Cheklovlar: iqtisodiyotga foydami yoki zarar?

241

mavjud muammolar va ularning yechimlari haqida xolis fikr

(Ikkinchi maqola)

Bugun ko'chalarimizni to'ldirib yurgan (hech mubolag'asiz) o'zimizning  avtoulovlarni ko'rib, dilimiz yayraydi. Faxr bilan aytamiz: o'zimizniki! Ammo tanganing ikkinchi tomonida dilga g'ashlik soladigan bir jihat bor: «o'zimizniki» o'zimizga qimmatga tushmayaptimi?

Keling, shu haqda fikrlashamiz.

Gapni tarixdan boshlasak, 1996 yil Asakada «O'zDEU» zavodi ishga tushganida barchamiz «Endi xorijdan «tuya bahosida ot olib kelmaymiz»,  o'zimizning mashinalarimizni minamiz», deya xursand bo'lganimiz bor gap.

O'shanda zavod ishlab chiqargan «Neksiya» avtomobilining narxi 7000 AQSh dollari atrofida edi. Keyinchalik davlat zavodni qo'llab-quvvatlash maqsadida xorijda ishlab chiqarilgan avtomashinalarga to'lanadigan import bojxona to'lovlarini keskin ko'tarib yubordi. Ya`ni, narxi 20000 AQSh dollari bo'lgan avtomobil uchun kamida 20000 AQSh dollariga teng bojxona to'lovlari belgilandi. Shunday qilib, endi qimmat bo'lsa ham faqat «o'zimizniki»ga kunimiz qoldi, «boriga shukur» qilib, mahalliy monopolist zavodning avtomobillarini xarid qilaverdik.

Lekin zavod ishlab chiqarayotgan avtomobillarining sifati tushib ketganiga qaramasdan, narxlarini yildan-yilga oshiraverdi. Dilerlik salonlarida «shapka» atamasi paydo bo'ldi. Uning miqdori hatto 10000 AQSh dollarigacha yetib bordi. Eng qizig'i, ushbu noqonuniy ishlarga yillar davomida barham berilmadi…

Hozirgi kunga kelib nomi o'zgargan «GM Uzbekistan» zavodi «Lasetti Gentra» rusumli avtomobilni ichki bozorda o'rtacha 15000 AQSh dollariga sotmoqda. Bunday narx  dunyoning hech qaysi davlatida yo'q. Mashina ishlab chiqarmaydigan davlatlarda ham ushbu avtomobil narxi 8000 AQSh dollari atrofida. Internetdagi masmotors.ru saytiga kirsangiz, «Lasetti Gentra» avtomobili Moskva shahrida 6500 AQSh dollaridan 8000 AQSh dollarigacha bo'lgan narxda taklif qilinayotganini ko'rish mumkin.

Nima sababdan boshqa davlatda arzon sotilayotgan ushbu avtomobillarni O'zbekiston aholisi ham shu narxda sotib olish imkoniyatidan mahrum etilyapti? Mahsulotini ichki bozorda ikki barobar qimmat narxda taklif qilishdan ko'zlangan maqsad nima?

Fikrimizcha, eng asosiy monopolist – «GM Uzbekistan» zavodiga berilgan imtiyozlar bekor qilinib, ushbu monopolist manfaatlarida asossiz ko'tarib yuborilgan xorijda ishlab chiqarilgan avtomashinalarga to'lanadigan import bojxona to'lovlari qo'shni Qozog'iston va Qirg'izistondagi bojxona to'lovlari darajasiga tushirilishi lozim.

Agar shunday qilinsa:

Birinchidan, xorijda ishlab chiqarilgan yuqori sifatli  avtomashinalar ­(Toyota, Mersedes, Volks­wagen, BMW, Audi, ­Hyundai, Volvo) importidan davlat byudjetiga ko'p miqdorda bojxona to'lovlari kelib tushadi. Bu mablag'lar «GM Uzbekis­tan» zavodi faoliyatidan davlat byudjetiga kelib tushayotgan foyda summasidan ancha ko'p miqdorni tashkil qiladi. Oddiy misolda buni isbotlashga harakat qilamiz: Yaponiyada ishlab chiqarilgan «Toyota-Corolla»avtomobilining Birlashgan Arab Amirliklaridagi narxi 14000 AQSh dollari. Shu mashina uchun Qozog'istonda 7000 AQSh dollari, O'zbekistonda esa 14000 AQSh dollari bojxona to'lovlari to'lanadi. «GM Uzbekis­tan» zavodida ishlab chiqarilgan «Lasetti Gentra» mashinasidan davlat 20% foyda olsa ham, bu 3160 AQSh dollarini tashkil qiladi. Demak, O'zbekistonda bojxona bojlari kamaytirilsa, har bir olib kelingan «Toyota-Corolla» mashinasidan davlat byudjetiga 7000 AQSh dollari miqdorida bojxona to'lovi tushadi. Bu har bir «Lasetti Gentra» mashinasidan olinayotgan foydadan ikki barobardan ortiq foyda deganidir.

Ikkinchidan, «GM Uzbekistan» zavodi mahsulotlarining narxi tushib, aholimiz ancha arzon narxlarda avtomashinalarni sotib olish imkoniga ega bo'ladi.

Uchinchidan, O'zbekistonda investision muhit tubdan yaxshilansa, dunyoning yetakchi avtomobil ishlab chiqaruvchilari mamlakatimizda o'z korxonalarini ochish istagini bildirishi mumkin.

Gap shu haqda ketar ekan, maishiy texnika bozoriga ham to'xtalmasak bo'lmaydi. So'z yana bir monopolist korxona – «Artel» brendi ostida maishiy texnika vositalarini ishlab chiqaruvchi korxonalar haqida ketayotganini, albatta,  anglagandirsiz.

