Mehnat munosabatlari: Yangi bosqichning ustuvor vazifalari

120

Shu yilning 8-10 aprel kunlari Samarqand yana bir yirik anjumanning mezboni bo'ldi. O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda XMTning Mehnat sohasi istiqboli masalalari bo'yicha global komissiyasining «Porloq kelajak uchun ishlash» deb nomlangan ma`ruzasi muhokamasiga bag'ishlangan «Tez o'zgaruvchan mehnat sohasi: muammo va yechimlar» mavzusidagi milliy konferensiya hamda «Transmilliy korporasiyalarga va ijtimoiy siyosatga taalluqli prinsiplar to'g'risidagi uchtomonlama deklarasiyasi: kasaba uyushmalari uchun harakatlar vositasi» mavzusida xalqaro seminar bo'lib o'tdi.

PORLOQ KELAJAK POYDEVORI

Samarqand shahridagi Yoshlar markazida O'KUFK tashabbusi bilan Xalqaro mehnat tashkiloti tashkil top­ganining yuz yilligi oldidan XMT mehnat sohasi istqboli masalalari bo'yicha global komissiyasining «Porloq kelajak uchun ishlash» nomli ma`ruzasi muhokama qilindi.
Unda Xalqaro mehnat tashkiloti vakillari, vazirlik, idoralar, ish beruvchi tashkilotlar va kasaba uyushmalari vakillari ishtirok etdi.
Konferensiyani O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi raisi o'rinbosari Baxtiyor Mahmadaliev ochdi. U mamlakatimizda mehnat munosabatlarida ro'y bergan tub o'zgarish­lar, munosib mehnat sharoiti yaratilishi, mehnat sohasidagi qonunchilikning takomillashuvi hamda majburiy mehnatga qarshi amalga oshirilgan ishlarga to'xtalib o'tdi.
Shundan so'ng XMTning mehnatkashlar faoliyati bo'yicha byurosi (AKTRAV) direktori o'rinbosari Anna Biondi, XMTning mehnatkashlar faoliyati bo'yicha byurosi (AKTRAV)ning Yevropa va Markaziy Osiyo sektori mudiri Sergeyus Glovaskas, ushbu tashkilotning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari byurosining mehnatkashlar faoliyati bo'yicha mutaxassisi Gocha Aleksandriya, XMTning «O'zbekis­tonda Munosib mehnat bo'yicha mamlakat dasturi amalga oshirilishiga ko'maklashish» loyihasi katta texnik maslahatchisi Anton Xauzen Mehnat sohasi istiqboli bo'yicha global komissiyasining ma`ruzasida istiqbolga ta`sir ko'rsatuvchi omillar, istiqbolli g'oyalarni ilgari surish va amalga oshirishda mintaqaviy fao­liyat, mamlakatda munosib mehnat dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar xususida so'z yuritdi.
Xalqaro konferensiya ishtirokchilari mehnat sohasidagi muhim jihatlarga alohida e`tibor qaratdilar.

