ZIYo SARChAShMASI

27

«Buxoro kitob olami» qalblarni nurafshon etmoqda

«Buxoro kitob olami» savdo majmuasini buxoroliklar yaxshi biladi. Ochilganiga ikki yil to'layotgan ushbu ma`rifiy maskan kitobsevarlarning ma`naviy ehtiyojlarini, aholining kanselyariya mahsulotlariga talablarini yuqori darajada qondiryapti. ­E`tiborlisi, ilgari Buxoro shahridagi «Varaxsha» mehmonxonasiga qarashli umumiy ovqatlanish shoxobchasi bo'lgan, ayni paytda E`zoz Bobomurodov rahbarligidagi yirik savdo majmuasi joylashgan muhtasham bino faqat shu maqsadgagina xizmat qilmaydi. Bir yilga yaqin vaqt ichida bu yerda turli yo'nalishlarda yana qator muassasalar ish ­boshladi.

Qaldirg'och sayyohlik agentligi

«Anor travel company» sayyohlik agentligi haqida ayni shunday ta`rifni qo'llash mumkin. Yil boshidan buyon faoliyat ko'rsatayotgan mazkur agentlik yurtdoshlarimizga ichki va tashqi turizm, chet elliklarga esa O'zbekiston bo'ylab sayohat yo'nalishlarida xizmat ko'rsatmoqda. Xususan, agentlikning «Etti pir» silsilasidagi qadamjolarga, shuningdek, Samarqand, Xiva singari ko'hna shaharlarga uyushtirayotgan sayyohlik safarlari har jihatdan maroqli o'tyapti. Bundan tashqari, Feruza Rahmonova rahbarlik qilayotgan muassasa das­turidan Turkiya, Tailand, Malayziya, Indoneziya, Yevropadagi qator mamlakatlarga sayohatlar ham o'rin olgan. O'z navbatida, ular tarixiy mas­kanlar, tabiat, sohilbo'yi turizmi yo'nalishlaridan iborat. Chunonchi, yurtdoshlarimiz agentlik ko'magida Turkiya va Misrning qadimiy go'shalarini tomosha qilib, tabiat quchog'ida, Qizil dengiz bo'ylarida hordiq chiqarishyapti. Tailandning Pxuket, Patayya singari orollari go'zalligidan bahra olishmoqda.
Bundan tashqari, agentlik xorijlik sayohatchilarga «Buyuk ipak yo'li» yo'nalishida transport, mehmonxona, ovqatlanish, gid-ekskursavod xizmatlarini ko'rsatyapti. Tabiiyki, tez orada bu tashkilotning faoliyat miqyosi yanada oshadi. Zero, shu kabi turagentliklarning ko'payib, samarali ishlashi orqali mamlakatimizda turizm ravnaqi ta`minlanishi aniq. «Anor» brendi ostida sekin-asta tanilayotgan ushbu muassasaning ta`sischisi esa «Buxoro kitob olami» bo'lib, uning bosh ofisi aynan ziyo maskani bilan bir manzilda joylashgan.

Shu yerdan xorijga «uchirma»

