QOZOG'ISTON BILAN O'ZBEKISTON O'RTASIDAGI IKKI TOMONLAMA HAMKORLIK MARKAZIY OSIYo MINTAQASIDAGI BARQARORLIK, XAVFSIZLIK VA IZChIL TARAQQIYoTNING MUHIM OMILIDIR

124

Qosim-Jomart TOQAEV:

Qozog'iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqaev Qozog'iston xalqaro axborot agentligi – Kazinform va O'zbekiston Milliy axborot agentligi – O'zAga O'zbekiston va Qozog'iston o'rtasida erishilgan natijalar, hamkorlikni rivojlantirishning joriy holati va istiqbollari xususida intervyu berdi.

– Qozog'istonning Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboev va O'zbekis­ton Prezidenti Shavkat ­Mirziyoev sa`y­-harakatlari bilan mamlakatlarimiz o'rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga ko'tarildi. Bugun Qozog'iston va O'zbekiston oldida qanday umumiy maqsad va vazifalar turibdi?

– Mustaqillikning ilk kunlaridan buyon Qozog'iston va O'zbekiston yelkama-elka qo'l tutib, murakkab davrlarda bir-birini qo'llab-quvvatlab, bir-birining muvaffaqiyatlaridan quvonib kelmoqda. Xalqlarimiz o'rtasida mamlakatlarimiz taraqqiyotiga erishishdek yagona maqsadga asos­langan mus­tahkam va o'zaro uyg'un munosabatlar qaror topgan.
Davlatlarimiz o'rtasida strategik sheriklikni mustahkamlashda Qozog'istonning Birinchi Prezidenti Nursulton Abishevich Nazarboev va O'zbekiston Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoev asosiy rol o'ynadilar.
Millat rahnamosi yaqin qo'shnilar bilan aloqalarni rivojlantirishga doimiy ravishda alohida e`tibor qaratib kelmoqda. Shuning uchun mamlakatingiz Qozog'is­ton tashqi siyosatining ustuvor yo'nalish­lari sirasiga kiradi. Biz xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish yo'lidagi sa`y-harakatlarimizni davom ettiramiz.
Hozirgi vaqtda savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va chegaraoldi hamkorligini ­mustahkamlash asosiy vazifalardan hisoblanadi. Mamlakatlarimiz ushbu sohalarda yuksak salohiyatga ega. Hukumatlarimiz 2020 yilda o'zaro savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan.
Investisiya, sanoat koo­perasiya­­si, qo'shma ishlab chiqarishlarni rivojlantirish sohalaridagi samarali va kengayib borayotgan hamkorlikka oid misollar mamlakatlarimiz manfaati yo'lidagi iqtisodiy hamkorlikni yanada mus­tahkamlashga bo'lgan intilishlarimizga to'liq mos keladi.
Sheriklikning beqiyos istiqbollari tranzit-transport sohasida ham namoyon bo'lmoqda. Dengizga chiqish imkoniyati bo'lmagan Qozog'iston va O'zbekiston uchun tranzit infratuzilmasini takomillashtirish va boshqa mamlakatlar bilan transport kooperasiyasini rivojlantirish birinchi galdagi vazifalardandir.
Nur-Sulton va Toshkent o'rtasida xavfsizlik borasidagi aloqalar mus­tahkamlanib borayotgani ham o'zaro ishonchdan dalolatdir. Biz barchamiz uchun umumiy bo'lgan terrorizm, diniy ekstremizm, noqonuniy qurol savdosi, uyushgan jinoyatchilik, noqonuniy migrasiya va narkotrafik singari mintaqaviy muammolarga duch kelmoqdamiz. Mintaqamiz xavfsizligiga tahdid solayotgan Afg'onistondagi vaziyat ham jiddiy xavotirga sabab bo'lmoqda.

