Ishchanlik kayfiyati nima?

27

Korxonamizda 160 nafardan ziyod ishchi-xizmatchi faoliyat ko'rsatadi. Avvalambor ish beruvchi bilan hamkorlikda yo'lsozlarga qulay va xavfsiz mehnat sharoitlari yaratib berilayotgani ayni muddao bo'lmoqda. Jamoa shartnomasining to'liq amalga oshirilishi tufayli boshlang'ich kasaba uyushma qo'mitasiga bo'lgan ishonch tobora ortib bormoqda.

Jamoa shartnomasi ijrosini ta`minlash uchun o'tgan yili 513 million so'm mablag' sarflandi. Bu o'rta hisobda bir xodimga qariyb 3 million 300 ming so'mni tashkil etadi. Mehnat muhofazasiga oid tadbirlarga 107 milliondan ziyod mablag' ajratildi. Mehnat muhofazasida asosiy e`tibor shaxsiy himoya vositalari, maxsus kiyim-bosh, sanitariya-gigiena vositalari, zararli sharoitda ishlovchilarni sut mahsulotlari bilan ta`minlashga qaratildi.
Ishchi-xodimlar salomatligi hamisha e`tiborda bo'lib, ular uchun bepul tibbiy ko'riklar tashkil etildi. Mehnat muhofazasi bilan bog'liq bilim va ko'nikmalarni oshirish maqsadida o'quv-seminarlar o'tkazildi.
Korxonamiz ishchi-xodimlari baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan majburiy sug'urtalangan. 2018 yilda korxonada zararli omillari bo'lgan 41 ta ish o'rinlari attestasiyadan o'tkazilib, uning xulosasiga ko'ra, zararli sharoitda ishlovchilar qo'shimcha mehnat ta`tili, maxsus kiyim, yakka tartibda shaxsiy himoya vositalari hamda sut mahsulotlari bilan bepul ta`minlanmoqda.
Korxonaga qarashli oshxona binosi qayta ta`mirlanib, umumiy ovqatlanish shoxobchasi va novvoyxona tashkil qilindi. Muhim va dolzarb qurilish ob`ekt­larida ishlayotganlarga bepul issiq ovqat va issiq non mahsulotlari berilmoqda. Kam ta`minlangan oila vakillaridan 25 nafariga qariyb 20 million so'mlik moddiy yordam ko'rsatildi. Soha xodimlari, ularning oila a`zolari va farzandlariga O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi tizimidagi sihatgohlar hamda boshqa sog'lomlashtirish maskanlariga imtiyozli narxlarda yo'llanmalar ajratildi. 8 nafar xodimning farzandlari yozgi bolalar oromgohlarida bepul dam oldirildi.
Kasaba uyushma a`zolarini mamlakatimizning diqqatga sazovor joylariga sayohatlarga olib borish tizimli tarzda yo'lga qo'yilgani ham samaradorlikka xizmat qilmoqda. 2018 yilda 160 nafar xodim va ularning oila a`zolari hamda mehnat faxriylari mamlakatimizdagi tarixiy qadamjolar hisoblanmish Samarqand, Urganch, Xiva, Buxoro va Toshkent shaharlarida sayohatda bo'lishdi.
Korxonada xodimlarni sportning ommaviy turlariga jalb etish, ular o'rtasida sog'lom turmush tarzini keng targ'ib qilish maqsadida «Sport — salomatlik garovi» shiori ostida turli musobaqalar o'tkazilib turiladi. E`tiborli jihati, mini-futbol, shaxmat-shashka, voleybol, stol tennisi kabi turli yo'nalishlardagi musobaqalarga korxonamizda ishlab ketgan faxriylar ham taklif etiladi.
Bir narsa aniq – ishchi-xodimlar kayfiyati chog' bo'lsa, ish sifati va samaradorlik ham yuksak darajaga ko'tarilib boraveradi. Buni o'tgan yilda 29 milliard 381 million so'mlik ta`mirlash ishlari ado etilgani va bu boradagi reja ortig'i bilan uddalangani misolida ham ko'rishimiz mumkin.

Nodira XO'JAMQULOVA,
«Zomin tumani yo'llardan
foydalanish» unitar korxonasi
boshlang'ich kasaba uyushma
qo'mitasi raisi

Boshqa xabarlar