Yagona maqsad yo'lida

79

Metallurgiya va mashinasozlik sanoati tarmoqlari xodimlari kasaba uyushmasi tomonidan bir qator xorijiy turdosh kasaba uyushma tashkilotlari bilan jiddiy hamkorlik yo'lga qo'yilgan bo'lib, jumladan, 2017-2018 yillarda Xalqaro Yevroosiyo metall ishchilari Federasiyasi va unga a`zo Rossiya mashinasozlar, Ukraina mashinasozlar va asbobsozlar ishchilari, Qirg'iziston kon-metallurgiya sanoati xodimlari, Qozog'iston tog'-metallurgiya sanoati kasaba uyushmasi – «Kazprofmetall», Tojikiston tog'-metallurgiya sanoati ishchilari kasaba uyushmalari bilan o'zaro hamkorlik to'g'risida Kelishuvlar imzolangan.

Toshkent shahrida yaqinda tashkil etilgan Xalqaro Yevroosiyo metall ishchilari Federasiyasi Markaziy qo'mitasining 47-yig'ilishi mazkur xalqaro aloqalarni yanada ­mustahkamlashga xizmat qildi.
Ma`lumki, O'zbekiston metallurgiya va mashinasozlik sanoati tarmoqlari xodimlari kasaba uyushmasi Xalqaro Yevroosiyo metall ishchilari Federasiyasining 1994 yildan buyon a`zo tashkiloti va ta`sischilaridan biridir. Turkiya poytaxti Anqara shahrida joylashgan mazkur tashkilotga 1994 yil 13 fevralda asos solingan bo'lib, u metall sanoati ishchilari xalqaro kasaba uyushmalarining birlashmasi hisoblanadi.
2011 yil mart oyida Xalqaro Yevroosiyo metall ishchilari Federasiyasining VI Qurultoyi­­da Federasiyaning Prezidenti etib saylangan «Turk Metall» kasaba uyushmasining yosh va faol rahbari Pevrul Kavlak 2014 va 2017 yillarda ham ushbu lavozimga qayta saylandi.
Bugungi kunda Yevroosiyo mintaqasining 19 ta mamlakatidagi 20 milliondan ortiq ishchilarni birlashtirgan 79 ta kasaba uyushma tashkiloti Federasiyaga a`zo hisoblanadi. MDH mamlakatlari, shuningdek, Bolgariya, Bosniya, Makedoniya, Albaniya, Turkiya, Iordaniya, Eron va Shimoliy Kipr davlatlaridagi tashkilotlar shular jumlasidandir.
Federasiyaning asosiy maqsadi bandlik kafolatini ta`minlashga erishish va metall sanoati ishchilari farovonligini oshirish, ularga xavfsiz mehnat sharoitlari yaratish, shu bilan birga, ishchilar va ularning oilalarini ijtimoiy va madaniy tomondan rivojlantirishdan iborat.

Tashkilot tomonidan eng samarali usul sifatida keng ko'lamli o'quv dasturlari olib boriladi. 1994 yildan bugungi kunga qadar Anqara shahridagi Federasiyaning o'quv markazida «Zamonaviy dunyodagi mehnatkashlar va kasaba uyushmalarining integrasiyasi» mavzuida bo'lib o'tgan seminarlarda a`zo mamlakatlardan 60 mingdan ortiq mehnatkashlar va kasaba uyushma faollari ishtirok etdi.
Federasiya, shuningdek, milliy kasaba uyushmalariga kasaba uyushmasi faoliyatining markazlashgan turi bo'yicha zamonaviy modelga o'tishda yordam ko'rsatadi. Chunki faoliyatning mazkur turi bozor iqtisodiyoti sharoitida o'z samarasini isbotladi.
Bundan tashqari, turli xil kasaba uyushma loyiha va dasturlarini birgalikda amalga oshirish uchun Federasiya axborot almashinuvini ta`minlab beradi, metall sanoati ishchilariga oid masalalarda milliy va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi, ularni moddiy va ma`naviy tomondan qo'llab-quvvatlaydi, a`zo tashkilotlarga ijtimoiy-iqtisodiy masalalarda amaliy ko'mak beradi.
O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining katta majlislar zalida bo'lib o'tgan mazkur tashkilot Markaziy qo'mitasining 47-yig'ilishida «Turk Ish» Turkiya kasaba uyushmalari Konfederasiyasi Prezidenti Ergun Atalay, Xalqaro Yevroosiyo metall ishchilari Federasiyasi Prezidenti Pevrul Kavlak, bosh kotibi Ismail Dursun, Rossiya, Ukraina, Belarus, Armaniston, Bolgariya, Qozog'iston, Tojikiston, Qirg'iziston, O'zbekiston va Shimoliy Kiprdagi turdosh kasaba uyushma tashkilotlaridan jami 31 nafar a`zo ishtirok etdi.
Yig'ilishda, shuningdek, O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi rahbariyati va bo'lim mudirlari, kasaba uyushmalari Respublika kengashlari hamda tasarrufdagi tashkilotlar rahbarlari qatnashdi.
O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi raisi Q.Rafikov yig'ilishni kirish so'zi bilan ochdi. O'z navbatida, Xalqaro Yevroosiyo metall ishchilari Federasiyasi Prezidenti Pevrul Kavlak O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi rahbariyatiga samimiy qo'llab-quvvatlov uchun minnatdorlik bildirdi.
Markaziy qo'mita a`zolari o'z faoliyati yuzasidan, qolaversa, mamlakatlaridagi ijtimoiy-iqtisodiy yo'nalishdagi rivojlanish to'g'risida ma`lumot berdilar.
Yig'ilishdan so'ng O'zbekis­ton metallurgiya va mashinasozlik sanoati tarmoqlari xodimlari kasaba uyushmasi hamda bir ­nechta mamlakatlar turdosh kasaba uyushma tashkilotlari o'rtasida o'zaro yordam va hamkorlik to'g'risida Kelishuvlar imzolandi.
O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi nomidan tashkil qilingan qabul marosimida mehmonlarga Metallurgiya va mashinasozlik sanoati tarmoqlari xodimlari kasaba uyushmasi ­Respublika kengashi rai­­si A.Xakulov esdalik sovg'alari topshirdi. Tadbirda, shuning­dek, Turkiyaning O'zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi muo­vini Serjan Evjin qatnashdi.
Dasturga asosan xorijlik mehmonlarning Samarqand va Toshkent shahridagi tarixiy va diqqatga sazovor joylarga tashrifi uyushtirildi.

Shodiya AYuPOVA,
Metallurgiya va mashinasozlik sanoati tarmoqlari xodimlari kasaba uyushmasi Respublika
kengashining tashkiliy ishlar bo'yicha bosh mutaxassisi

Boshqa xabarlar