Ushbu korxonalar Xitoy va Janubiy Koreyada ishlab chiqarilgan maishiy texnika vositalarining butlovchi qismlarini import qilib, O'zbekistonda ularni yig'ib, ichki bozorda tayyor mahsulot sifatida sotish bilan shug'ullanadi.

Ichki bozorda «Artel» mahsulotlarining narxi Xitoydan import  qilingan xuddi shu turdagi mahsulotlarning narxidan uncha katta farq qilmaydi. Ayrim hollarda, hattoki, qimmatroq ham. Bundan ko'rinadiki, ushbu korxonalar ham O'zbekiston aholisini arzon maishiy texnika vositalari bilan to'liq ta`minlay olmayapti.

E`tiborli tomoni shundaki, mazkur korxonalar 2022 yilga qadar mahsulot ishlab chiqarish uchun zarur bo'lgan materiallar va butlovchi qismlarni import qilishda bojxona to'lovlaridan (0,2% bojxona rasmiylashtiruvi yig'imidan tashqari), shuningdek, foyda solig'i, mulk solig'i va Respublika yo'l fondiga ajratmalarni to'lashdan ham ozod etilgan.

Shunday ekan, unda nima sababdan ichki bozorda «Artel» mahsulotlari Xitoydan import qilingan shu turdagi mahsulotlardan arzon emas? «Artel» mahsulotlari Qozog'istonda O'zbekiston ichki bozoridagi narxlardan kamida 30-40 foiz arzon sotilayotganini qanday tushunish mumkin? Xitoydan import qilingan maishiy texnika vositalarining Qozog'iston bozorlaridagi narxlari ham O'zbekiston ichki bozoridagi shu turdagi mahsulotlar narxlaridan 30-40 foiz arzon. Nega?

Bayon etilgan tahlildan faqat bir xulosa qilish mumkin – elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarga davlat tomonidan berilgan imtiyozlar, ularni qo'llab-quvvatlash choralari kutilgan natijani bermayapti.

Xorijda ishlab chiqarilgan maishiy texnikaga belgilangan asossiz yuqori import bojxona to'lovlarining Qozog'istondagi bojxona to'lovlari darajasiga tushirilishi ushbu mahsulotlarning O'zbekiston ichki bozoridagi narxlari pasayishiga olib keladi. Elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarga berilgan imtiyozlar va davlat tomonidan qo'llangan qo'llab-quvvatlash choralari bekor qilinsa, O'zbekiston ichki bozorida sog'lom raqobat muhiti shakllanadi.

Demak, «Artel» kompaniyasi ham butlovchi qismlarni import qilishda kamaytirilgan bojxona bojlarini to'lab, sog'lom raqobat muhitida o'z mahsulotlarining ichki bozordagi narxini tushirishga majbur bo'ladi. Bu, o'z navbatida, aholining to'lov qobiliyati, ya`ni ichki bozor salohiyatini yanada oshiradi. Import qilingan va O'zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar narxining ichki bozorda arzonlashishi qo'shni davlatlardan ushbu mahsulotlarni sotib olib kirishga bo'lgan ehtiyojni o'z-o'zidan yo'qotadi.

Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turi va hajmi ko'payishi, aholi daromadlari, ya`ni to'lov qobiliyati, shuningdek, eksport oshishi milliy valyutamiz qadri yuksalishiga asos bo'lishi esa natijalarning eng ahamiyatlisidir.

Abdurahmon HAMIDOV,

huquqshunos

TAHRIRIYaTDAN:

Gapning ochig'ini aytganda, iqtisodiy mavzuda fikr yuritish, tahlil va muqoyasa qilish matbuot uchun yillar davomida yopiq bo'lib keldi. To'g'ri, iqtisodiy sohadagi yutuqlar e`tirof etilgan maqolalar ko'p bo'lgandir, ammo kamchilik­lar, muammolar va odamlarning e`tirozlariga sabab bo'layotgan jihatlar juda kam yoritildi. Tahlil va tanqidga asoslangan, jamiyatda to'g'ri fikrni shakllantiradigan xolis fikrlar o'rtaga tashlanmadi.

Iqtisodiy cheklovlar jamiyat, yurt taraqqiyoti uchun qanchalik muhim? Bu bilan iqtisodiyot barqarorligi qanchalik ta`minlanadi?

Gazetxonlar e`tiboriga havola qilingan «Cheklovlar: iqtisodiyotga foydami yoki zarar?» sarlavhali ikki maqolada huquqshunos Abdurahmon Hamidovning bu boradagi shaxsiy fikrlari, tahlil va xulosalari bilan tanishdik.

Mazkur maqolalar, umuman, ushbu mavzuda so'z yuritish bilan tahririyat kimnidir ayblashdan yiroq, albatta. Tahririyatga xolis fikr, jamiyat ravnaqi uchun xizmat qiladigan tahlil kerak.

Yana mavzu savoliga qaytamiz: cheklovlar iqtisodiyot uchun foydami yoki zarar? Tanganing ikkinchi tomoni ham bor. Haqiqat bahslarda tug'iladi, ravshanlashadi. Shu sabab tahririyat Iqtisodiyot, Moliya vazirliklari, Bojxona, Soliq, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko'maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo'mitalari mutasaddi va mutaxassislarini, soha ekspertlari hamda iqtisodiy sharhlovchilarni mazkur mavzu yuzasidan muhokamaga chorlaydi. Buning uchun «Ishonch» gazetasi minbar berishga tayyor.

Boshqa xabarlar