«XUMDON»DAGI HOLAT YaXShILANADIMI?

124


Hududlarni obod qilish bo'yicha mamlakatimizda qator ishlar olib borilmoqda. Shu o'rinda chiqindilarni qayta ishlash, aholi turar-joylarining ekologik holatini yaxshilash masalalari dolzarbligicha qolmoqda. Soha rivoji yo'lida amalga oshirilayotgan islohotlar maishiy chiqindilarni ko'mish, hajmini kamaytirish, sanitar va ekologik me`yorlar talablariga muvofiq keladigan zamonaviy qattiq maishiy chiqindi poligonlarini yaratish va mavjud poligonlarni yopish, rekultivasiya qilish ham muhim.Qo'shtepa tumanidagi «Xumdon» mahallasida esa ahvol quvonarli emas. Nega?

Maqolani to'liq quyida o'qing.

 

«XUMDON» ChIQINDILAR MAYDONIMI?

«Farg'ona – Qo'qon» katta avtomobil yo'liga tutash bo'lgan chiqindilar maydonidagi «go'zal» manzara ko'pdan beri odamlar e`tiborini tortadi.
Bu manzilda «hukmron» bo'lgan qo'lansa hid yon-atrofda yashovchi insonlarga, o'tgan-ketganlarga turli noqulayliklarni keltirib chiqarmoqda. Ustiga-ustak, etarli darajada muhofazalanmagan chiqindilardan hosil bo'lgan yong'inlar mana, bir necha yildirki, atrof-muhitga salbiy ta`sir ko'rsatmoqda. Ayniqsa, shamol turib qolsa bormi, keng maydon uzra sochilib yotgan chiqindilar dov-daraxtlarga «marjondek» terilgan turfa yelim xaltalarni ko'rib, hayratingiz oshadi.

«Sabr qilinglar, hammasi yaxshi bo'ladi»

— Mahallamiz mazkur chiqindilar poligoniga yaqin hududda joylashgani bois odamlarimiz toza havodan to'yib nafas ololmaydi, — deydi Qo'shtepa tumanidagi «Xumdon» mahalla fuqarolar yig'ini raisi Eson­ali G'ANIEV. — Bir yildan buyon chiqindilar maydonida to'plangan axlatlar uyumi atrof-muhit musaffoligiga jiddiy zarar etkazmoqda. Ayniqsa, kunning issiq paytida yuzaga kelgan holat aholining haqli e`tirozlariga sabab bo'layotir. Chunki bunday zararli havodan nafas olish insonda nafas yo'li va allergik kasalliklar kelib chiqishiga imkoniyat yaratadi. Bu masalada amaliy yordam so'rab bir necha bor viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining tuman bo'limiga murojaat qildik. Afsuski, ular «Sabr qilinglar, hammasi yaxshi bo'ladi» deyishdan nariga o'tmayapti.

Yiliga 200 ming tonna chiqindi qayta ishlanadi

Farg'ona tumanidagi «Sadkak» mahalla fuqarolar yig'ini hududida joylashgan, «Toza hudud» davlat unitar korxonasi Farg'ona shahar filialiga qarashli chiqindilar poligonidagi ushbu manzara kecha yoki bugun paydo bo'lgani yo'q. U yillar davomida o'z yechimini kutib yotibdi. Xo'sh, bu boradagi mavjud muammolar qanday hal etilmoqda? Viloyatda maishiy chiqindilarni saralash va qayta ishlash qay tarzda amalga oshirilmoqda?

— Yuzaga kelgan mavjud kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida «Oiruli communal servis» mas`uliyati cheklangan jamiyati hamda Belorusiyaning «ChPUP» Sifaniya – Ekotexnika» hamda Turkiyaning «Semak Equipments and Technologu» kompaniyalari bilan hamkorlikda yiliga 73 ming tonna chiqindini yig'ish va saralashga ixtisoslashgan «CLEAN AND TECHNOLOGY GROUP» qo'shma korxona tashkil etildi, — deydi Farg'ona viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig'i Bahrom JUMANOV. — Hozirga qadar yiliga 200 ming tonna chiqindini qayta ishlash uchun zarur bo'lgan saralash va ishlab chiqarish uskunalari sotib olish yuzasidan kelishuvlar amalga oshirildi. Loyiha joriy yilning avgust oyida ishga tushiriladi. Bundan tashqari, 11 turdagi maxsus chiqindi tashish transportlari ham sotib olindi. Natijada 2019-2020 yillarda Farg'ona shahrida yashovchi 284 ming nafar aholiga qarashli maishiy chiqindilarni yig'ib olish va qayta ishlash bilan bog'liq bo'lgan masalalar to'liq qamrab olinadi.

