Otashqalb inson umri

68

Hayotda shunday insonlar bo'ladiki, ular bolaligidan yuragiga katta maqsadlarni tugib ulg'ayadi. Shu maqsadlar yo'lida kelajak sari zalvorli qadamlar tashlaydi. Ularning bu qadamlari bejiz ketmaydi, jamiyatda o'z aks-sadosini beradi. Bo'ri Allamurodov ham ana shunday ezgu intilishlar bilan yashagan, o'zining chaqmoqdek umri davomida yoshlar tashkilotidagi oddiy yo'riqchilikdan O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining raisi lavozimigacha bo'lgan katta hayot va faoliyat yo'lini bosib o'tishga ulgurgan otashqalb insonlardan biri edi.

Boysun qirlarida tug'ilgan Bo'ri Allamurodovning bolaligi Surxon – Sherobod cho'llarida o'tdi. U cho'l bag'rida hayot yaratish, rizq undirish uchun ko'chib kelgan odamlarning tortayotgan mashaqqatlarini ko'rib to'lqinlanardi. Shunda uning yosh yuragi bu odamlarga yordam berish istagi bilan yondi. Hali maktabning 8-sinfida o'qiyotgan yigit sinfdosh do'stlarini to'plab, o'quvchilar ishlab chiqarish brigadasini tuzdi. Ular 1962 yilda hozirgi Muzrabot tumanidagi «Yangiobod» xo'jaligi hududida 20 gektar yerga makkajo'xori, keyingi yillarda paxta ekib, yuqori ko'rsatkichlarga erishadi. Bu yoshlarning dong'i respublikaning o'sha paytdagi rahbari Sharof Rashidovning qulog'iga yetib boradi. Respublika rahbari Surxondaryo viloyatiga safari chog'ida Bo'ri Allamurodov va u boshliq brigada a`zolari bilan ham shaxsan uchrashib, dildan suhbatlashadi, ularni yanada ulkan dovonlarga ruhlantiradi. O'sha davrlarda bu yoshlarning tashabbusi butun mamlakatga namuna sifatida e`tirof etilgan edi. 11-sinf o'quvchisi Bo'ri Allamurodov O'zbekiston Oliy Kengashi Prezidiumining faxriy yorlig'i bilan mukofotlanadi.
– Bo'ri Allamurodovning mamlakat birinchi rahbarining nazariga tushishi bejiz emas edi, – deydi Surxondaryo viloyati kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi raisi Abdukarim Ahmedov. – «Bo'lar bola boshidan» ­deydi xalqimiz. Bo'ri yoshligidan g'ayratli, bilimdon, istarasi issiq yigit edi. U maktabda ham a`lo baholarga o'qidi. Respublika fan olimpiadalari g'olibi bo'ldi. 1964 yili maktabni oltin medal bilan tugatib, Toshkent qishloq xo'jaligi instituti hamda Butunittifoq qish­loq xo'jaligi akademiya­sida shu soha bo'yicha tahsil oldi. Keyinchalik Surxondaryo viloyati yoshlar tashkiloti birinchi kotibi, Respub­lika yoshlari tashkiloti markaziy qo'mitasi mas`ul xodimi, bo'lim mudiri, birinchi kotibi lavozimlarida faoliyat yuritdi. Keyinchalik Surxondaryo viloyati qishloq xo'jaligi bo'limi boshlig'i, Sirdaryo viloyati partiya qo'mitasi ikkinchi kotibi, 1987-90 yillarda Namangan viloyati partiya qo'mitasining birinchi kotibi, 1990-93 yillarda O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi raisi lavozimlarida samarali mehnat qildi. U qaerda, qanday mas`uliyatli lavozimlarda ishlamasin, o'ziga topshirilgan vazifalarni halollik bilan bajarib, xalqning hurmat – izzatiga sazovor bo'ldi.
Zamon o'z yukiga yelka tutolgan, davr talablariga «labbay» deb javob berolgan jasoratli insonlardan o'z qahramonlarini yaratadi. Bo'ri Allamurodov ham tezkor davr talablari bilan hamnafas yashay olgan inson edi. U mehnatdan, ­qiyinchiliklardan cho'chimadi. Yoniq yurak bilan yashadi.
U kishi mustaqil O'zbekiston Kasaba uyushmalariga rahbarlik qilgan yillari tizim rivojiga katta hissa qo'shdi. Bo'ri Allamurodov mamlakatimiz Kasaba uyushmalarining jahon miqyosida o'rni bo'lishini orzu qilardi. Vaqti kelgan ekan, u kishining orzusi amalga oshdi. Yaqinda O'zbekiston Kasaba uyushmalari Kasaba uyushmalari Umumkonfederasiyasi a`zoligiga qayta qabul qilindi. O'tgan yil oxirida Konfederasiya prezidenti Mixail Shmakov Toshkentga kelganida Bo'ri Allamurodovning nomini hurmat bilan yodga oldi. Inson o'z xalqiga xizmat qilish niyati bilan kamol topadi. Bo'ri aka ham o'z hayot yo'lini shunday ulug' niyat bilan boshlagan edi va umri davomida ana shu maqsad bilan yashadi.
Davr kishi oldiga ulkan vazifalar qo'yib, ularning natijasini kutadi. Bu jarayonda insonga ona yurtga bo'lgan muhabbati favqulodda kuch-g'ayrat bera oladi. Bo'ri Allamurodov hayoti buning yaqqol isbotidir. Zero, el-yurt uchun baxshida bo'lgan inson hayoti aslo unutilmaydi. Bunday umr chiroqlari insonning xotirasini mangu yoritadi.

Norto'ra ERGAShEV

Boshqa xabarlar