O'ZBEKISTONDA QOZOG'ISTON YILI OChILDI

42

u qardoshlik va yaxshi qo'shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti ­Shavkat ­Mirziyoev va Qozog'is­ton Res­publikasining Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboev 2017 yilda oliy darajadagi muloqotlar so'ngida 2018 yilda Qozog'istonda O'zbekiston yili va 2019 yilda O'zbekistonda Qozog'is­ton yilini o'tkazishga kelishib olgan edi.
Bu xalqlarimiz o'rtasidagi hamkorlik tarixida noyob voqea sifatida qardoshlik munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

«O'zbekiston» xalqaro anjumanlar saroyida 15 aprel kuni O'zbekistonda Qozog'iston yilining rasmiy ochilish marosimi bo'ldi.
Prezident Shavkat ­Mirziyoev va Prezident ­Qosim-Jomart Toqaev nutq so'zladilar. Davlat rahbarlari Qozog'istonda O'zbekiston yili doirasida faollashgan madaniy-gumanitar aloqalar xalqlarimizni yanada yaqinlashtirganini ta`kidladilar. Mazkur yirik tadbir xalqlarimiz o'rtasidagi hamkorlikni mustahkamlab, azaliy do'stlikni ulug'lashdek mushtarak maqsadlarga erishishda muhim o'rin tutishini qayd etdilar.
O'zbekistonda Qozog'iston yilining ochilishi strategik sheriklik munosabatlari tobora mustahkamlanib, ishonch va o'zaro qo'llab-quvvatlash kuchayib borayotganidan dalolat beradi. Ushbu muhim voqea xalqlarimiz o'rtasidagi abadiy va samimiy do'stlik, madaniy va ma`naviy yaqinlik ramzidir, dedi Shavkat Mirziyoev.
Qozog'iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqaev O'zbekistonda Qozog'iston yili doi­rasida o'tkaziladigan tadbirlar qardosh xalqlarimiz madaniy aloqalarini yanada mustahkamlashini qayd etdi.
O'zbekiston Respublikasida Qozog'iston yili ochiq, deb e`lon qilindi.
Ma`lumki, Qozog'istonda 2018 yilda keng nishonlangan O'zbekiston yili doirasida iqtisod, turizm va madaniy-gumanitar sohalarda ko'plab tadbirlar, ma`rifiy uchrashuvlar, turli festival va ijodiy kechalar o'tkazildi. Ikki mamlakat san`at namoyandalarining o'zaro tashriflari amalga oshirildi. O'zbek Milliy akademik drama teatri, Navoiy viloyati ijodiy jamoalarining gastrol safarlari qo'shni Qozog'iston viloyatlarida katta qiziqish bilan qarshi olindi.
Bugungi kunda mamlakatlarimiz oliy ta`lim tizimida hamkorlikka oid 50 dan ziyod bitim va kelishuvlar amal qiladi. Mamlakatimizdagi 400 ga yaqin maktabda qozoq tili o'qitiladi, oliy ta`lim muassasalarida qozoq tili, matematika, fizika va boshqa fanlar bo'yicha pedagog kadrlar tayyorlanadi. Chimkent shahrida 2018 yilning may oyi­­da O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik aloqalari qo'mitasi va Qozog'iston xalq assambleyasi o'rtasida hamkorlik to'g'risida memorandum imzolandi. Bu ikki mamlakat hududida o'zbek va qozoq tillarini o'rganishdagi hamkorlikni amaliy mazmun bilan boyitish imkonini berdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2018 yil 13 martda «Buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qo'nonboev ijodiy merosini keng o'rganish va targ'ib qilish to'g'risida»gi qarori qabul qilindi. Shuning barobarida Qozog'is­tonda so'z mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 577 yilligi katta tantana qilindi. Bu adabiyoti va madaniyati bir daryodan suv ichgan, azaldan qavm-u qarindosh bo'lgan xalqlarimiz hayotidagi muhim voqeadir. Mamlakatimizda Qozog'iston adabiyoti va madaniyati markazining ochilishi esa ushbu sohadagi hamkorlik bardavomligining yana bir tasdig'i bo'ldi.
Do'stona munosabatlarni mustahkamlashda O'zbekiston – Qozog'iston parlamentlararo do'stlik guruhlari ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, 2018 yil noyabr oyi­­da ikki mamlakat parlamentlari quyi palatalari o'rtasida hamkorlik memorandumi imzolanishi qonun ijodkorligi munosabatlarida yangi davrni boshlab berdi. Bu, o'z navbatida, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning huquqiy asoslarini mustahkamlashda muhim omil bo'layotir.
Mamlakatimizda Qozog'is­ton yiliga katta tayyorgarlik ko'rildi. Uning doirasidagi tadbirlar san`at, fan, ta`lim va tadbirkorlik sohalari vakillariga o'zaro manfaatli aloqalarni yo'lga qo'yish, bilim va tajriba almashish uchun yangi ufqlar ochadi. Madaniyatlarimiz bir-birini boyitishiga, xalqlarimiz yanada yaqin bo'lishiga xizmat qiladi.
– Bu yil O'zbekistonda Qozog'iston yilining keng nishonlanishi hududlar o'rtasidagi madaniyat, ijtimoiy-gumanitar hamkorlikni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqadi, – dedi Qozog'iston Res­publikasi madaniyat va sport vaziri Aristanbek Muhamediuli. – Ko'plab madaniy tadbirlar, ikki mamlakat san`at ustalari va teatr jamoalarining gastrol safarlari tashkil etiladi.
Butun dunyoda mamlakatlarimizning boy tarixi bilan tanishish, betakror urf-­odat va an`analarini o'rganish, me`moriy yodgorliklari misolida asriy tamaddun yutuqlaridan bahramand bo'lish istagida bo'lgan sayyohlar soni yil sayin ortib bormoqda. Shu bois ham bugun turizm sohasidagi hamkorlik biz intilayotgan muhim yo'nalishlardan biri bo'lib qolmoqda.
O'zbekistonda Qozog'iston yili doirasida o'tkaziladigan qo'shma tadbirlar va loyihalar ayni shu kabi hamkorlik uchun ham mustahkam asos bo'lib xizmat qiladi.
Ochilish marosimi katta konsert dasturi bilan davom etdi.
Shu bilan Qozog'iston Res­publikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqaevning O'zbekiston Respublikasiga tashrifi yakunlandi.

Z.JONIBEKOV,
U.ShONAZAROV,
O'zA muxbirlari

Boshqa xabarlar