KATTAXO'JAEV KATTALIK QILDI…MI?

41


Jamiyatimizda   sodir    bo'layotgan voqea-hodisalarga  munosabat   bildirib,  bunga mas`ul   bo'lgan  mutasaddilarga  savol   bilan chiqqan  OAV ko'p hollarda munosib  javob  olishga qiynalmoqda.  Oradan o'tgan  fursatning   cho'zilishi   yetmaganidek,  javob xatlarida  yechim   o'rniga  o'tkazilgan   yig'ilish   bayonnomasining   o'zigina   aks   etadi.  Javobgar   mutasaddining  “Sirdaryo  haqiqati” tahririyati  jamoasiga  yo'llagan   javob xati   mazmuni  ham   yig'ilish  bayonnomasi   va   rasmlar  galereyasidan   iborat  bo'ldi.

   Maqolani to'liq quyida o'qing.

KATTAXO'JAEVNING AYBI KATTAMI?

Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi diqqatiga

Gazetamizning shu yil 27 fevral sonida kaminai kamtarinning “G'olib qolib…” sarlavhali maqolam e`lon qilingan edi. Unda “Yoshlar shaxmat taxtasi” musobaqasining Sirdaryo tumani bosqichidagi g'irromliklar tanqid tig'i ostiga olingan edi. Oradan 40 kun o'tib, tahririyatning necha bor ogohlantirishlaridan keyin nihoyat, Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi raisining o'rinbosari Murod Xaitov imzosi bilan javob xati, ittifoq Sirdaryo tumani Kengashining raisi G'ayrat Xusayinov (familiyalar matnda bitilganidek berilmoqda)ning ittifoq viloyat Kengashi raisi Shavkat Zayniddinovga  yo'llagan “Bildirishnoma”si hamda Yoshlar ittifoqi viloyat hamda Sirdaryo tumani kengashlarining hamkorlikda o'tkazilgan yig'ilishi bayonnomasi va unga ilova qilingan suratlar galereyasi yetib keldi.

Voqea tafsilotlarini batafsil bitishimizning sababi bor. Birinchidan, Yoshlar ittifoqi “to'rtinchi hokimiyat” chiqishlariga nopisand tarzda qaramoqda. Buni javobning qariyb ikki oyga yaqin vaqt orasida berilayotganidan ham anglash mumkin. (Gazetamizning o'tgan yilgi sonlarida tanqidiy chiqishga nopisand qaragan Shavkat Zayniddinov nomiga ochiq xat ham chop etilgan edi. Aftidan, viloyat yoshlar tashkiloti rahbarining tanqidlarga allaqachon eti o'lib qolgan ko'rinadi). Eng asosiysi, javob xatida tanqidda ko'tarilgan birorta muammo yechimini topmagan.

Keling, avval kattagina javob xatida keltirilgan fikrlar bilan tanishtiraylik. Mana, o'sha javob. “Joriy yilning 22 fevral kuni “Yoshlar shaxmat taxtasi”ning viloyat turniri bo'lib o'tdi. Viloyat bosqichiga qadar barcha tuman, shaharlarda mazkur turnirning mahalliy bosqichlari o'tkazildi. Jumladan, O'zbekiston Yoshlar ittifoqi Sirdaryo tumani Kengashida “Yoshlar shaxmat taxtasi” 2019 yilning 20 fevral kuni tashkillashtirildi. Turnir yakuniga ko'ra, tuman bosqichida yosh toifasi bo'yicha 12 nafar g'olib viloyat bosqichida ishtirok etish uchun yo'llanmani qo'lga kiritdi.

Maqolada ko'rsatilgan tuman bosqichida bo'lib o'tgan nohaqliklar bo'yicha O'zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo tumani Kengashida joriy yilning 15 mart kuni viloyat Kengashi ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo'yicha rais o'rinbosari M.Xaitov, viloyat Kengashi bo'limi mudiri J.Sherboev, tuman xalq ta`limi bo'limi mutaxassisi K.Otajonova va tuman yetakchilari ishtirokida yig'ilish o'tkazildi. Unda tuman Baxt shaharchasidagi 39-umumta`lim maktabi yoshlar yetakchisi M.Kattaxo'jaevning o'z vazifasiga sovuqqonlik bilan qaraganligi muhokama etildi.

Yig'ilish yakuniy qaroriga ko'ra, 39-umumta`lim maktabi yoshlar yetakchisi M.Kattaxo'jaev tomonidan yo'l qo'yilgan kamchiliklar va o'z vazifasiga sovuqqonlik bilan qaraganligi hisobga olinib, vazifasida qolish yoki qolmaslik yuzasidan viloyat Kengashiga ma`lumot kiritilgan.

Mazkur yig'ilish qarori bo'yicha viloyat Kengashining navbatdagi yig'ilishida bir to'xtamga kelinadi.

Viloyat Kengashining yig'ilishi qarori bo'yicha qo'shimcha ma`lumotlar taqdim etamiz”. (Javob matni gazeta uslubiga mos tarzda qayta ishlandi).