Darhaqiqat, soha rivoji yo'lida amalga oshirilayotgan islohotlar maishiy chiqindilarni ko'mish, hajmini kamaytirish, sanitar va ekologik me`yorlar talablariga muvofiq keladigan zamonaviy qattiq maishiy chiqindi poligonlarini yaratish va mavjud poligonlarni yopish, rekultivasiya qilish imkonini beradi.

Chiqindilar necha turga bo'linadi?

Endilikda maishiy chiqindilar to'rt turga bo'lingan holda qabul qilinadi. Bular qog'oz, shisha, oziq-ovqat, qurilish chiqindilariga ajratiladi. Shu maqsadda joriy yilda 32 ta maxsus chiqindi tashish texnikasi va 1 dona rotopress maxsus texnikalari xarid qilindi. Lekin bu transport vositalari aholining 50-55 foiziga xizmat ko'rsatish imkoniyatiga ega, xolos. Bu borada mavjud ehtiyojni to'liq qamrab olish uchun yana 296 ta maxsus chiqindi tashish texnikalari zarur bo'ladi.

— Ona tabiatni asrash, hududlarni saranjom-sarishta saqlashda, eng avvalo, aholi ongida ekologik madaniyatni shakllantirish lozim, — deydi viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining chiqindilar bilan bog'liq ishlarni amalga oshirish bo'limi boshlig'i Farhodjon XOLMATOV. — Chunki maishiy chiqindilarning paydo bo'lishiga bilvosita sababchi bo'lganlar uni bartaraf etishga ham o'z hissalarini qo'shishlari zarur. To'g'ri, mavjud muammo va vazifalarni bir-ikki yilda bartaraf etishning imkoni yo'q. Ammo har bir oila, mehnat jamoasida ekologik madaniyatni shakllantirmay turib, bu maqsadlarga erishib bo'lmaydi. Shunday ekan, farzandlarimiz ongiga, eng avvalo, oila, maktabgacha va umumta`lim muassasalarida ona tabiatni sevish, uni muhofaza qilish borasidagi bilim va ko'nikmalarni singdirib borishimiz, bu yo'lda ibrat bo'lgan yoshlar, murabbiylarni rag'batlantirish, qo'llab-quvvatlash muhim hisoblanadi. O'tkazilgan amaliy tadbirlarimiz davomida shu kunga qadar 1164 nafar aholi xonadonlaridan to'plangan maishiy chiqindilar, 24 ta mahalla fuqarolar yig'inlarida aniqlangan noqonuniy chiqindixonalardan 498 tonna chiqindi belgilangan joyga olib borib tashlandi.

Ma`lumot o'rnida

Viloyatda bir kunda 3080 tonna, bir yilda esa 1 million 124 ming tonna maishiy chiqindi hosil bo'ladi. «Toza hudud» DUK va sanitar korxonalari 1 million 633 ming nafar aholiga xizmat ko'rsatmoqda. Bu umumiy aholining 44 foizini tashkil etadi, xolos. Ayni kunda faoliyat ko'rsatib kelayotgan 20 ta kichik chiqindilarni qayta ishlash korxona va tashkilotlari mavjud chiqindilarni saralash va qayta ishlash imkoniyatiga ega emasligi axlatlar uyumlari «tog'» bo'lishiga sabab bo'lmoqda.

O'ylaymizki, mutasaddilar, soha mas`ullari tizimdagi mavjud muammolarni to'liq bartaraf etishga, aholi esa ekologik madaniyatga rioya qilib, viloyatni eng ko'rkam va ozoda go'shaga aylantirishga bor hissalarini qo'shadi, degan umiddamiz. Zero, obod maskanda doimo fayzu baraka bo'ladi.

Rasul KAMOL,

«Mahalla»

2019 yil 2-9 may, 21-son

«Mahalla» gazetasi

Boshqa xabarlar