O'zaro hamkorlik kuchaymoqda

124

Xalq ta`limi vazirligi gazetaning shu yil 2 mart sonida chop etilgan «Tarbiya uchun faqat maktab mas`ul(mi?)» sarlavhali maqola yuzasidan quyidagilarni ma`lum qiladi:

«O'quvchi-yoshlarning tarbiyasi bilan bog'liq bo'lgan ushbu maqola mavzusining haqiqatan dolzarbligini ta`kidlagan holda, ta`lim muassasasi va ota-­onalarning mas`uliyatiga doir huquqiy hujjatlar ham mavjudligini aytish joiz. Agar har bir kishi bu qonuniy haq-huquqlarni va majburiyatlarni to'liq anglasa, jamiyatning har bir bo'g'inida, ayniqsa, maktabgacha ta`lim muassasasi, umumta`lim hamda o'rta maxsus va kasb-hunar ta`limi muassasalarida muammolarga yechim topiladi.
Maqolada ta`kidlanganidek, «…ba`zi ota-onalar farzandining o'qishidan xabar olmaydi, qanday ta`lim olayotganiga qiziqmaydi. Ular uchun bola yarim kunini maktabda o'tkazsa bo'ldi». Ammo qonun bo'yicha ota-ona farzandining axloqi, o'zini tutishi, xavfsizligi, salomatligi, aqliy-jismoniy rivoj­lanishi uchun g'amxo'rlik qilishi shart. Jumladan, mamlakatimiz Konstitusiyasining 64-moddasida ota-onalar o'z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburligi, «Oila» kodeksining 73-moddasida ota-onalar farzandini tarbiyalash uchun mas`ulligi, «Bola huquqlari to'g'risida»gi Konvensiyada oilada bola hayoti va sog'lig'ini muhofaza qilinishi belgilab qo'yilgan.
Bundan tashqari, umumiy o'rta ta`lim maktabining ichki tartib qoidalarida ham maktab ma`muriyati, uning pedagogik jamoasi, o'quvchilari va ota-­onalarning huquq-majburiyatlari alohida ko'rsatib o'tilgan. Har o'quv yili boshida ichki tartib qoidalarning talablari bilan pedagogik jamoa, o'quvchilar va ota-onalar tanishtiriladi, o'quvchilarning maktabdan tashqari paytdagi holati uchun ularning qonuniy javobgarligi ko'rsatilib, mazmuni bilan tanishgan ota-onalar o'z burchini yana bir bor esga olganini imzosi bilan tasdiqlaydi. Zero, «Ta`lim to'g'risida»gi qonunga muvofiq, voyaga yetmagan bolalarning ota-onalari yoki qonuniy vakillari bolaning qonuniy huquqlari va manfaatlarini himoya qilishlari shart hamda ularning tarbiyasi, maktabgacha, umumiy o'rta, o'rta maxsus, kasb-hunar ta`limi olishi uchun javobgardir.
Bugungi kunda joylarda ota-ona, maktab va mahalla o'rtasida o'zaro hamkorlik kuchaytirilib, ularning vakolati doirasida kasbiy va shaxsiy ­mas`uliyatini oshirishga xizmat qiluvchi tadbirlar tashkil qilinmoqda».

Vazir o'rinbosari

D.Kenjaev

Boshqa xabarlar