Qay tilda fikrlasangiz, shu millatga moyilsiz

153

yoxud ona tilining inson ma`naviyati va millat madaniyatiga ta`siri xususida

Xalq ta`limi vaziri Sherzod Shermatov «Feysbuk»dagi sahifasida Prezident maktablariga qabul jarayoni, bunda ingliz tilining ahamiyati haqida fikr bildirganiga bir oydan oshdi. Ammo ko'tarilgan mavzu dolzarb, vazirning yondashuvi esa biroz munozarali bo'lgani uchun hamon muhokama-yu bahslar davom etmoqda…
Ana shunday munosabatlarning biri sifatida 2019 yil 14 martda «Ishonch» gazetasida (34-son) chop etilgan O'rol Sodiqning «Xalq ta`limi vaziriga ochiq xat»i va unga Xalq ta`limi vazirligi Axborot xizmatining javobi menda ham ayrim mulohazalarni uyg'otdi.

Xalq ta`limi vaziri to'g'ri ta`kidlaganidek, hozir jamiyatda xorijiy tillarni, axborot texnologiyalarini bilgan kadrlarga talab va ehtiyoj katta. Bu o'z-o'zidan «karera qilaman, yaxshi maoshli ishda ishlayman» degan har qanday odamni til o'rganishga, zamonaviy texnologiyalarni puxta egallash choralarini ko'rishga majbur qiladi. Buni yoshlar ham, ota-onalar ham anglab yetdi. Ammo shu jarayonda, kaminada biroz andisha uyg'otgan bir masala o'rtaga chiqadi: biz xorijiy tillarga, ayniqsa, ingliz tiliga haddan ziyod ruju qo'ymayapmizmi?
Men ham ona sifatida farzandlarimning bir necha tilni bilishi tarafdoriman va bunga zarur sharoit yaratib berishga harakat qilaman. Lekin farzandlarimizga ta`limning boshqa tilda o'rgatilishiga e`tirozlarim bor. Negaki…
Birinchidan, o'z vatanimizda nega o'zga tilda ta`lim berishimiz kerak? Azbaroyi ingliz tili dunyoning katta qismida yashovchi xalqlar uchun aloqa vositasi sifatida xizmat qilgani uchunmi?
Ikkinchidan, ta`limning bosh­­qa tillarda berilishi, xohlaymizmi-yo'qmi, yoshlarda ona tilimizga bo'lgan noto'g'ri munosabatni ­shakllantiradi. Boisi, inson qaysi tilda ta`lim olsa, shu tilda ­fikrlaydi, o'sha tilga mansub bo'lgan millat ma`naviyatidan oziqlanadi. Saboqlar to'liqligicha ing­liz tilida o'tiladigan (boz ustiga, xorijlik ustozlar qo'l ostida) maktab­larda xalqimiz ertaklari, afsona-yu asotirlarimiz, adabiyotimiz va ko'hna tariximiz bor bo'y-basti, ohori bilan o'rgatilishini men tasavvur qila olmayman.
Qolaversa, ingliz tili birinchi o'ringa ko'tarilgan bu maktablarda ona tilimiz ikkinchi darajaliligicha qolaveradi. Bir necha tilda bir xil fikrlaydigan va yozadigan darajaga erishish esa noyob hodisa.
Ish yuzasidan ko'p mutaxassislar bilan muloqot qilishga to'g'ri keladi. Ming afsuski, ularning ba`zilari turli ilmiy unvon va darajalarga ega bo'lsa-da, o'z qarashlarini rus tilida yozib keladi yoki fikrini shu tilda bayon etadi. Sababini izohlash shart bo'lmasa kerak.
Oldimizda shunday ayanchli misol turganda ham nega farzandlarimizga ta`limni ona tilida berish, ayni vaqtda xorijiy tillarni chuqur o'rgatish haqida qayg'urmaymiz? O'tmishdan saboq chiqarmaymiz?
O'zga tilda ta`lim olganlarning aksariyatiga o'sha til tegishli bo'lgan millatning mentaliteti, ruhi, ma`naviyati singadi. O'sha xalqqa, uning qadriyatlariga xayrixohlik kayfiyati paydo bo'ladi. Aslida, bu yomon emas. Ammo bu o'z millatimiz, ma`naviyatimizdan uzilib qolish, yiroqlashish evaziga amalga oshirilmasligi kerak-da!
Yaqin o'tmishdagi ruslashtirish siyosati oqibatida ona tilimizga e`tibor susayib ketgani, hatto o'z tilimizda so'zlashishga or qiladigan darajaga tushib qolganimiz nahot unutildi?
Ayni holat inersiyasi tufayli ona tilimizning ­qadrini va qaddini hamon yetarli darajada tiklab ololmayotirmiz. Garchi «Davlat tili haqida»gi qonun qabul qilinganidan beri qariyb 30 yil o'tgan bo'lsa-da!
«Ingliztiliparastlik» bundan battar oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida qachon o'ylab ko'ramiz!?
Filologiya fanlari doktori Baxtiyor Mengliev «O'zbek tili yashab qoladimi?» maqolasida «o'zbek tili ham o'z yozuviga, davlat tili maqomiga egaligi, 30 million nafardan ortiq so'zlashuvchisi borligi»ni ta`kidlab, «uning axborot-kommunikasiya texnologiyalari, internet tili darajasiga ko'tarilmayotgani», natijada «ehtiyottalab tillar» qatoriga tushib qolganidan kuyinadi.
