Namunali oromgoh shunday bo'lishi kerak

103

O'quv yili yakunlanishiga ham oz muddat qoldi. Xo'sh, oromgohlar faoliyatini tashkil etishda nimalarga e`tibor qaratish lozim? Avvalambor qanday chora-tadbirlar ko'rmoq talab etiladi?

Qo'shko'pir tumanidagi «Do'stlik» va «Humo» oromgohlarining mavsumga tayyorgarligi bo'yicha o'tkazilgan namunaviy ko'rgazmali seminarda shu kabi savollarga atroflicha javob izlandi. Seminarda shahar, tuman hokimlari, viloyat kasaba uyushma tashkilotlari vakillari, mavsumni tashkil qilishga mas`ul tashkilot va muassasalar mutasaddilari ishtirok etdi.
Ta`kidlash joizki, viloyat hokimi tashabbusi bilan mazkur oromgohlar qisqa fursat ichida mavsumga shay holatga keltirildi. Bolalarning cho'milishi uchun sun`iy ko'chma basseynlar tashkil qilindi. Yotoqxonalarda maxsus kiyim-bosh va oyoq kiyimlari, gigiena vositalari shay qilib qo'yil­­di. Musiqa, rassomchilik, sport va kompyuter kabi to'garak xonalari hamda alohida badiiy va ertak kitoblari bilan boyitilgan kutubxona tashkil qilindi. Viloyat hokimi barcha shahar va tuman hokimlarini ushbu muassasalardan ibrat olgan holda bolalarni dam olish va sog'lomlashtirish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko'rish, oromgohlarda bolalar uchun yetarlicha shart-sharoit yaratish, joriy yilning 15 may kuniga qadar oromgohlarni mavsumga hozir-u nozir holatga keltirish bo'yicha topshiriqlar berdi. Bundan tashqari, yozgi mavsumda bolalar uchun qadimiy shaharlarga sayohatlar uyushtirishning ahamiyati haqida to'xtalib, bu borada o'z taklif va tavsiyalarini bildirdi.
Shu o'rinda ta`kidlash joizki, viloyat kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi yil boshidan buyon mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda oromgohlarni mavsumga shay qilish bo'yicha tizimli ravishda chora-tadbirlar ko'rib kelmoqda.
O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi Kengashining 2019 yil 14 yanvardagi BM-06/50-sonli xati ijrosini ta`minlash maqsadida shahar va tuman hokimlik­lari bilan kelishilgan holda oromgohlarni tashkil qilish uchun sharoitlari yetarli bo'lgan ta`lim muassasalari tanlab olindi hamda oromgohlar dislokasiyasi shakllantirildi.
Viloyat hokimining taklifi asosida mahalliy byudjetlar, korxonalar va homiylarning mablag'i hisobiga bolalarni oromgohlarga qamrab olish rejasi 2018 yilga nisbatan 30 foizga oshirildi. Endilikda viloyat bo'yicha 33 ta oromgohda 13125 nafar bola dam oldiriladi.
Bunda viloyat hokimligi va kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi kengashi rayosatining «2019 yil yozgi mavsumida o'quvchi-yoshlarni dam oldirish va sog'lomlashtirish bo'yicha amalga oshiriladigan vazifalar to'g'risida»gi qo'shma qarori asos vazifasini o'tamoqda.
Ishchi guruh barcha oromgohlarning mavsumga tayyorgarlik bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar ahvolini muntazam o'rganib, natijasini atroflicha tahlil qilmoqda. Oromgohlar joriy yilning 1 iyun kunidan ishga tushirilishi belgilangan.
Ko'rgazmali seminarda tayyorgarlik ishlarini yanada jadallashtirish, kamchiliklarni bartaraf qilish yuzasidan tegishli tavsiya va topshiriqlar berildi.

Alisher SALAEV,
Xorazm viloyati kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi
madaniy-ma`rifiy va sport ishlari bo'limi mudiri

Boshqa xabarlar