Hayot – kamalakdek serjilo

83

«Inson ko'ngli guldan nozik», degan gap bor. Zero, chanqab turgan gul-u chechak obihayotdan barq urib yashnasa, inson qalbi e`tibor va bir og'iz shirin so'zdan shodlikka to'ladi. Davlatimiz rahbarining 2017 yil 12 sentyabrdagi «Aholining kam ta`minlangan qatlamlarini qo'llab-quvvatlashga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi qarori ijrosi Andijon viloyatida ham yuzlab ehtiyojmand oilalarga quvonch, o'ksik ko'ngillarga yorug'lik baxsh etgani rost.

Manzilli dastur doirasida o'z xonadoniga ega bo'lmagan hamda nochor ahvolda umrguzaronlik qilayotgan 97 ta oilaga zamonaviy turar-joylar tuhfa etilgan bo'lsa, 560 nafar ko'makka muhtoj hamyurtimizning uylarida ta`mirlash ishlari nihoyasiga yetkazildi.
Mana shunday e`tibor va g'amxo'rlikdan bahramand bo'lgan Dilrabo Abdumalikova sinovli dunyoning tashvishlariga ko'p ro'para keldi. Boquvchisidan ajralgan ayol uch yildirki, Xo'jaobod tumanida ijara uyda istiqomat qilib, ikki nafar farzandini yolg'iz tarbiyalayotgan edi. Ana shunday holatda hayot kechirayotgan oila bekasining ro'zg'ordan orttirib turmush ­sharoitini yaxshilashga imkon topa olishini tasavvur etib ko'ring. Bu oila Xo'jaobod tumanining Bobur nomidagi mahalla fuqarolar yig'inida qad rostlagan namunaviy uy-joylardan biriga beminnat ko'chib kirishi haqidagi mujdani eshitgan kuni ona-bolalarning ko'zlariga quvonchdan yosh keldi.
– Baxtni har kim o'zicha tasavvur qiladi, – deydi Dilrabo Abdumalikova. – Haqiqiy baxt tevarak-­atrofda sen haqingda qayg'uruvchi, yaxshilik ulashishga intiluvchi ezgu niyatli kishilarning mehrini, ­e`tiborini his qilishda ekan! Ko'p yillik orzumiz ushalganidan beqiyos mamnunmiz. Mana shunday farahbaxsh, unutilmas kunlar uchun Prezidentimizga ming rahmat.
Ulug'nor tumanida yashovchi Bahodir Marto'g'ilov uzoq vaqtdan beri shaxsiy turar-joyga ega bo'lish orzu­sida yashayotgan edi. Oila vakillari norasmiy masjid binosida istiqomat qilgani, bu hol imkoniyati cheklangan xonadon sohibini tobora umidsizlikka tushirib qo'ygani bor gap.
Endi Marto'g'ilovlar oilasi uchun ham har kuni bayram, dunyo – kamalak rangidek jozibali. Ulug'nor tumanining «Cho'lobod» aholi punktida yangilangan namunaviy loyihalar asosida barpo etilgan uch xonali shinam uy-joylardan biriga ko'chib kirishgan kun katta shodiyonaga aylandi. Yangi hovlini tantanali topshirish marosimida mahalliy hokimlik, jamoatchilik hamda kasaba uyushma faollari oila vakillariga samimiy qutlovlarini bildirib, sovg'a-salomlarni tuhfa etdilar. Ayniqsa, oilaning yolg'iz farzandi bo'lgan jajji Sarvinozning sho'x kuy-qo'shiqlarga raqsga tushishini ko'rib, barcha mehmonlarning dili yashnadi.

– Prezidentimizning qarori ijrosini to'liq va sifatli ta`minlashda viloyat hamda tuman hokimlik­lari bilan yaqindan hamkorlik yo'lga qo'yilganini ta`kidlash zarur, – dey­di Andijon viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi raisi Shokirjon Boltaboev. – Manzilli ro'yxatni shakllantirishda shaffof­likni ta`minlashga, uy-joy qurish uchun o'z vaqtida yer maydonlari ajratilib, qurilish hamda kommunikasiya tarmoqlariga ulash jarayonida sifatli ish tashkil etishga jiddiy e`tibor qaratildi.
– Bu dunyoda mehr-u oqibatdan ulug' tuyg'u yo'qligiga yana bir karra amin bo'ldim, – deydi Qo'rg'ontepa tumanida yashovchi Shahnoza Mo'minova. – Uch nafar farzand bilan ijarama-ijara ko'chib yurish borgan sari tushkunlikka tushirib, irodamni bukib kelayotgan edi. Chunki o'zgalarning uyida, birovning qosh-qovog'iga qarab yashashdan qiyin narsa yo'q. Nihoyat, orzularimiz ushaldi. Tumanimizning «Uchqun» mahallasida barpo etilgan namunaviy turar-joylardan biri beg'araz taqdim etilganidan boshim ko'kka yetdi. Shinam uylarda yashash kishining ­dunyoqarashiga, hayot tarziga ham ijobiy ta`sir qiladi, albatta. Farzandlarimni elga munosib, odamlarga yaxshilik ulashib yashovchi insonlar qilib tarbiyalayman.
Ta`kidlash o'rinliki, viloyat ­bo'yicha shu kunga qadar 3 ming 478 ta oilaga maishiy texnika jihozlari tarqatilgan bo'lsa, turli darajadagi og'ir xastaliklarga chalingan 192 nafar hamyurtlarimiz ehtiyojlari uchun viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasining zarur yordam bergani tufayli sog'ayib oyoqqa turdi. Viloyat bo'yicha qaror doirasidagi xayr­­li maqsadlar uchun umumiy hisobda 18 milliard 269 million so'mdan ziyod mablag' sarflandi. Albatta, bu raqamlar zamirida e`tibordan ko'ngli yuksalgan qanchadan-qancha vatandoshlarimizning yuz-u ko'zlarida hayotdan rozilik ifodalari jamuljam.
Hayotimizga yog'ilayotgan nur, fayz-u baraka aynan xalqimizga xos mehr-muruvvat, o'zaro oqibat, hamjihatlik fazilatlari, yon-atrofimizdagi ko'makka muhtoj insonlarga yordam ko'rsatishdek, ularni moddiy va ma`naviy qo'llab-quvvatlashdek ezgu amallar tufaylidir.

Nurillo NO'`MONOV,
«ISHONCH»

Boshqa xabarlar