Ijtimoiy himoyaning muhim omili

79

Mamlakatimizda mehnat sohasida ijtimoiy sheriklik qanday ko'rinishda o'z ifodasini topgan va u amalda qanday samara bermoqda? O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi Kengashi o'tkazgan «Jamoa shartnomalari va kelishuvlari orqali xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlarini himoya qilish borasida belgilangan chora-tadbirlar» mavzuidagi matbuot anjumanida shu xususda so'z yuritildi.

Anjumanda Kasaba uyushmalari Federasiyasi raisi o'rinbosari Baxtiyor Mahmadaliev korxona, tashkilot va muassasalarda faoliyat ko'rsatayotgan xodimlar hamda ularning oila a`zolari ijtimoiy himoyasini ta`minlashda mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklikning ahamiyati haqida atroflicha to'xtalib o'tdi. Ta`kidlanganidek, ijtimoiy sheriklik asosida ish yuritish jamiyatning barqarorligi, rivojlanishi, unumli ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini ta`minlashga xizmat qiladi.
Vazirlar Mahkamasi, Kasaba uyushmalari Federasiyasi, Savdo-sanoat palatasi o'rtasida 2017-2019 yillar uchun tuzilgan ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga oid Bosh kelishuv asosida respublikada 105 ta tarmoq, 14 ta hududiy kelishuvlar, bevosita tashkilotlarda esa 157 mingdan ortiq jamoa shartnomalari amal qilmoqda.
Aytish joizki, jamoa shartnomasi korxona, tashkilot va muassasalarda ish beruvchi bilan xodimlar o'rtasidagi mehnatga, ijtimoiy-iqtisodiy masalalar va kasbga oid munosabatlarni tartibga soladi. O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi tomonidan korxona, tashkilot va muassasalarda ish beruvchi va kasaba uyushma qo'mitasi o'rtasida imzolanayotgan ushbu hujjatning ijtimoiy tarkibini kuchaytirishga alohida e`tibor qaratilishi natijasida bugun xodimlarning to'liq bandligini ta`minlash, yangi ish o'rinlarini yaratish, kadr­larni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish masalalarini hal etishga erishilmoqda. Jamoa shartnomalari va kelishuvlariga xodimlar mehnatiga haq to'lashni tashkil etishga, ustamalar, qo'shimcha to'lovlar va kompensasiya­larni o'rnatish tartibiga oid aniq va batafsil me`yorlar kiritilyapti. Bu esa turli sohalarda mehnat qilayotgan kasaba uyushma a`zolaridan qariyb 764 ming nafarining ish haqlari oshirilgan tarif koeffisientlari bo'yicha hisoblab to'lanishini ta`minlayotir.

Jamoa shartnoma va kelishuvlarida mehnat xavfsizligi darajasini oshirish, ish o'rinlarida sanitar-gigienik vaziyatni yaxshilash, xodimlarni yakka tartibdagi va jamoaviy himoya vositalari, sanitar-maishiy xonalar bilan ta`minlash, ish o'rinlarini shahodatdan o'tkazish, mehnat muhofazasi qoidalariga o'rgatish, zararli mehnat sharoitlari uchun xodimlarga imtiyoz va kompensasiyalar berish masalalari ham e`tibor markazida. Bundan tashqari, jamoa shartnomalariga kiritish orqali ish vaqti va dam olish vaqtini tartibga solish borasida aksariyat korxona va tashkilotlarda asosiy uzaytirilgan va qo'shimcha ta`tillar o'rnatilgan. Ish stajiga qarab qo'shimcha ta`tillar berish tartibi joriy etilgan. Natijada 2 mln. 500 ming nafardan ziyod xodim asosiy uzaytirilgan, 2 mln. 300 ming nafarga yaqin xodim esa yillik qo'shimcha ta`tillardan foydalanmoqda.
Joriy yilda respublika miqyosida korxona va tashkilotlarda jamoa shartnomalari bajarilishi yakunlariga bag'ish­lab o'tkazilgan mehnat jamoalarining umumiy yig'ilish (konferensiya)larida xodimlar oldida ochiq hisobot berildi hamda mehnatkashlarning takliflari asosida jamoa shartnomalariga yangi band va me`yorlar, qulaylik­lar kiritildi.
Tahlillar shuni ko'rsatmoqdaki, amaldagi jamoa shartnomalarining deyarli 99,4 foi­ziga ish beruvchi tashabbusiga ko'ra xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilishdan avval kasaba uyushma qo'mitasining roziligini albatta olish lozimligi to'g'risidagi band kiritilgan.
Qayd etish zarurki, keyin­­gi yillarda jamoa shartnomalari ijtimoiy tarkibining kuchaytirilishi xodimlarning daromadi oshishiga bevosita va bilvosita ta`sir ko'rsatmoqda. Xususan, korxona, tashkilot va muassasalarda o'rta hisobda bir xodimga oylik maoshdan tashqari jamoa shartnomasi orqali bir yilda sarflangan mablag' miqdori bundan 4-5 yil avval o'rtacha 1,5 mln. so'mni tashkil etgan bo'lsa, 2018 yil davomida o'rtacha 3,5 mln. so'mdan ziyodni, yirik ishlab chiqarish korxonalarida esa 8-12 mln. so'mni tashkil etdi.
Ahamiyatli jihati, jamoa shartnomalari va kelishuvlari xodimlarning mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash, bandlikni ta`minlash, ijtimoiy masalalarni hal etish barobarida, korxona-tashkilotlarda iqtisodiy o'sish va ishlab chiqarishning raqobatdoshligini oshirishga ham xizmat qilmoqdaki, bundan mehnat munosabatlarining barcha sub`ektlari birdek manfaatdor bo'lmoqda.

To'lqin ShERNAEV,

Boshqa xabarlar