Bularning barchasi bizdan tizimli, bahamjihat va ularning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishni talab etadi. Shuning uchun Qozog'iston va O'zbekiston huquqni muhofaza qilish organlari va maxsus xizmatlari o'rtasida hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'ymoqda.
Suv muammosi bilan bog'liq hamkorlik masalalari ham alohida ahamiyatga ega. Suv munosabatlarining barcha yo'nalishlarida mintaqadagi boshqa sheriklar bilan yaqin hamkorlikda muntazam ravishda ishchi guruh yig'ilishlari o'tkazilayotgani quvonarlidir.
Biz an`anaviy ravishda madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlashga alohida e`tibor qaratib kelmoqdamiz va bu xalqlarimiz tomonidan ijobiy qarshi olinmoqda.
Qozog'iston va O'zbekiston o'rtasida konstruktiv muloqot yo'li bilan hal qilib bo'lmaydigan masala deyarli yo'q ekani tahsinga sazovor. Mamlakatlarimiz o'rtasidagi munosabatlar butun Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik, xavfsizlik va jadal taraqqiyotning muhim omili hisoblangan ikki tomonlama hamkorlikning muvaffaqiyatli va samarali modelini ifoda etadi.
Mening nazarimda, Nur-Sulton va Toshkent oldida turgan mushtarak maqsad va vazifalar keng ko'lamli hamkorligimizni yanada rivojlantirish uchun kuchli turtki bo'lib xizmat qiladi.

– Ma`lumki, Elboshi Nursulton Nazarboev va Prezident Shavkat Mirziyoevni samimiy do'stona munosabatlar bog'lab turadi. Sizning O'zbekiston rahbari bilan aloqangiz qanday?

– Shavkat Miromonovich meni Qozog'iston Prezidentligi lavozimiga kirishganim munosabati bilan birinchi bo'lib tabriklagan davlat rahbarlaridan. Unga samimiy so'zlari uchun chin yurakdan minnatdorlik izhor etaman. Elboshimiz sha`niga aytilgan ezgu tilaklarni ham O'zbekiston rahbarining bizning yurtimizga yuksak ehtiromi ifodasi deb bilaman.
Prezident Shavkat Mirziyoev O'zbekistonda keng ko'lamli o'zgarish­larni amalga oshirish va mamlakatingizni zamonaviy, xalqaro maydonda raqobatbardosh davlatga aylantirishdek tarixiy missiyani o'z zimmasiga oldi. Uning davlat boshqaruvi tizimini izchil takomillashtirish, iqtisodiyot va moliya sektorini liberallashtirish, jamiyatning barcha jabhalarini modernizasiya qilish yo'lidagi iroda va qat`iyati chinakam qiziqish va cheksiz hurmat uyg'otmoqda.
Shavkat Miromonovich barcha kuch-g'ayrati, bilimi va tajribasini ushbu olijanob maqsadlarga erishishga yo'naltirganiga uchrashuvlarimiz chog'ida shaxsan amin bo'lganman.
2017 yilda Qozog'iston parlamenti Senati delegasiyasi rahbari sifatida Toshkentga tashrifim chog'ida u bilan atroflicha suhbat qurganman. O'zbekiston rahbarining mamlakat taraqqiyotining barcha muhim yo'nalishlariga strategik yondashuvi, mintaqa va dunyodagi vaziyatni chuqur anglashi shaxsan menda katta taassurot qoldirgan. Mamlakatlarimiz taraqqiyoti masalasida biz yakdil qarashga egamiz va bu g'oyat muhim.
Bizning bunday ishonchli va muntazam muloqotlarimiz qardosh Qozog'iston va O'zbekiston munosabatlarini yanada chuqurlashtirishga xizmat qilishiga qat`iy ishonaman.

– Qozog'istonda o'tkazilgan O'zbekiston yili yakunlari haqida bugun qanday natijalarni qayd etish mumkin?

– Ushbu muhim voqelikni o'tkazish haqidagi qaror ikki tomonlama munosabatlarimiz tarixida yorqin sahifa sifatida muhrlandi. Qozog'is­tonda O'zbekiston yili yuksak darajada o'tdi. Mamlakatimizda xalqlarimiz, ilm-fan, madaniyat, ta`lim muassasalari, tadbirkorlik tuzilmalari o'rtasidagi aloqalarni kengaytirish va mustahkamlashga qaratilgan 200 dan ziyod tadbir tashkil etildi.
Qozog'iston – O'zbekiston birinchi mintaqalararo hamkorlik forumi ham muvaffaqiyatli o'tdi. Uning yakuni bo'yicha ikki mamlakat hududlararo aloqalarini yanada rivoj­lantirishni ko'zda tutuvchi muhim hujjatlar imzolandi.
Hamkorlikning bu shakli chegaraoldi hududlarining o'zaro hamkorligini rivojlantirishning muhim omili bo'lib xizmat qilishi, biznesning davlatlarimiz bozorlariga kirib borishini jadallashtirishi, ikki tomonlama savdoni sezilarli ravishda faollashtirish imkonini berishiga ishonchim komil. Shu yo'sinda, o'tgan yili mamlakatlarimiz o'rtasida tovar aylanmasi taxminan 50 foizga o'sib, 3 milliard dollarni tashkil qildi.
Ikki davlatning o'zaro yaqinlashuvi xalqlarimiz tomonidan katta mamnuniyat bilan kutib olinayotganini qayd etib o'tmoqchiman. Binobarin, qardosh mamlakatga ilk davlat tashrifim O'zbekistonda Qozog'iston yili ochilishiga to'g'ri kelganida chuqur ramziy ma`no bor.

