Soat taqmaydigan odam baxtlimi?

75

«Doim», «hamisha», «mudom», «daqiqa», «lahza», «on» …

Vaqtni anglatuvchi so'zlar ko'p. Masalan, «Ertaga» so'zi… Garchi vaqtni aks ettirsa-da, «bugun»ning aksi bo'lgan bu so'zdan hayotda qat`iyatsiz va faol bo'lmagan kishilar ko'proq foydalanishadi. Oqibatda esa, ishni besabab orqaga suruvchi bemalolxo'jalar «erta, ertaga» deb ertasini ham boy berib qo'yganini ko'p ko'rganmiz. Shunday ekan, bugungi ishni ertaga qoldirmaslik, qolgan ishga qor yog'ishiga yo'l qo'ymaslik uchun shoshilmasdan shoshilish kerak.

Vaqt hech qachon kutib turmaydi, u shafqatsiz, beayov. Biz esa, ko'p hollarda, unga shafqat qilamiz. Uni «o'ldirish», ya`ni vaqtni tezroq o'tkazish payida bo'lamiz: u kanaldan bu kanalga «ko'chib» seriallar ko'ramiz, soatlab gap sotamiz, kompyuter o'yinlari, narda o'ynaymiz… Xullas, arzimagan, befoyda va bema`ni narsalarga keragidan ortiqcha vaqt sarflaymiz. Afsuski, bu «isrofgarchilik» keyinchalik juda qimmatga tushishi mumkinligini o'ylamaymiz ham. Vaqtdan oqilona foydalana olmaydigan odam, eng avvalo, o'ziga ziyon keltiradi. Fursat o'tgach, bu zararni qoplash va uning o'rnini to'ldirish uchun faqat bir narsa yetishmaydi. U ham bo'lsa – vaqt!
Olti oylik farzandining tarbiyasi masalasida olti oyga kechikkan ota haqidagi hikoyat juda ta`sirli. Kechikish, ulgurmaslik hamisha qimmatga tushgan. Ko'pchilik umuman e`tibor bermaydigan soniyalarning naqadar qimmatli ekanligini sportchilardan so'rang, aytib berishadi. Tobga kelgan yerni bir kun, yarim kun kech haydash kuzda hosilga nechog'lik ta`sir qilishini asl dehqon ilmiy darajali olimdan ko'ra yaxshi biladi. «Boshdan o'tkazgan tabib» deb shunga aytadilar-da!
«Vaqt yetmayapti», «ulgurolmayapman», «vaqtim yo'q» deguvchilarning hammasi ham hamisha vaqtdan unumli va to'g'ri foydalanayotgan bo'lavermaydi. Hatto, ba`zilar vaqtni behudaga sarflab, aslida hech narsa qilmayotgan bo'lib chiqadi. Kimda-kim «…o'lishga ham vaqt yo'q» deb sizning qimmatli vaqtingizni olib, hecham shoshilmayaptimi, demak, u unchalik band emas. Shunchaki vaqtni zoe ketkazyapti, xolos.
Biz hayotimiz davomida mol-mulkimizni avaylab asrashga, tejab ishlatishga harakat qilamiz. Ammo eng qimmatbaho mulkimiz – vaqtni-chi? Uning qadriga, qimmatiga yetamizmi? Mabodo, pul yoki buyum yo'qotsak, xafa bo'lib, g'am-g'ussaga botamiz. Lekin eng katta boyligimiz – vaqtni yo'qotsak, bunga ko'pam parvo qilmaymiz. Nega?
Nima, vaqtimiz shunchalik ko'pmiki, uni hisobsiz sovursak. Aslida, vaqtimiz hisob-kitobli, uning qanchaligi va qachon tugashi ham bizga bog'liq emas.
Kutishdan yomoni yo'q. Ba`zan ayrimlarning «vaqti yo'qligi» sabab qabullarda, eshiklar oldida soatlab va hattoki kunlab «sarg'ayib o'tiramiz». Esiz vaqt.
Nega endi do'stimiz bilan soat 18:34da uchrashishga kelishmaymiz? Nima uchun 10:13 ga qabul belgilanmaydi? Ne sababdan turli jadval va dasturlarni tuzishda faqat juft sonlardan foydalanamiz? To'g'ri, ba`zan toq sonlar ham «qo'l keladi». Ammo bilib olganimiz faqat shu birgina «5». Ya`ni, 9:05, 10:25, 11:45… tarzida.
Ochig'ini aytganda, xorijliklar vaqtni qat`iy belgilashda bizdan ancha ilgarilab ketishgan. Masalan, bekatlardagi jadvallarda avtobuslarning kelib-ketish vaqti toq va juft sonlarda ko'rsatiladi: 10:13, 10:27, 11:14 tarzida. Turli dasturlar, jadvallarni tuzishda ham shu yo'sinda ish tutiladi. Bizda esa…
Hozir deyarli hammada uyali telefon bor. Shuning uchun ko'pchilik qo'l soatlaridan foydalanmay qo'ygan. Bir paytlar soat taqmagan kishiga «baxtli odam ekansiz» deyishardi. Soat taqmaslikning qay darajada «baxtga bog'liqligini» bilmadim-u, ammo bitta narsani aniq bilaman: vaqtning (vaqtining) qadriga yetmaydigan odam to'la-to'kis baxt­­li bo'la olmaydi. U soat taqadimi yoki yo'q, buning farqi yo'q.
Ha aytgancha, bordi-yu, o'zimizdan orttirib, o'zligimizga ham vaqt topa olsak bormi, bu endi – OLIY BAXT!

Alijon ABDURAHMONOV

Boshqa xabarlar