UChTOMONLAMA DEKLARASIYa MOHIYaTI

O'KUFK hamda Xalqaro mehnat tashkiloti hamkorligidagi umummehnat e`tirofiga bag'ishlangan xalqaro seminar ham munozara, fikr-mulohazalarga boy va ochiq muloqotlar asosida o'tdi.
Unda xalqaro tashkilotlar, Xalqaro kasaba uyushmalari konfederasiyasi, Markaziy Osiyo davlatlari kasaba uyushmalari Federasiyalari va respublika kasaba uyushma vakillari ishtirok etdi.
Xalqaro mehnat tashkilotining «Transmilliy korporasiyalarga va ijtimoiy siyosatga taalluqli prinsiplar to'g'risida»gi uchtomonlama deklarasiyasi: kasaba uyushmalari uchun amaliy harakatlar vositasi» mavzusidagi tadbirda O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi raisining o'rinbosari Baxtiyor Mahmadaliev ma`ruzasi tinglandi.
O'zbekistonda mo'`tadil mehnat muhiti yaratish, mehnat munosabatlariga daxldor muhim yo'nalishlarni belgilab olishda davlat tashabbuskor bo'layotgani amalda o'z ifodasini topmoqda. Ta`kidlanganidek, mehnat tengligi, mehnatga haq to'lash tizimidagi islohotlar real sektor rivojida ham ko'zga tashlanmoqda. Ta`sirchan chora-tadbirlar orqali ishlash huquqlarining haqqoniy yoki imkoniy nomaqbul ta`sirlariga mutloq barham berilmoqda.
Xalqaro seminarda XMTning Mehnatkashlar faoliyati bo'yi­­cha byurosi (AKTRAV) direktorining o'rinbosari Anna Biondi Xalqaro mehnat tashkilotining «Transmilliy korporasiyalarga va ijtimoiy siyosatga taalluqli prinsiplar to'g'risida»gi uch tomonlama deklarasiya»si: mazmuni va amalga oshirish mexanizmi» mavzuidagi taqdimotini o'tkazdi.
XMTning KMK to'g'risidagi ­deklarasiyasi ishchilarga nima beradi? Asosiy konvensiyalarni korxonalarga qo'llash amaliyoti, sohaviy tavsiya­lar, huquqiy o'rganish va chora ko'rish imkoniyatlari, xalqaro global asosiy bitim va boshqa bir qator kons­truktiv omillar ishtirokchilarga aniq misollar orqali tushuntirib berildi.
Xalqaro kasaba uyushmalari Federasiyasi vakili Zuzanna Mariya Muskat-Gorska, mehnat normalari, TMKlarda kasaba uyushma vakilliklarini ta`minlash, xodimlar huquqlarini himoya qilish borasidagi faoliyatni yo'lga qo'yish tamoyillari xususidagi dunyo tajribasi to'g'risida atroflicha so'z yuritdi.

MINTAQADAGI TALAB VA EHTIYoJ

Xalqaro seminarning yana bir muhim mavzusi mintaqada xalqaro mehnat normalarini amaliyotda qo'llash asos­lari bo'ldi.
XMTning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari byurosining mehnatkashlar faoliyati bo'yicha mutaxassisi Gocha Aleksandriya, XMTning mehnatkashlar faoliyati bo'yicha byurosining Yevropa va Markaziy Osiyo sektori mudiri Sergius Glovaskas mintaqa kasaba uyushmalariga a`zolik holati va tarnsmilliy kompaniyalarda organayzing tendensiyasi tahlilini ko'rgazmali, solishtirma raqamlar orqali sharhlashdi.
Tadbirda mintaqa davlatlari kasaba uyushmalari vakillari o'z faoliyatida duch kelayotgan hayotiy masalalar va ularga yechim topishda amalga oshirilayotgan tadbirlar haqida fikr bildirdilar. Jumladan, Qirg'izistondagi «Kultor Gold Kompanii» korxonasi kasaba uyushma tashkiloti rahbari Kalisbek ­Rispaev ish beruvuchi va jamoat tashkiloti o'rtasidagi hamkorlik xususida gapirdi.
Tojikiston va Turkmanis­ton kasaba uyushmalarining vakillari ham bir qator investorlar tomonidan bir necha davlatlarda o'z korxonalari ochilgani va ularning asosiy boshqaruvi boshqa bir o'lkada bo'lishi oqibatida mehnatga munosib sharoit yaratishda kalavaning uchini topish qiyin bo'layotganini qayd etishdi.
Mintaqada sog'lom mehnat muhitini shakllantirish, hamkorlik darajasini yanada kuchaytirishning qator usullari bor. Xususan, O'zbekiston kasaba uyushmalari tomonidan bildirilgan «Harakatlarni uyg'unlashtirish maqsadida kelajakda Markaziy Osiyo davlatlari o'rtasida Mintaqaviy kengash platformasi prinsipiga asoslanib ishlaydigan tashkilotga asos solish kerak», degan taklif qatnashchilarga manzur bo'ldi.
Xalqaro seminar ishi yakunida tomonlar galdagi uchrashuvda mintaqa uchun yanada dolzarb masalalarni o'rtaga tashlashni kelishib oldilar.
– Anjuman ishtirokchilariga qadimiy va hamisha navqiron Samarqandning noyob durdonalari bilan tanishish imkoni ham yaratildi, – deydi Samarqand viloyati kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi kengashi raisi Suhrob Rafiqov. – Barchaning qalbida Samarqand sayohati unutilmas taassurotlar qoldirgani shubhasiz.

Nurilla ShAMSIEV,
«Ishonch»

Boshqa xabarlar