«Eng faol yosh ishchi kasb egasi»

298

O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi, O'zbekiston Yoshlar ittifoqi hamda Oliy va o'rta maxsus ta`lim vazirligi Kasb-hunar ta`limi markazi bir qator vazirlik va tashkilotlar bilan hamkorlikda yoshlarning xalqaro standartlar asosida kasblar egallashi, kasbiy mahoratini oshirishga keng imkoniyat yaratish, qobiliyatlilarni aniqlash va rag'batlantirish maqsadida «Eng faol yosh ishchi kasb egasi» tanlovini o'tkazadi.

Tanlovda «Kompyuter va kompyuter jihozlarini ishlatish va dasturiy ta`minoti bo'yi­­cha texnik», «Avtotransport vositalarini ta`mirlash va texnik xizmat ko'rsatish chilangari», «Umumqurilish ishlari ustasi», «Qurilish-pardozlash ishlari ustasi», «Ortopedik stomatologiya texnigi», «Oshpaz», «Sartaroshlik va dekorativ kosmetika ustasi», «Havo kemalari va aviadvigatellarini texnik ishlatish bo'yicha aviasiya texnigi», «Qishloq xo'jaligi mashina va jihozlariga xizmat ko'rsatish mexanigi», «Sug'urta agenti», «Buxgalter», «Neft va gazni qayta ishlash mashina va jihozlari mexanigi», «Kimyoviy tahlil laboranti», «Elektromontyor», «Rassom», «Temir yo'l vagonlariga xizmat ko'rsatish va ta`mirlash mexanigi», «Kon ishlari bo'yicha usta» nominasiyalari bo'yicha 16 yoshdan 25 yoshgacha bo'lgan xodimlar hamda kasb-hunar ta`limi muassasalari o'quvchilari ishtirok etishlari mumkin.
Tanlovda qatnashish istagida bo'lganlar tanlov nominasiyasi nomi ko'rsatilgan holda o'zi istiqomat qiladigan tuman (shahar) kasaba uyushmasi kengashiga (tashkiliy qo'mita) tegishli hujjatlarni joriy yilning 20 apreliga qadar taqdim qilishi kerak.
Kasb-hunar ta`limi muassasalari o'quvchilari hujjatlarni o'zlari tahsil olayotgan o'quv muassasasi qoshidagi komissiyaga topshirishi tavsiya etiladi.
Tanlov uch bosqichda, ya`ni tuman (shahar), korxonalarda, Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida hamda respub­lika tarmoqlari miqyosida o'tkaziladi. G'oliblar tashkilotchilarning diplom hamda esdalik sovg'alari bilan taqdirlanadi.

Tanlov to'g'risida batafsil ma`lumotlar bilan Kasaba uyushmalari Federasiyasining internet tarmog'idagi www.kasaba.uz portali orqali tanishishingiz yoki Kasaba uyushmalari Federasiyasining (71) 256-76-57, 252-78-39, 252-21-19 telefon raqamlariga murojaat qilishingiz mumkin.

Boshqa xabarlar