O'ZIMIZNI HURMAT QILIShNI QAChON O'RGANAMIZ?

57


Ziyolilarimiz o'zbek tilining mavqeini mustahkamlashga jiddiy kirishganga o'xshaydi. Sababi keyingi paytlarda ommaviy axborot vositalarida  o'zbek tilini asrash to'g'risida maqolalar chop qilinib, ijtimoiy tarmoqlarda fikrlar bildirilmoqda. Aslida ham o'zbek tilining umrboqiyligini ta`minlash dolzarb masala sanaladi. Ona tilimiz – milliy o'zligimiz timsolidir. Uni asrash – o'zlikni asrash, hurmat qilish –o'zimizni hurmat qilishdir. Nazokat Masharipovaning maqolasi ham shu haqda.

Maqolani to'liq quyida o'qing.

SO'ZLAShUV O'ZLIGIMIZGA XOS BO'LSIN

yoxud tilimizga behurmatlik bilan qarayotganlar xususida

– Koroche, menga bir kilogramm pechenie bering. Iloji bo'lsa tezroq, ishga uspet qilishim kerak.

Ro'zg'or tashvishi bilan do'konga kirdim. Sotuvchi bilan oldi-sotdi qilayotgan xaridorning ruscha-o'zbekcha aralash so'zlari e`tiborimni tortdi. Men ham u-bu narsa xarid qildim-da, avtobus bekatiga yo'l oldim. U yerda ham shu ahvol. Telefonda gaplashayotgan yigit kimgadir «nima, chunmadim, dokazat qilasanmi?, bo'pti paka» deya o'zini atrofdagilarga «zamonaviy» so'zlashayotganini ko'z-ko'z qilardi. Kimlardir bunga e`tibor berdi, kimlardir nazariga ham ilmadi. Chunki ko'pchiligimiz almoyi-aljoyi so'zlarni kundalik hayotimizda qo'llashga ko'nikib qolganmiz-da…

Ko'cha-ko'yda kimlardir bilan muomalaga kirishgudek bo'lsak, «problema»,  «naprimer», «otvechayu», «davay», «Okey» kabi chet so'zlarining ishlatilishiga guvoh bo'lamiz.

Bugun tilimiz shu darajada oqsoqlanib qoldiki, ba`zan u talaffuz qilayotgan so'zni qulog'imiz eshitmaydigan, o'zimiz tushunmaydigan darajaga yetdik. Eng achinarlisi, o'zbek tilining noadabiy qatlamini tashkil qiluvchi jargon va vulgar so'zlarini talaffuzimizda qo'llab, ularni yaxshi fazilat deya sanayotganimizdir. Chet so'zlarni tilimiz bilan qorishtirib aytsam, madaniyatli, zamonaviy inson bo'lib ko'rinaman deydiganlar nahotki,  milliy g'ururimiz, iftixorimiz timsoli bo'lgan o'zbek tilimiz rivojiga to'siq bo'layotganini tushunishmasa. O'zimizga bir savolni berib ko'raylik: Qaysi millat kishisi chet elda o'zining milliy so'zi bilan o'zbekcha so'zlarni aralashtirib gapirar ekan?…Javob: Hech kim.

Axir o'zimizning boy tarixga ega, ne-ne sinovlardan o'tib, sayqallanib kelayotgan o'zbek tilimiz bor.  

Abdulla Avloniyning «Har bir millatning dunyoda borlig'ini ko'rsatadurgan oinayi hayoti til va adabiyotidir. Milliy tilni yo'qotmak  millatning ruhini yo'qotmakdur» degan so'zlarigni esga olaylik. Unda til milliy manfaat ekanligi, millatning borligi shu xalqning tili bilan bog'liq ekanligi qayd etilgan. Shunday ekan, nega bugun bizning kimligimizni ko'rsatib turadigan o'zbek tilimizga bepisandlarcha munosabatda bo'lyapmiz? Kundalik hayotimizda o'zbek tilini qo'pol buzish holatlarining kelib chiqayotganligi, sof o'zbek tili me`yorlariga amal qilinmay, so'zlashuv madaniyatining buzib qo'yilayotganligi achinarli holat emasmi? Bizni nima majbur qilibdiki, tilimizning boy imkoniyatlaridan foydalanmay, jargon va vulgar so'zlarga murojaat qilamiz. Bu nafaqat o'zbek tilini yaxshi bilmaslik, so'zlarini o'rinli qo'llamaslik, balki boshqa tillarga bo'lgan hurmatsizlikning bir ko'rinishi sifatida talqin etilmaydimi?!

Grammatik qoidalarga solingan, qat`iy talaffuz normalariga ega o'zbek tilimiz bor. Har birimiz anashu til va nutq imkoniyatlaridan to'g'ri foydalansak, nafaqat o'zimizning madaniyatimizni, balki o'sib kelayotgan yosh avlod qalbida til bebaho qadriyat, millat g'ururi ekanini  shakllantirgan bo'lamiz. Zero, til millatning ongi va xotirasi, ruhiyati, ma`naviy-ma`rifiy qiyofasi, o'tmishining in`ikosi ekanini unutmaylik.

Nazokat MAShARIPOVA. 

2019 yil 29 mart,  9-son

«Hayot ko'zgusi» gazetasi

Boshqa xabarlar