Tajriba almashildi

122

Ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy muhofazaning qay yo'nalishida oqsashlar bor, muammolarni yechishda dunyo taj­ribasi qanday? Samarqandda tashkil etilgan galdagi ijtimoiy hamkorlikka doir muloqotda shu kabi masalalar muhokama etildi. Rossiyaning Nijegorod oblasti kasaba uyushmalari kengashi vakillari ishtirokidagi ushbu tadbirda tomonlar ijtimoiy, turizm va boshqa sohalarda hamkorlikni yo'lga qo'yishga kelishib oldi.

Uchrashuvda Samarqand viloyati kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi kengashi raisi Suhrob Rafiqov, O'zKUFK tashkiliy ishlar bo'limi mudiri Ravshanbek Samarbekov, Iste`mol tovarlari ishlab chiqaruvchilar, savdo va xizmat ko'rsatish sohasi xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi raisi Ulug'bek Muhammedov, Sog'liqni saqlash, kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashlari vakillari ishtirok etdi. Muloqot avvalida mehmonlarga mamlakatimizda kasaba uyushma tashkilotlari amalga oshirayotgan ishlar, ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi islohotlar xususida ma`lumot berildi.
– Dunyodagi barcha kasaba uyushmalarining eng oliy shiori bu – insonlarga naf keltirish. Ana shu ezgu maqsad barcha jamoat tashkilotlarini bir yoqadan bosh chiqarib ishlashga, ilg'orlar tajribasini o'rganishga undaydi, – deydi Nijegorod oblasti kasaba uyushmalari kengashi raisi Anatoliy Sokolov. – Sizlar bilan qariyb uch ming yillik tarixga ega Samarqandda uchrashib turganimizdan mamnunmiz. Safimizda qator tarmoq kasaba uyushmalari boshlang'ich tashkilotlari rahbarlari bor. Ular o'zbekistonlik hamkasblari amalga oshirayotgan ishlardan xabardor bo'ldi. Ba`zi jihatlarda sizlarga havasimiz kelgani ham ayni haqiqat. Ayniqsa, jamoat tashkiloti vakillari orasida deputatlarning ko'pligi e`tiborga molik. Afsuski, bu borada bizda oqsashlar bor. Uchrashuvdan olgan muhim taassurotlarimdan yana biri, bu O'zbekistonda kasaba uyushmalari yetarlicha mavqega egaligidir. Qolaversa, ijtimoiy sheriklarning jamoat tashkilotiga xayrixohligi ham tahsinga loyiq.

Hamkasblar kelishuv va bitimlar, jamoa shartnomasi orqali mehnatkashlarga berilayotgan imtiyoz va afzalliklar xususida ham gaplashib olishdi. Ayollarning gender teng­ligi, ishlovchi ayollarga ish beruvchilarning qo'llayotgan imtiyozlari muhokama etildi. Tarmoq va taraf kelishuvlar ahamiyatiga to'xtalib o'tildi.
– Sayyoramizdagi muazzam zaminda mehmon bo'ldik. Bu yerdagi ko'hna Sharq madaniyati, tarix solnomalarida muzaffar bitiklar qoldirgan allomalar maqbaralarini ziyorat qildik, – deydi «Nijniy Novgorod gaz sanoati» ochiq aksiyadorlik jamiyati kasaba uyushma tashkiloti raisi Maksim Varon. – Viloyatda kasaba uyushmalarining yangi binosida xodimlarga yaratilgan sharoit bilan tanishdik. Ular amalga oshirayotgan ishlarga qiziqishimiz ortdi.
Uchrashuvda «MAN UZBEKISTAN» avtomobil zavodi kasaba uyushma tashkiloti yetakchisi Mahmud Barotov, «Kasaba sayr» sho'`ba korxonasi rahbari To'lqin Xidirov hamkorlik aloqasi, turizm yo'nalishlarida harakatlarni birlashtirish xususida so'z yuritdi.
– Samarqandda kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi qoshida «Kasaba ziyo» o'quv markazi fao­liyati yo'lga qo'yilgan ekan, — deydi «Nijegorod» o'quv-metodik markazi rahbari Larisa Belokopitova. – Biz ham ana shunday ijtimoiy va mehnat muhofazasi yo'nalishida o'quvlar tashkil etamiz. Hamkasblarimiz bilan uchrashib kelgusida bu sohada hamkorlikni yo'lga qo'yish borasida fikrlashib oldik.
Ikki davlat kasaba uyushmalari vakillari o'rtasida kechgan qizg'in uchrashuvda hamkorlik aloqalarini yanada kuchaytirish lozim, degan qarorga kelindi.

Nurilla ShAMSIEV,
«Ishonch»

Boshqa xabarlar