Turkiya manzaralari jurnalistlar nigohida

93

O'zbekiston va Turkiya. So'nggi yillarda bu ikki davlat o'rtasidagi aloqalar yangi bosqichga ko'tarilib, har tomonlama rivojlanib bormoqda. Turkiya Res­publikasining mamlakatimizdagi elchixonasi o'tgan ikki yil mobaynida 30 nafarga yaqin o'zbekistonlik jurnalistning Turkiyada tashkil qilingan turli tadbirlarda ishtirok etishiga ko'maklashdi.

Toshkent Fotosuratlar uyida Turkiya Respublikasining O'zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati tomonidan uyushtirilgan «Turkiya o'zbekis­tonlik jurnalist va fotorassomlar nigohida» deb nomlangan fotoko'rgazmada 500 taga yaqin suratlar ichidan saralari tanlanib, xalqimiz e`tiboriga havola etildi. Taniqli fotorassomlar Tursunali Qo'ziev, Farhod Qurbonboev, Husniddin Ato va Abduvali Saybnazarov kabi ko'plab o'z kasbining mohir ustalari asarlari hech kimni befarq qoldirmadi.
Tadbirda Turkiya Respub­likasining O'zbekistondagi elchixonasi ushbu davlatning shahar va qishloqlarida yashovchi xalqning yashash tarzi, tabiati, me`morchiligi aks etgan turli surat mualliflariga sertifikatlar topshirdi.
Xalqimizni turk madaniya­­ti, urf-odatlari, marosimlari va me`morchilik an`analari bilan yaqinroq tanishtirish va davlatlar o'rtasidagi madaniy aloqalarni kuchaytirishni maqsad qilgan ko'rgazmaga suratlarni saralash jarayonida jurnalist nigohi qaratilgan ob`ektning dolzarbligi, mavzuning ahamiyati va asarning texnik sifatiga e`tibor berilgani alohida ta`kidlandi.
– Yaqin yillarda Turkiyada ikki bor bo'ldim. Bu xalqda vatanga muhabbat, davlat bayrog'iga hurmat nihoyatda kuchli ekani meni to'lqinlantirdi.Taassurotlarimni iloji boricha suratlarda muhrlashga harakat qildim. Bugungi ko'rgazmaga 9 ta ana shunday suratim tanlab olindi, – deydi O'zbekiston axborot agentligining Namangan viloyati bo'yicha fotomuxbiri Hotam Mamadaliev.
– Yana bir e`tirof etadigan jihati, aholi yashaydigan uylar, bozorlar, odamlarning o'sha damdagi holati, umuman, barchasi tabiiy olingan. Kishining e`tiborini tortadi, zavqlantiradi, kayfiyat beradi, – deydi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti talabasi Muxlisa Donaboeva.
Fotoko'rgazma 14 aprelgacha davom etadi.

Salim ABDURAHMONOV,
«Ishonch»

Boshqa xabarlar