyuter texnikasi, server va kommunikasiya uskunalari, dasturiy ta`minot vositalari hamda ularning ehtiyot qismlari va butlovchi buyumlari 2022 yil 1 yanvarga qadar bojxona to'lovlaridan (qo'shilgan qiymat solig'i va bojxona yig'imlaridan tashqari) ozod qilinsin.

15. Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

ikki oy muddatda o'z binolariga ega bo'lmagan hududiy statistika organlarini joylashtirish choralarini ko'rsin;

hududiy statistika organlarining davlat tasarrufidagi binolar va xonalardan foydalanganligi uchun ijara haqi qiymatini “nol” stavkada belgilasin.

16. O'zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo'mitasi, Agentlik hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligining:

2020-2021 yillarda YuNISEF bilan hamkorlikda O'zbekiston Respublikasida multiindikator klaster tekshiruvlarini o'tkazish;

O'zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo'mitasi huzuridagi Kadrlarni qayta tayyorlash va statistik tadqiqotlar markazi negizida belgilangan shtat birliklari soni doirasida O'zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo'mitasi huzuridagi Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar institutini (keyingi o'rinlarda – Institut) tashkil etish to'g'risidagi takliflariga rozilik berilsin.

17. Quyidagilar Institut faoliyatining asosiy vazifalari va yo'nalishlari etib belgilansin:

davlat statistika organlari hamda boshqa vazirlik va idoralar xodimlarining bilim va ko'nikmalarini rivojlantirish hamda takomillashtirishni, shuningdek, kasb mahorati yuksak darajada bo'lishini ta`minlaydigan tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tashkil etish;

statistika borasidagi ko'nikmalarni rivojlantirish, tahliliy fikrlash qobiliyatini shakllantirish va ularni amaliyotda qo'llashga yo'naltirilgan, asosan ixtisoslik fanlaridan iborat bo'lgan zamonaviy ta`lim standartlari va sifat jihatidan yangi o'qitish tizimini joriy etish;

statistika sohasidagi ilg'or tajriba va ilmiy-tadqiqot yutuqlarini ayirboshlash, shuningdek, mutaxassislar tayyorlash, ularning malakasini oshirish va stajirovka o'tashi bo'yicha mahalliy va xorijiy ilmiy hamda ta`lim muassasalari, xalqaro statistika tashkilotlari bilan hamkorlik qilish;

milliy darajada qo'llanilayotgan metodologik vositalar, davlat va idoraviy statistik kuzatuvlarni xalqaro darajada uyg'unlashtirish, moslashtirish va qiyoslash nuqtai nazaridan ularni malakali ekspertizadan o'tkazish;

keyinchalik amaliyotda qo'llash uchun ilg'or statistika metodlari va texnologiyalari, shuningdek, ochiq ma`lumotlar sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda innovasion ishlanmalarni amalga oshirish.

18. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

a) Davlat statistika qo'mitasi bilan birgalikda:

2019 yil 1 iyulga qadar Portalda tegishli axborotni e`lon qilish va yangilash tartibini buzganlik uchun ma`muriy javobgarlik belgilanishini, shuningdek, noto'g'ri davlat statistika hisobotlarini taqdim qilganligi uchun davlat organlari mansabdor shaxslarining javobgarligini kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini;

2019 yil 1 dekabrga qadar ilg'or xorijiy tajribani inobatga olgan holda “Rasmiy statistika to'g'risida”gi qonun loyihasini;

b) O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi bilan hamkorlikda 2019 yil 1 oktyabrga qadar “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to'g'risida”, “Axborotdan foydalanish kafolatlari va erkinligi to'g'risida”gi hamda “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to'g'risida”gi qonunlarning, shuningdek, axborotni tarqatishga taalluqli boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning me`yorlari unifikasiyalashtirilishini nazarda tutuvchi axborotni tarqatish sohasidagi qonun loyihasini ishlab chiqsin hamda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritsin.

19. Davlat statistika qo'mitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

a) quyidagilar:

O'zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo'mitasi huzuridagi Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti faoliyatini tashkil etish;

2020-2021 yillarda YuNISEF bilan hamkorlikda O'zbekiston Respublikasida multiindikator klaster tekshiruvini o'tkazish to'g'risidagi hukumat qarori loyihasini;

b) qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o'zgartirish 
va qo'shimchalar to'g'risidagi takliflarni O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

20. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari – moliya vaziri J.A.Qo'chqorov zimmasiga yuklansin.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh.MIRZIYoEV

Toshkent shahri,

2019 yil 9 aprel

Boshqa xabarlar