Intizomiy jazo bekor qilindi

82

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Surxondaryo filiali ma`muriyati shifokor Asatillo Ismatovga joriy yil 18 aprel kuni o'rtacha oylik ish haqining 30 foizi miqdorida jarima intizomiy jazosi tayinlagan.

Bundan norozi bo'lgan A.Ismatov Surxondaryo viloyati kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasiga murojaat etdi. Mehnat kodeksining 182-moddasi, 3-bandida «Intizomiy jazoni qo'llanishda sodir etilgan nojo'ya xatti-harakatning qay darajada og'ir ekanligi, shu xatti-harakat sodir etilgan vaziyat, xodimning oldingi ishi va xulq-atvori hisobga olinadi» deb ko'rsatilgan. Ish beruvchi A.Ismatovga esa sodir etilgan nojo'ya xatti-harakatning qay darajada og'ir ekanligi, harakatning kelib chiqish sabablari, sodir etilgan vaziyat xodimning ishchanlik obro'si va xulq-atvorini inobatga olmasdan og'ir jazo tayinlagan.
Bundan tashqari, Mehnat kodeksining 184-moddasida shunday deyilgan: «Intizomiy jazo ustidan yakka mehnat nizolarini ko'rish uchun belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin. Mehnat nizosini ko'rib chiqayotgan organ sodir etilgan nojo'ya xatti-harakat qanday vaziyatda yuz berganligini, xodimning oldingi xulq-atvorini, mehnatga bo'lgan munosabatini, intizomiy jazoning sodir etilgan nojo'ya xatti-harakatning og'irlik darajasiga qanchalik mos kelishini, ish beruvchining intizomiy jazo berish tartibiga rioya qilganligini hisobga olib, xodimga nisbatan qo'llanilgan intizomiy jazoni g'ayriqonuniy deb topish va uni bekor qilish to'g'risida qaror chiqarishga haqli».
Bayon etilgan qonun talablariga asosan, ish beruvchiga jarima intizomiy jazosini bekor qilish haqida taqdimnoma kiritildi. 30 aprel kuni taqdimnoma qanoatlantirildi va A.Ismatovga nisbatan tayinlangan jarima intizomiy jazosi bekor qilindi.

Zarif Xolov,
Surxondaryo viloyati kasaba uyushma
tashkilotlari birlashmasining
yuridik bo'limi mudiri

Boshqa xabarlar