 Yoshlar ittifoqi Sirdaryo tumani  Kengashi raisi G'ayrat Xusayinovning ittifoq viloyat Kengashi raisi Shavkat Zayniddinovga  yo'llagan “Bildirishnoma”sida M.Katta-xo'jaev sha`niga tanqid o'qlari yomg'irday yog'dirilgan. Mana, o'sha “Bildirishnoma”dan parchalar: “…Baxt shahrida joylashgan 39-umumta`lim maktabi yoshlar yetakchisi M.Kattaxo'jaev ushbu musobaqaga sovuqqonlik bilan qaraganligi, ya`ni musobaqaning ichki bosqichini o'tkazmaganligi va “Yoshlar shaxmat taxtasi” musobaqasini o'tkazish yuzasidan tuzilgan ishchi guruhiga hech qanday ma`lumotlar taqdim etmasdan musobaqaning maktablararo bosqichiga va tuman bosqichiga umumta`lim maktabidan tanlab olingan o'quvchi-ishtirokchilarni ta`minlaganligi kuzatildi.

Bundan tashqari, M.Kattaxo'jaev tomonidan yana bir qator tadbirlarda ishtirok etmaslik holatlari mavjud. Jumladan, O'zbekiston yoshlar ittifoqi boshlang'ich tashkilotlari tizimida olib borilayotgan sardorlarning faoliyati, bilim ko'nikmasi, liderlik qobiliyati, erishgan natijalari, taklif-tashabbuslarini baholash, ilg'or tajribalarni ommalashtirish, faol sardorlarni rag'batlantirish va ish samaradorligini oshirish maqsadida “Eng namunali sinf sardorlar Kengashi”, “Eng namunali maktab sardorlar Kengashi” tanlovlarida, yoshlarimizni o'zlikni anglash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ular o'rtasida kitobxonlik madaniyatini keng ommalashtirish maqsadida “Zukko kitobxon”  intellektual  ko'rik-tanlovining maktablararo bosqichlarida va “Men nechun sevaman” shiori ostida o'tkazilgan insholar tanlovida ham ishtirok etmaganligi, ta`lim muassasalari joylashgan MFYdagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga yordam berish maqsadida tashkil etilayotgan “Saxovatli yoshlar” guruhlari ham ushbu ta`lim muassasasi tomonidan tashkil etilmagan va bu haqda tuman Kengashiga axborot berilmaganligi, M.Kattaxo'jaev doimiy ravishda tuman Kengashi tomonidan tashkil etilgan umumiy yig'ilishlarda qatnashmasligi yoki xodimlarga nisbatan qo'pol muomalada bo'lish holatlari doimiy kuzatilib kelingan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Sizdan 39-umumta`lim maktabi yoshlar yetakchisi M.Kattaxo'jaevning ishda qolish yoki qolmaslik masalasini hal qilib berishda amaliy yordam berishingizni so'rayman”.

“Bildirishnoma”dagi ayrim tanbehlarni o'qish asno bizda bir necha savollar tug'ildi. G'ayrat Xusayinov ta`kidlaganidek, M.Kattaxo'jaev o'z ishiga shuncha sovuqqon bo'lsa, nega u haqida Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi raisiga oldinroq ogoh qo'ng'irog'i chalinmadi. Gazetada e`lon qilingan bitta tanqidiy maqoladan keyin yoshlar yetakchisining butun kirdikorlari ma`lum bo'ldimi? Qolaversa, o'sha M.Kattaxo'jaev nomzodini yetakchilikka tanlash va tasdiqlashda o'rtoq G'ayrat Xusayinovning o'zi boshida turganligi oddiy haqiqatdir. Qolaversa, “Bildirishnoma”dagi yana bir fakt o'ylantirib qo'ydi. “Yoshlar shaxmat taxtasi” musobaqalari bo'yicha ishchi guruhi tuzilgan bo'lsa, maktablararo bosqichda birorta vakil qatnashishi, M.Kattaxo'jaevni hushyor torttirishi kerak edi. O'shanda bu g'avg'olar yuzaga qalqib chiqmasdi. Faktlarga tayanib, bizda shunday fikr paydo bo'ldi: tuman Yoshlar ittifoqi qoshida tuzilgan ishchi guruhi yo umuman ishlamagan, yo xo'jako'rsinga faoliyat olib borgan.

 Javoblar paketini ko'zdan kechirish mobaynida bizda yana bir haqli savol tug'ildi. O'zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat va Sirdaryo tumani kengashlari qo'shma yig'ilishida M.Kattaxo'jaev qatnashgan-qatnashmaganini aniqlay olmadik. Chunki majlis bayonnomasida yetakchi sha`niga bildirilgan tanqidlardan boshqa narsani uchratmadik. Agar M.Kattaxo'jaev yig'ilishda qatnashgan bo'lsa, unga so'z berilishi, nega bunday faoliyat yuritayotgani haqida fikr bildirishi kerak edi. Aftidan, qo'shma yig'ilish ham usiz xo'jako'rsinga o'tkazilganga o'xshaydi.

Gazeta o'z tanqidiy chiqishida biror kishining nomini yomonotliqqa chiqarishni maqsad qilib qo'ymaydi. Balki jamiyat rivojiga to'g'anoq bo'layotgan kamchiliklarni aniqlab, bartaraf etishga bel bog'laydi. Biz mazkur tanqidiy maqola bo'yicha davom etayotgan jarayonni kuzatishda davom etamiz. Yoshlar ittifoqi viloyat va Sirdaryo tumani Kengashlari Kattaxo'jaevga chora ko'rib, qutiladimi yoki boshqa yo'lini topadimi, yaqin kunlarda bilib olamiz.

            Muhammadali AHMAD,

Sirdaryo haqiqati gazetasi 

2019 yil 10 aprel, 26-son

Sirdaryo haqiqati gazetasi 

Boshqa xabarlar