To'g'ri-da, o'z yurtimizda o'zga tilda ta`lim berishni afzal bilsak, buni zamon talabi, deya izohlasak, sohani yaxshi bilgan mutaxassisdan ko'ra, chet tilni bilgan xodimni afzal ko'rsak, rasmiy hujjatlar-u qonunlardan tortib oddiy xatni ham o'zga tilda yozib, so'ng ona tilimizga tarjima qilsak, o'zbek tili gullab-yashnaydimi?! Aksincha, vaziyat shu tarzda davom etaversa, ona tilimiz «xavfga chalingan» yoki xudo ko'rsatmasin, «o'layotgan tillar» qatoriga tushib qolmaydimi?! Buning uchun keyin kim javob beradi? Til, ma`naviyat singari nozik masalalarda adashishga, o'tmishdagi xatolarni takrorlashga aslo haqqimiz yo'q!
Yaqinda bir matbuot anjumanida vazir «ingliz tilisiz ­dunyoga chiqib bo'lmas»ligi, «Ing­liz tilini o'rganing degani — ona tilini o'qimang degani emas»ligini ta`kidladi. Albatta, Behbudiy aytganidek, bir til bilgan — bir kishi, ikki til bilgan — ikki kishi. Lekin xorijiy til, vazir qo'shimcha qilganidek, zinhor «farzandlarimiz o'sib-unishi, bir chetda qolib ketmasligi»ning kafolati emas! Ta`limni o'zga tilda olish o'z oilasini qo'shnining irodasi bilan yaxshi ko'rishday gap.
Biz shusiz ham milliy g'urur nuqtai nazaridan bir necha avlodni yo'qotib bo'ldik. Qilgan xatolarini «o'zbekchilik-da endi» deb milliy mansubligiga to'nkaydiganlar ko'payib ketdi. O'zbek tilini yaxshi bilmaydigan, bilmasligidan uyalmaydigan (!), oddiy matndan tortib ism-sharifigacha xato yozadigan o'quvchilarga, talabalarga, ­mas`ul ishlarda ishlayotgan kadrlarga ega bo'ldik. Mamlakat hayotiga doir yangiliklarni uzatadigan ommabop saytlar imlo xatolarga to'la materiallarni chop etmoqda. Bularning barchasi o'sha xatolarimizning in`ikosi emasmi?
Istagan viloyatning istagan tumani, eng chekka hududiga boring, Sizni «Open» deb yozilgan do'konlar, «Chayxana prodayotsya» qabilidagi e`lonlar kutib oladi. Sababini so'rasangiz, yo'lda o'tib ketishi mumkin bo'lgan sayyoh tushunishi uchun yoki boshqa til egalari xafa bo'lmasligi uchun deydi. Qiziq, Angliya yo AQShda o'tib borayotgan o'zbek tushunishi uchun «Ochiq» deb yozilgan do'konlar soni nech­ta ekan? Dunyoning qay burchida, bizni xafa bo'lmasin deb, «Kafe sotilmoqda» shaklida e`lon berildi? Yoki davlat xizmatlari uchun to'ldiriladigan qog'ozlar, guvohnomalar, davlat xizmatlari negadir tilida taqdim etiladi. Nega?! Davlat tili o'zbek tili emasmi yoki? Bu muammolarning ildizi faqat ona tilimizning obro'si yetarli darajada emasligidan-ku?!
Agar xorijiy tilsiz farzand­larimiz o'sib-unmaydi, bir chetda qolib ketadi, deb hisoblasak, ahvol hozirgidan battar bo'lishi, o'z davlat tilida savodsiz millat shakllanishi aniq. Xorijiy tilga davlat tilini mahv etish darajasida e`tibor qaratilishi milliy g'ururni yo'qotishga olib keladi.
Yurtimizning turli hududlarida yangi avlod kadrlarini tayyorlovchi Prezident maktablari tashkil etilayotgani quvonarli hol. O'ylaymanki, bunday maktab bitiruvchilari mamlakatimiz rivojini ta`minlashga va uning xalqaro hamjamiyatdagi nufuzini ko'tarishga munosib hissa qo'shadi. Davlatimiz rahbarining «Prezident maktablarini tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida»gi qarorida «o'quvchilarda vatanparvarlik va Vatanga muhabbat tuyg'usini, bag'rikenglik, qonunlar, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan munosabatni, hayotga qat`iy ishonch va ­qarashlarni shakllantirish» bunday maktablarning asosiy vazifalaridan biri sifatida belgilangan. Bu vazifani to'liq amalga oshirish uchun, bizningcha, o'quvchilar ona tilida ta`lim olishi, boshqa xorijiy tillar esa chuqur o'rgatilishi kerak. Millat bolasiga vatanparvarlik, milliy g'urur o'z ona tili orqali singdirilsagina ko'zlangan maqsadga erishish mumkin. Chunki insonning o'zi fikrlaydigan tilga nisbatan hurmati baland, shu tildagi qadriyatlarga moyilligi yuqori bo'ladi.
Yana bir gap. O'rol Sodiqning ochiq xatda bildirgan e`tirozlariga Xalq ta`limi vazirligi Axborot xizmati bergan javoblar o'z nochorligi bilan savol ustiga savol tug'diradi. Javobdagi

