O'ZGA TILGA E`TIBOR

24

o'z ona tilini kamsitish hisobidan bo'lmasligi lozim

«Ishonch» gazetasining shu yil 14 martdagi sonida O'rol Sodiqning «Xalq ta`limi vaziriga ochiq xat»ini tak­ror va takror o'qidim. Bu borada o'zimning ham ko'pdan buyon yig'ilib qolgan fikrlarim bor edi.

O'tgan asr saksoninchi yillarida sobiq Sovet ittifoqi hududida ruslashtirish siyosati avjiga chiqqan edi. Barcha rasmiy hujjatlar rus tilida yuritilardi. Hatto majlislarni ham rus tilida o'tkazish odatga aylana boshladi. Bu bir qator kichik millatlarga fojia keltirdi. Tabiiyki, bizning ona tilimiz ham, tariximiz ham bu siyosatdan jiddiy ziyon ko'rdi.
Xayriyatki, mustaqillikka erishdik. O'zbek tilining davlat tili maqomiga ega bo'lishi Bosh qomusimizning 4-moddasiga muhrlab ­qo'yildi.
Ammo o'zimizni anglash jarayoni cho'zilib ketganidanmi, ona tilimizga hurmat va e`tiborimiz sus­tligidanmi, tilimizga yot so'zlar tobora ko'proq kirib bormoqda.
Bu qanday gapki, mamlakatimizdagi eng nufuzli ta`lim maskanida darslar ona tilimizda o'qitilmasa… Bu, birinchidan, «Davlat tili haqida»gi qonunga xilof emasmi?
Ikkinchidan, iqtidori va iste`dodi kuchli yoshlarni tarbiya­lashdan maqsad ularning Vatan taraqqiyotiga xizmatini kuchaytirish emasmi? Axir, o'z ona tili, o'z xalqining tarixini chuqur bilmaydigan, unga nisbatan hurmat va e`tiborli bo'lmagan odamning qalbida vatanparvarlik tuyg'usi nechog'lidir? Har holda, boshqa tillarni o'rganish ona tilimizga ziyon yetkazish hisobidan bo'lmasligi kerak. Ha, bugun ingliz tilining jahonda mavqei baland, ertaga uning o'rnini xitoy yoki bosh­­qa til egallashi mumkin. Demak, keyin xitoy tilini o'rganishga zo'r beramizmi? Nega biz o'z ona tilimiz obro'-e`tiborini oshirish o'rniga uni kamsitishimiz kerak?!

Rahim MAQSUDOV,
jurnalist
Qiziltepa tumani

Boshqa xabarlar