O'QUVChILAR QANDAY OVQATLANIShYaPTI?

39


Bugun kelajak egalarini har tomonlama komil insonlar qilib tarbiyalash haqida ko'p gapirilmoqda. Ammo amalda buning uchun barcha tegishli choralar ko'rilyaptimi? Aytaylik, maktab o'quvchilarining sifatli ovqatlanishlari ta`minlanyaptimi? Qo'shko'pir tuman hokimligining «Hayot ko'zgusi» gazetasida chop etilgan «Maktab oshxonalarini ko'rganimizda…» maqolasida ana shu savollarga javob izlanadi.

Maqolani to'liq quyida o'qing.

MAKTAB OShXONALARINI KO'RGANIMIZDA…

O'qing…Namuna oling!

 «Nonni uvol qilma, nonni ushog'i ham non», «To'g'ri ovqatlanish qoidalariga rioya qiling», «Ozodalik sog'lik garovi», «Yoqimli ishtaha»… tumanimizdagi 2-son maktab oshxonasiga  kirib borar ekanmiz, devordagi shunday so'zlar e`tiborimizni tortdi. Tasvirlar orqali ifodalangan so'zlarni o'qigan o'quvchi albatta, shularga amal qilishi tabiiy. Sababi, nafaqat maktab sinflardagi bannerlar balki, maktab oshxonasidagi bannerlar ham o'quvchini gigienik jihatdan tarbiyalab, uning ovqatlanish madaniyatini oshirishga xizmat qiladi. Tadbirkor Boymurod Eshchonov tashabbusligida oshxona 14 ta stol va yetarlicha stullar, issiq suv uzatuvchi areston moslamasi bilan ta`minlangan. Oshxonaning maktab ma`muriyati tomonidan ta`mirlanib, issiq sharoitlarga ega qilib qo'yilganligi quvonarli albatta. Ayniqsa, oshxonada barcha o'quv qurollar, ichish uchun qaynatilgan suv, tushlik uchun esa arzon va sifatli pishiriqlar,  bulochkalarning gigiena qoidalariga to'la rioya qilingan holatda sotilayotgani sog'lom turmush tarziga rioya qilinayotganidan dalolatdir. Yana bir e`tiborli jihati shuki, o'quvchilarning ko'cha-ko'yda sotib oladigan yarim tayyor va boshqa ovqatlarning organizm uchun zararli tomonlari ham borligi, ayniqsa, gamburger, chizburger, xot-dog, sosiska va kolbasa, suxarik, saqich kabi sotilishi ta`qiqlangan mahsulotlar bannerlarda ko'rsatib qo'yilgan.

– Har kuni uchinchi soatdan keyin 15 daqiqalik tanaffus bo'ladi, –deydi o'quvchi Malika Nazarieva. – Maktab oshxonasiga kirib ovqatlanib chiqishga ulguramiz. Oshxonaning tozaligi, narx-navolarning ham arzonligi bizga ma`qul keladi.

Xullas, bu yerdagi sharoitlarni ko'rib, barcha maktab oshxonalari ham shunday bo'lsa kerak, degan fikrga keldik. Ammo…

Oshxonami yoki yoyma bozor…

O'quvchilar uchun qanday yegulik mahsulotlari savdosi yo'lga qo'yilganligi bilan qiziqib, 4-son maktab oshxonasiga kirib bordik. Qarabsizki, savdo rastasida o'quv qurollar, unga aralash sotilayotgan saqich,    o'quvchilar iste`moli uchun zararli bo'lgan  mahsulot (suxarik,  hatto yuzga surtiladigan krem va atirlarning borligi xafsalamizni pir qildi. O'quvchilarning tushligi uchun esa birorta ovqat yoki qaynagan suv, choy ko'zga ko'rinmadi. Faqatgina bir kilogramm chiqadigan  qo'lbola pirog  sotuvda ekan xolos. Suxarik yozuvli paketchalarni ushlab turgan o'quvchilarni suhbatga tortganimizda, ular narxi 500-1000 so'm atrofida sotiladigan arzon va sifatli so'msa, boshqa qaynoq yeguliklarni hohlashlarini aytishdi. Yana bir o'quvchi esa oldinlari 2000 so'mga so'msa va boshqa ovqatlarni sotuvga qo'yishganini, narxi esa qimmatroq bo'lgani uchun sotib olishga imkoni yo'qligi haqida gapirdi. Sababi uning oilasida 2 nafar farzand shu maktabga kelar ekan. Xo'sh, maktabdagi tushlik muammosini kim hal qiladi? O'quvchilar tushligi va o'quv qurollarini o'z zimmasiga olgan tadbirkor maktab ma`muriyatining talablarini qay darajada bajaryapti? Ertalab va peshinda o'quvchilarga dars beradigan o'qituvchilar qaerda ovqatlanadi? Xullas bu savollarga jo'yali javob topolmadik. Tadbirkor Oysara Qurbonboevani suhbatga chorlaganimizda esa oldinlari turli taomlar pishirganini va taomlar na maktab o'quvchilari na o'qituvchilari tomonidan biron marta ham sotib olinmaganligini kuyinib gapirdi. Shu o'rinda bitta savol tug'iladi? Narx arzon, sifatli ovqatni qaysi o'quvchi yoki o'qituvchi  sotib olmas ekan? O'quvchilarning fikri oshxona xodimining fikrini qay tarzda oqlayapti?  Mutlaqo gigiena talablariga javob bermaydigan oshxona devorlarida to'g'ri ovqatlanish bilan bog'liq birorta bannerni uchratmadik. Sotuv rastasi atrofi kiyim-kechak, keraksiz narsalarga to'la. Oshxonada maxsus stollar emas,  balki 5 ta parta  o'rin olgan xolos.

