Og'u girdobi

34

Oqayotgan suvda ba`zan girdob borligi bilinmaydi. Lekin unga tushib qolgan narsani aylantirib, o'zining domiga tortib ketadi. Inson hayotida ham ba`zi illatlar girdob singari turmush tarzini izdan chiqaradi.

Giyohvandlik – ana shunday illatlardan biridir. Bu illat sabab har kuni millionlab insonlar hayotdan ko'z yummoqda, minglab nogiron bolalar dunyoga kelmoqda, minglab odamlarning turmushi izdan chiqmoqda. Bunday holatni shunday ifodalash mumkin bo'ladi: giyohvandlik – balo. Baloki, insonning o'zi o'ylab topgan, yechimi ham o'zining qo'lida bo'lgan, ammo uni anglab yetmayotgan balo.
Taassufli jihati shundaki, dunyo miqyosida amalga oshirilayotgan kurashga qaramay, ushbu illat ildizlarini batamom yo'qotish imkoni bo'lmayapti. Buning esa ko'plab omillari mavjud. Jumladan, shunday moddalar bilan savdo qilish katta daromad manbaiga aylangan. Kimlarningdir dod-u faryodiga, kimlarningdir hayoti evaziga kelayotgan bu sarmoyalar turli mudhishliklarga sarflanmoqda.
Mamlakatimizda giyohvand­likka qarshi kurashish, narkotik moddalarni yetishtirish, noqonuniy tarqalishining oldini olish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, narkotik moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashda huquq-tartibot idoralari faol ishtirok etmoqda.
Mana shunday lavhalardan biri.
… Toshkent mahalliy aeroportining uchish zalida «Toshkent-Samarqand» yo'nalishidagi aviareys bilan uchib ketishga chog'langan yigirma besh yoshlardagi yo'lovchi o'zining bejo harakati bilan ko'pchilik, shu jumladan, huquq tartibot xodimlarining ham diqqatini tortdi. Shaxsiy ko'rikdan o'tayotganida Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti JXTB hamda Toshkent mahalliy aeroporti aviasiya xavfsizligi xizmati xodimlari Azlar Quvonovning (ism-shariflar o'zgartirilgan) shimi o'ng cho'ntagida «parlament» sigaret qutisida 5,96 gramm giyohvand modda hamda 9 dona dori vositasining kapsulasi borligini aniqlashdi.
IIV EKBMning xulosasiga ko'ra, Azlar Quvonovdan daliliy ashyo tariqasida olingan, to'q-yashil rangli, o'ziga xos hid­­ga ega modda tarkibida giyohvand tetragidrokannabinol mavjud bo'lib, 5,96 gramm quritilgan yog'simon massaning 1,3112 grammi kanabis moyi ekani ma`lum bo'ldi.
Ushbu holat yuzasidan A.Quvonovga nisbatan Jinoyat Kodeksining 276-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, tergov harakatlar o'tkazildi va jinoyat ishi mazmunan ko'rib chiqishlik uchun sudga yuborildi.
Mamlakatimizda jinoyat ko'chasiga kirgan fuqaro borki, albatta, qonuniy jazosini olishi muqarrar. Xo'sh, bu jinoyat fosh bo'lmaganda ahvol qanday kechardi? U bu moddani nima uchun Samarqandga olib ketayotgandi, sotishgami yoki o'zi iste`mol qilarmidi?
Azlar Quvonovning aytishicha, Nurafshon shahriga ish bilan borganida temir yo'l kesishmasi yonidan o'tayotib, marixuana o'simligiga ko'zi tushadi. Qiziqish ustun kelib, undan bir qismini yulib oladi. Toshkent shahriga kelib, uni qovuradi va shu moddani tayyorlaydi. Uning maqsadi spirtli ichimlik ichgan vaqtida marixuana giyohvandlik moddasini iste`mol qilish edi.
Bu Azlarning iqrori. Ammo uning aniq niyati o'zigagina ayon. Nima bo'lganda ham bir narsa ma`lum: bu zahri qotil tufayli inson tubanlik botqog'iga botishi, insoniylik qiyofasini yo'qotishi aniq. Yoxud uni Samarqandga olib borib, kimgadir sotsa, shu yo'l bilan mo'may daromadli bo'lar edi. Ammo kimlarningdir otasi yoki akasi, turmush o'rtog'ining giyohvand­lik balosiga duchor bo'lishiga, bir oilaning tinch­ligi buzilib, hayoti jahannamga aylanishiga, onalarning ko'zyoshlari oqishiga, bolalarining yorqin kelajak haqidagi orzulari barbod bo'lishiga sababchi bo'lardi.
Endi-chi? Uning o'zi og'u girdobiga tushib, hayotining eng gullagan davrida «jinoyatchi» degan tamg'aga ega bo'lib o'tiribdi…
Aytmoqchi bo'lgan gapimiz shuki, ushbu illatga qarshi barchamiz birgalikda kurashsak, yaqinlarimizni, yon-atrofimizdagilarni uning girdobiga tushib qolishidan asragan bo'lamiz.

Zafar SULTONOV,
Toshkent xalqaro aeroporti
JXTB TB tergovchisi

Boshqa xabarlar