Qozog'iston – O'zbekiston birinchi mintaqalararo hamkorlik forumi ham muvaffaqiyatli o'tdi. Uning yakuni bo'yicha ikki mamlakat hududlararo aloqalarini yanada rivoj­lantirishni ko'zda tutuvchi muhim hujjatlar imzolandi.
Hamkorlikning bu shakli chegaraoldi hududlarining o'zaro hamkorligini rivojlantirishning muhim omili bo'lib xizmat qilishi, biznesning davlatlarimiz bozorlariga kirib borishini jadallashtirishi, ikki tomonlama savdoni sezilarli ravishda faollashtirish imkonini berishiga ishonchim komil. Shu yo'sinda, o'tgan yili mamlakatlarimiz o'rtasida tovar aylanmasi taxminan 50 foizga o'sib, 3 milliard dollarni tashkil qildi.
Ikki davlatning o'zaro yaqinlashuvi xalqlarimiz tomonidan katta mamnuniyat bilan kutib olinayotganini qayd etib o'tmoqchiman. Binobarin, qardosh mamlakatga ilk davlat tashrifim O'zbekistonda Qozog'iston yili ochilishiga to'g'ri kelganida chuqur ramziy ma`no bor.

– O'zbekistonda o'tkaziladigan Qozog'iston yilidan nima kutyapsiz?

– Birinchi navbatda, biz o'zbekistonliklar Qozog'iston yili tadbirlarida keng va faol ishtirok etishlariga ishonamiz. O'zbekistonning har bir fuqarosi ushbu ulkan voqeadan o'zi uchun nimadir olishi va Qozog'istonning bir bo'lagini doimo o'z qalbida his qilishi biz uchun juda muhim. Shu bois, biz Qozog'is­ton yili dasturini imkon qadar rang-barang va mazmunli tayyorlashga harakat qildik.
Ishbilarmonlar va siyosatchilar uchun biznes-forum, anjumanlar alohida ahamiyat kasb etsa, talabalar uchun ta`limga oid ko'rgazmalar o'tkazilishi ko'zda tutilgan. Bundan tashqari, ko'plab madaniy, sport va sayyohlik tadbirlari ham tashkil etiladi.
Qozog'iston yilining geografik qamroviga ham alohida e`tibor qaratiladi. Tadbirlar O'zbekistonning barcha hududlarida o'tkaziladi. Shu orqali biz hududlararo kooperasiya­­ni yanada kengaytirish, aholi o'rtasidagi aloqalar mustahkamlanishiga ishonamiz.
Savdo-sotiq, chegaraoldi hamkorligi, turizm, transport va madaniyat kabi sohalarga oid barchaga ma`lum tashabbus va loyihalar bo'yicha amalga oshirilayotgan izchil ishlar davom ettiriladi.
Shuningdek, nazorat-o'tkazish punktlarimizni modernizasiya qilish ishlarini nihoyasiga yetkazamiz, bu davlat chegaralaridan o'tishda vaqtni sezilarli darajada tejash imkonini beradi. Zamonaviy chegara va bojxona infratuzilmasini yaratish – bizning maqsadimiz bo'lib qolaveradi. Bu oddiy fuqarolar uchun, biznes uchun zarur, bundan tashqari, bu ishlar mamlakatlarimiz sayyohlik salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bir so'z bilan aytganda, biz O'zbekiston bilan iqtisodiy va ijtimoiy-gumanitar hamkorlikning barcha yo'nalishlari bo'yicha ishlarni davom ettirishga tayyormiz.
Bularning barchasi o'zaro anglashuv va hamkorlikning yangi ko'prik­larini barpo etish imkonini beradi. O'zbek xalq maqolida aytilganidek: «Yon qo'shnim – jon qo'shnim». O'zbekistonda o'tkaziladigan Qozog'iston yili xalqlarimiz o'rtasidagi ko'p asrlik do'stona va yaxshi qo'shnichilik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonchim komil.