         O'quvchilar xavfsizligiga kim javob beradi?!

– Oshxonamizdan tengdoshlarim bilan 500 so'mga bulochka, 1000 so'mga go'shtli pirashkalar sotib olamiz, – deydi 25-maktab o'quvchisi Charos Sultonova. – Orada rolton sho'rvasi bilan birgalikda choy ham tayyorlab berishadi. Ularning hamyonbopligi, sifati bizni qoniqtiradi.

         Maktab oshxonasiga kirib o'quvchilar tushligi uchun shu yeguliklarning tayyorlanayotganiga ham biroz xursand bo'ldik. Och qoringa kimga ham gap yoqardi? Bolaning yaxshi o'qib-o'rganishi, darsliklarni vaqtida o'zlashtirishi uchun tushlikning o'rni katta. Oshxona sharoiti bilan tanishganimizda u yerda ovqat tayyorlash uchun birorta qulay sharoitning guvohi bo'lmadik. Eski zamondan qolgan, ishlamaydigan gaz plitalar va boshqa matohlar oshxonadan o'rin olgan xolos. To'g'ri ovqatlanish qoidalari aks etgan birorta banner bu maktab oshxonasida ham ko'rinmadi. Ovqatlanadigan stol-stullar esa talabga javob bermaydi. Quvonarli tomoni shuki, o'tgan yil muassasaga toza ichimlik suvi tortilib, o'quvchilar undan foylanayotgan ekan. Issiq va sovuq suv uzatadigan  hamda qo'l yuvish moslamasi o'quvchilar xizmatida.  Maktab ma`muriyati oshxona bilan bog'liq kamchiliklarni tuman xalq ta`limi bo'limiga xat  orqali yo'llaganlarini aytishdi.  Xo'sh, buning natijasi qani? Gaz plita bo'lmagan joyda qanday ovqat pishirish mumkin? Yakka tadbirkor Gavhar Sapaeva shunday deydi: Oshxona biror sharoitga ega bo'lmasada, yo'qdan bor qilib, o'quvchilarni tushligini ta`minlab berishga harakat qilyapmiz. Agar oshxona yetarlicha ovqat tayyorlay olmasak, bolalar yo'lning narigi betida joylashgan do'konlarga borishga harakat qilishadi. Ular bilan bog'liq xatar kelib chiqmasligi uchun imkonim boricha yeguliklar sifati va sonini oshirishga harakat qilaman.

Xo'sh, maktab oshxonasi yetarlicha ovqat tayyorlab berolmayotganini bahona qilib,  yo'l qoidalariga amal qilmay do'konlarga yugurib ketayotgan o'quvchilar xavfsizligiga kim javob beradi? Ularni qanotlantiradigan ovqatlarni pishirishga sharoit qani? Bunga kim javobgar?

Ahvol o'sha-o'sha

5-maktab oshxonasidagi vaziyat ham bizni qoniqtirmadi. Ovqat tayyorlash uchun  gaz plitasi mavjud emas. Sosiskali xot-doglar bozori avjida. To'g'ri oshxonada o'quvchilar uchun arzon pirashka (500 so'm) , xot-dog(1000 so'm)lar sotilayotgan ekan, ammo arzon xot-dog ichidagi sosiskalar inson salomatligiga putur yetkazmasligiga hech kim kafolat bermaydi. Bulardan tashqari oshxonaning kerakli stol-stullar bilan ta`minlanmaganidan diling xijil bo'ladi. Bir so'z bilan aytganda maktabdagi oshxona ham talabga javob bermaydi. Qo'lidan kelgancha harakat qilayotgan yosh tadbirkor bor imkoniyatlaridan kelib chiqib arzon, hamyonbop ovqatlarni tayyorlashga harakat qilmoqda. Biroq, sharoitsiz joyda qilingan harakatdan kimga naf.

Xulosa o'rnida shuni aytish joizki, darslarda o'quvchilarga «sog'lom avlod asoslari», «Salomatlik saboqlari», «sog'lom oila asoslari» kabi ko'pgina darsliklar orqali sog'lom ovqatlanish tartibi, sanitariya va gigiena qoidalari, zararli odatlar va ularni oldini olish, qo'lni yuvish tartibi bo'yicha tushuntirishlar olib boriladi. Afsuski, bu so'zlar  ayrim maktab oshxonalarida  o'zining amaliy ifodasini topgani yo'q. Eng achinarlisi, kuzatuvlarimiz davomida 4-,5-, 25-son maktablarida O'zbekiston Respublikasi davlat sanitariya-epidemiologiya markazining qaroriga asosan maktab oshxonasida sotilishi ta`qiqlangan mahsulotlardan chipslar, kirieshka va xrustyashkalar, saqich, xot-doglarning sotuvga chiqarib qo'yilayotganiga guvoh bo'ldik. Oshpazlarning birortasi esa oq xalat va maxsus bosh kiyimda ko'rinmadi.

Oshxonalardagi bunday holatga nafaqat maktab rahbarlari, balki shu yerda ishlayman, tadbirkorlik qilaman deganlar   ham  aybdordir. Pulni halol topib, nonni halollab eyishga nima yetsin. Xo'sh, ushbu kamchiliklar qachon tuzatiladi?

    Maqsadimiz kamchiliklarni aytib, birovni izza qilish emas, oshxonalardagi ahvolni yaxshilab, farzandlarimizni to'g'ri va sog'lom ovqatlanishlarini kafolatlash. xolos.

                                                                               Ruhiya ISMOILOVA,

Nazokat  MAShARIPOVA,

 «Hayot ko'zgusi» gazetasi

muxbirlari

2019 yil 13 aprel, 10-son

«Hayot ko'zgusi» gazetasi

Boshqa xabarlar