HECh KIM IJTIMOIY HIMOYaDAN ChETDA EMAS!

95

Qo'shnim
Akrom aka anchadan beri xorijda ishlaydi. Oilaning moddiy ta`minoti va kommunal to'lovlar
uning zimmasida. Bir qarashda Akrom akaning barcha ishlari joyidadek…. Ammo 5
yoki 10 yildan so'ng uning ahvoli nima kechadi? Aniqrog'i Akrom aka singari
yurtdoshlarimizga xotirjam keksalik kafolatlanganmi?

Mamlakatimizda aholini har tomonlama ijtimoiy himoyalash
tizimi tobora takomillashmoqda. Xususan, nafaqa tayinlash va berish sohasidagi
ishlar e`tirofga loyiq. Aholining qonunda belgilangan yoshga yetgan barcha qatlamlarini
nafaqa bilan ta`minlash — ularni munosib keksalik bilan ta`minlash deganidir.
Moliya vazirligi huzuridagi Pensiya jamg'armasi o'tkazgan matbuot anjumanida mazkur
masalaga atroflicha to'xtaldi. Aholini qiziqtirgan pensiya jamg'armasiga
to'lanadigan sug'urta, uni to'lashda fuqarolarga qanday erkinliklar yaratilgani haqdagi
savollarga javob berildi.

Pensiyaning nafaqadan nima farqi bor?

Ko'pchilik pensiya va nafaqani bir-biriga muqobil so'z
deb biladi. Aslida esa bu ikki so'z alohida-alohida holatni anglatadi. Pensiya fuqaro
amalga oshirgan ijtimoiy to'lovlardan kelib chiqib to'lanadigan mablag' hisoblansa,
ijtimoiy nafaqa aholining keksa qatlami yoki pensiya uchun yetarli ish stajiga ega
bo'lmagan fuqarolarga davlat tomonidan aniq va qat`iy miqdorda to'lanadigan yordam
pulidir.

7,5 barobar kamaygan sug'urta badali

– Ma`lumotlarga ko'ra, 14 million nafardan ziyod fuqaro
iqtisodiy faol. Ammo shulardan bor-yo'g'i 5 millioni pensiya jamg'armasiga ijtimoiy
badal to'lagan. Orada 9 million tafovut bor. Qaysidir sohada band bo'lgan shuncha
odamlar pensiya jamg'armasiga hissa qo'shmayapti va tabiiyki, ularga keksayganda
pensiya tayinlanmaydi. Mana shu dolzarb muammoni hal qilish, aholiga yengillik tug'dirish
maqsadida pensiyaga oid ko'plab yangi qarorlar qabul qilindi. Endi davlat ishida
band bo'lmagan, ijtimoiy badal to'lamagan fuqaroda ham pensiya yoshiga yetganida
moddiy ta`minlanish huquqi paydo bo'ldi, – deydi
Byudjetdan tashqari Pensiya jamg'armasining ijro etuvchi direktori o'rinbosari Shuhratjon
Davronov.
– Bu huquqni 2018 yil 5 iyulda qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining
46-qaroriga binoan 3839-sonli Prezident qarori qonuniylashtirdi. 2 million
nafardan ortiq fuqarolarimiz chet davlatlarda ishlaydi. Ular ilgari pensiya uchun
eng kam oylik ish haqining 12 baravari miqdorida ixtiyoriy to'lov qilishlari mumkin
edi. Biroq to'lov stavkasi yuqori bo'lgani uchun bu yangilik ommalashmadi.

Prezidentningsh yangi qarorida esa stavkalar keskin
pasaytirilib, eng kam oylik ish haqining 4,5 barobariga tushirildi. Mazkur yillik
to'lov bilan fuqaro bir yillik ish stajiga ega bo'ladi. Ya`ni, oldin 2 milliondan
ortiqroq mablag' to'langan bo'lsa, endi 912 ming so'm to'lanadi. Bu aholining barcha qatlamiga
engillik va qulaylik tug'diradi.

Samarali SMS

Bu qaror yaratgan imkoniyatdan shu kunga qadar 3 mingdan
nafardan ziyod fuqaro foydalangan. 2018 yilda bu ko'rsatkich 1500 nafarni tashkil qilgan
edi. Samaradorlikni oshirish maqsadida fuqarolarga respublika pensiya jamg'armasi qo'llanmalar
va eslatmalar SMS tarzida jo'natildi. Unda pensiya jamg'armasiga a`zo bo'lish,
to'lovlarni amalga oshirish mexanizmlari tushuntirilgan. Natijada qiziquvchilar va
to'lovni amalga oshiruvchilar soni keskin ko'paydi.

To'lash uchun kelish shartmi?

– Ko'pchilikda “badalni chet elda ishlab turib ham to'lash
mumkinmi?” degan savoli tug'ilmoqda. Qarorga muvofiq sug'urta badalini amalga
oshirish juda qulaylashtirilgan. Chet elda ishlayotgan fuqarolarning oila a`zolari
yoki ishonchli vakili sug'urta badalini to'lashi mumkin. Buning uchun yashash joyidagi hududiy
davlat soliq inspeksiyasiga xorijdagi fuqaroning pasporti bilan kelish kifoya.

Endi shaxsiy tomorqadagi ishga ham pensiya beriladi

6 million nafarga yaqin aholining tirikchiligi tomorqasi
tufayli o'tadi. Mana shunday toifadagilar uchun o'tgan yili aprel oyida “Fermer,
dehqon xo'jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha
chora-tadbirlar to'g'risida”gi qaror chiqdi. 2018 yil 1 iyuldan boshlab dehqon
xo'jaligi va 4 sotixdan kam bo'lmagan tomorqasida band bo'lgan yoki ushbu uchastkada qoramol
yoxud 50 boshdan kam bo'lmagan parranda parvarishlayotgan jismoniy shaxslar eng kam
oylik ish haqining bir barobari miqdorida yillik sug'urta badali to'lasa, o'sha yil
mehnat stajiga kiritiladigan bo'ldi.

Tartibga ko'ra, fuqaro birinchi navbatda o'zi yashab
turgan hududdagi mahalla fuqarolar yig'inidan nima ish bilan bandligi to'g'risida
ma`lumotnoma olishi kerak. So'ng pasporti va STIR (bo'lmasa STIRsiz) nusxalari
bilan hududiy davlat soliq inspeksiyalariga murojaat etib, to'lovlarni amalga
oshiradi.

Xorijda yoki shaxsiy tomorqada ishlaydigan kishilar,
ularning oila a`zolari, tadbirkorlarga yollanib ishlovchi fuqarolarimizga ko'plab qulayliklar
yaratilmoqda. Pensiya jamg'armasi va Soliq qo'mitasi o'rtasida o'rnatilgan elektron
aloqa shulardan biridir. Bundan buyon pensiya yoshiga yetgan fuqaro Pensiya jamg'armasiga
bir qancha qog'oz ko'tarib kelishi shart emas. Endilikda har qanday soliq to'lovlari
elektron shaklda amalga oshiriladi va hujjatlar inson uchun xizmat qiladi.

Mahliyo UMIRZOQOVA,
“Ishonch” muxbiri

Boshqa xabarlar