– Siyosatshunoslar 1990-yillardan boshlab Markaziy Osiyo haqida ko'p yozishadi. Bu borada Bjezinskiy va boshqalarning asarlarini eslash kifoya. Biroq tanqidiy prognozlarning birontasi ham amalga oshmadi. Markaziy Osiyoning jahon siyosatida o'rnini qanday baholaysiz?

– Darhaqiqat, mustaqillikka erishilgandan boshlab ko'plab ekspert va kuzatuvchilar aksar hollarda Markaziy Osiyo taraqqiyotining salbiy ssenariysini prognoz qilgan edi. Mamlakatlarimizning parchalanib ketishi, nazorat qilib bo'lmaydigan terrorizm xavfining kuchayishi, qandaydir «xalifat»ga aylanishi, ichki nizolar, iqtisodiy va ijtimoiy tanazzullar bashorat qilingan edi.
Biroq Markaziy Osiyoni «bolqonlashtirish» prognozlari ro'yobga chiqmadi. Markaziy Osiyodagi har bir davlatning mustaqillik yillaridagi dadil qadamlari mintaqada barqarorlikni saqlash imkonini berdi, bu esa uzoq muddatli izchil taraqqiyotga mutahkam poydevor qurishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda Markaziy Osiyo taraqqiyotning yangi davrini boshdan kechirmoqda. Davlatlararo hamkorlikni mustahkamlash, barcha dolzarb masalalar bo'yicha o'zaro maqbul yechimlar topish tendensiyalari qayd etilmoqda. Buning uchun biz mintaqadagi barcha rahbarlarning siyosiy irodasi, yaxshi qo'shnichilik va o'zaro manfaatdorlik tamoyillari asosida hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligi kabi eng asosiy jihatga egamiz.
2018 yilning mart oyida Qozog'iston poytaxtida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi maslahat uchrashuvi bo'lib o'tgan edi. Ushbu voqeani, hech bir mubolag'asiz, mintaqaviy hamkorlikdagi yangi bosqich, deb atash mumkin. Uchrashuv davomida besh tomonlama hamkorlikning asosiy ustuvor yo'nalishlari va kelgusi rejalar belgilab olindi. Markaziy Osiyo mamlakatlari o'rtasida siyosiy muloqot sezilarli darajada oshdi, mintaqaga oid ichki va xalqaro aksariyat masalalarga doir qarashlar yaqinligi yoki bir-biriga mos kelishi o'z isbotini topdi.
Hamkorlikning yangi sur`ati hozirdanoq o'z samaralarini bermoqda. Markaziy Osiyodagi tovar ayirboshlash hajmi ancha oshdi, avia-avtomobil va temir yo'l yo'nalishlari ochilmoqda, o'tkazish punktlari modernizasiya qilinmoqda, infratuzilma loyihalari amalga oshirilyapti. Ichki mintaqaviy iqtisodiy aloqalar mustahkamlanmoqda, chegaralarga oid masalalar kelishib olinmoqda, suv resurslari va ekologiyadan oqilona foydalanish masalalari birgalikda hal etilmoqda.
Mintaqalashtirish va kooperasiya tendensiyalari zamonaviy dunyo­­ni rivojlantirishning ajralmas qismidir. Hatto yirik va o'ziga to'q mamlakatlar ham o'z sheriklari bilan yaqin hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'ymoqda.
Jahon tajribasi shuni ko'rsatmoqdaki, kichik va o'rta davlatlar uchun hamkorlikning samarali platformalarini yaratish, kooperasiya aloqalarini kengaytirish o'ta muhim bo'lib, busiz uzoq muddatli va barqaror taraqqiyotga erishib bo'lmaydi.
Ayni paytda mamlakatlarimizning tabiiy yaqinlashuvini qandaydir «qotib qolgan mentalitet», deb talqin etib bo'lmaydi. Markaziy Osiyodagi bugungi ijobiy jarayonlar faqat biz uchungina foydali bo'lib qolmay, mintaqadagi azaliy sherik­larimiz manfaatlariga ham xizmat qiladi. Qozog'iston barcha manfaatdor davlatlar bilan hamkorlikning barcha shakllari uchun ochiqdir.

O'zA

Boshqa xabarlar