Chet elda o'qishni ko'pchilik xohlaydi. Lekin bunga erishish oson emas. Ayni shunday niyatdagi yigit-qizlar «Buxoro kitob olami»ga borib, tegishli mutaxassislarga murojaat etishsa, kifoya. Aniqrog'i, bir yildan beri ushbu korxona bilan umumiy maskanda xizmat ko'rsatayotgan «ASIA EDUCATION» kompaniyasi barcha xohlovchilarga Xitoy, Janubiy Koreya, Polsha va Maltadagi o'ttizdan ortiq oliy o'quv yurtining bakalavriat hamda magistratura yo'nalishlarida tahsil olishga ko'maklashadi. Xo'sh, bu qanday amalga oshadi?
Kompaniya rahbari Shohobiddin ­Sadriddinovning aytishicha, chet eldagi muayyan ta`lim dargohlari bilan hamkorlik aloqalari yo'lga qo'yilgan va shunga ko'ra ingliz tili bo'yicha IELTS sertifikatiga ega yurtdoshlarimiz bevosita «ASIA EDUCATION» yordamida o'sha bilim maskanlariga imtihonsiz ham qabul qilinyapti. Buning uchun dastlab mazkur kompaniyaga murojaat etgan shaxsning hujjatlari tayyorlanib, xorijiy OTMga yuboriladi. So'ngra shartnoma tuziladi. Tomonlar kelishuviga muvofiq o'qish qaysi xorijiy tilda bo'lishi talabaning ixtiyorida. Mabodo u tegishli tilni bilmasa, 1-kursda bepul o'rgatiladi. Qaysidir mutaxassislik bo'yicha o'qishning o'zi esa pullik. Bundan tashqari, kompaniya yigit-qizlarga viza olishga yordam beradi. Talabalar chet eldagi tahsil chog'ida biron muammoga yo'liqsa ham «ASIA EDUCATION»ga suyanishi mumkin.
«Bu tashkilotning ko'magisiz ham xorijda o'qisa bo'ladi-ku?!» degan savol tug'ilishi tabiiy. Shunga javob tariqasida bir misolni keltirsak. Chin yurtidagi Sichuan san`at va fan universiteti (Sichuan university of arts and science)ning kompyuter texnologiyalari fakulteti talabasi, buxorolik Umidali Jabborov o'qishi uchun bir yilda 722 AQSh dollari to'layapti. Agar u «ASIA EDUCATION» imkoniyatlaridan foydalanmaganida 1733 dollar sarflashiga to'g'ri kelardi. O'z navbatida, yotoqxona xarajatlari 650 dollarga tushar edi. Buning o'rniga o'sha yigitning yotoq uchun to'lovi uch yarim barobar arzon miqdorni tashkil etmoqda.
Umuman, Buxorodagi kompaniya imkoniyatlaridan foydalanishning shu singari afzalliklari ko'p. «ASIA EDUCATION» mutasaddilari faoliyat ko'lamini yanada kengaytirish niyatida. Xususan, yaqin kelajakda ularning xalqaro ta`lim hamkorligi dasturidan Amerika, G'arbiy Yevropa va Rossiyadagi oliy ta`lim dargohlari bilan xuddi shunday bitimlar tuzish rejalashtirilmoqda.

Talabga mos tanlov

Darvoqe, yaqinda «Buxoro kitob olami» MChJ ta`sischiligida erkaklar kiyim-kechaklari do'koni ochildi. Buning uchun ikki milliard so'mga yaqin ­mablag' sarflandi. «Atlanta» nomli ushbu yirik savdo maskanida hozir yuzdan ortiq turdagi mahsulotlarni ko'rish mumkin. Shu tariqa erkaklar va o'g'il bolalarga mos turli bichim hamda o'lchamdagi bosh, oyoq, marosim, sport kiyimlari, ust-bosh, kostyum-shimlar xaridorlarga manzur bo'lmoqda. Yurtimiz, Turkiya, Xitoy, Vetnamda ishlab chiqarilgan bunday sifatli, ko'rkam, nisbatan arzon liboslar chegirmalar asosida, shuningdek, «1+1=3» ko'rinishidagi aksiyalar, bonuslar orqali ham sotilyapti. «Atlanta» xodimlari «Talabga mos tanlov» shiori ostida ish yuritishmoqda.
Xullas, «intilganga tole yor» degan shiorga qat`iy amal qilayotgan buxorolik tadbirkorlar kitobning ziyo, ilm va ma`rifat chashmasi ekanini teran anglab yetishgan. Ehtimol, erishilayotgan yutuqlar siri shunda bo'lsa, ajab emas.

Rustam IBROHIMOV,
«ISHONCH»

Boshqa xabarlar