«oliy maqsadlarni ko'zlab, ing­liz tilini o'rganishga chorlash o'z ona tiliga bee`tibor bo'lish yoki vatanparvarlikka qarshi borish deb baholanishi noto'g'ri. Barchamizga ma`lumki, mamlakatimizda dunyoga mashhur ko'plab allomalar yashab o'tgan. Prezident maktablari ham kelgusida shunday allomalarni yetishtirib chiqaradigan maskanga aylanishi ko'zda tutilgan».

Ushbu matndagi birinchi gap bilan keyingi gaplar o'rtasida qanday mantiqiy bog'liqlik bor? Ular, aksincha, bir-biriga qarama-qarshi ma`no bermoqda.
Yoki «dunyoda fan-texnologiya sohasidagi yangiliklarning 90 foizdan ortig'i ingliz tilida chop etilishi» ta`limni ingliz tilida o'rgatish yoki unga ustuvorlik berishni taqozo etmaydi. Ona tilida ta`lim olib, uni mukammal biladigan, ingliz yoki xalqaro ahamiyatga ega bo'lgan boshqa tillarni ham puxta egallagan odam yangilik­lardan bebahra qolib ketadimi? Fan-texnika asrida yangiliklarning avval rus tiliga, keyin o'zbek tiliga tarjima qilinishini kim kutib o'tiradi?
Javob xatida yana shunday jumlalar keltirilgan:

«Ingliz tili dunyo bo'ylab keng tarqalgan va tobora tarqalib borayotgan til hisoblanadi. Jahondagi xalqaro ilmiy anjumanlar ham ingliz tilida olib boriladi. Barcha rivojlangan davlatlar maktabi, liseyi, kolleji hamda oliy ta`lim dargohida ingliz tili o'qitiladi».

Javob shu ingliz tilining «keng tarqalgani» va «tobora tarqalib borayotgani» ham, anjumanlarning shu tilda o'tkazilishi ham milliy tilni pisand qilmaslikka bahonai sabab bo'lolmaydi.
Barcha rivojlangan mamlakatlarda ingliz tili o'qitilishi tabiiy hol. Chunki o'sha davlatlarning ko'pchiligida ingliz tili davlat tili. Qolganlarida esa, matnda ko'rsatilganidek, «ingliz tili o'qitiladi», ta`lim ingliz tilida berilmaydi!!! Vatanni rivoj­lantirish, farzandlarimizni barkamol qilib voyaga yetkazish aslo xorijiy tilga bog'liq emas. Jajji shaxmatchi aka-uka Sindorovlar ingliz tilisiz ­dunyoga tanildi, o'zini e`tirof ettirdi. Munojot Yo'lchieva jahon sahnalarida o'zbek tilida qo'shiq aytib yuraklarni junbushga keltirmoqda. olti asrdirki, Alisher Navoiy dunyoni o'zbek tilida maftun qilmoqda. O'zbek tilini maxsus o'rganib, Navoiy asarlarini tadqiq etayotgan tadqiqotchilarni aytmaysizmi?! O'zbek tilida o'rganish shart bo'lgan, tadqiq qilishga arziydigan yuzlab nusxa nodir qo'lyozmalar, betakror asarlar ­navbatini kutib, tokchalarda chang bosib yotibdi.
Shularni o'rganish ham Vatanni sevish, Vatanga xizmat qilish, uni rivojlantirish yo'lidagi asosiy qadam, aslida. Xorijiy tildan xabardorlik, bu ilm degani emas.
Ta`lim sohasining ulug' ustozi Abdulla Avloniy bir asr oldin «Har bir millatning millat ekanligini ko'rsatadurg'on oinai jahoni uning tili va adabiyotidir. Tilni yo'qotmak, millatni yo'qotmak demakdir. Til yashasa, millat yashar» degan edi. Bugun ham, ertaga ham, bu purma`no so'zlar o'z ahamiyatini yo'qotmaydi. Biz shuni anglab yetsak bo'ldi…

Shahnoza ERGAShEVA,

filologiya fanlari nomzodi

Boshqa xabarlar