TILIMIZ — O‘ZLIGIMIZ

37


Hozir dunyoda 7,5 mlrd atrofida inson yashaydi va ulardan hech birining barmoq izi boshqasinikiga o‘xshamaydi. Shuncha xalq yaqin-yaqingacha 7-8 ming tilda gaplashgan. Hozir bu raqam 6 mingga qadar qisqargan. Bularning ham 90 foizi yo‘qolib ketish arafasida. Chunki har ikki haftada bitta til o‘lib boryapti, deya xabar berishadi olimlar. Dunyoda yana shunday tillar borki, ularda faqat er-u xotinigina gaplashadi. 

Ulardan keyin til ham egasiz qoladi. Tilning egasi orqasidan tilning o‘zi ham tarixga aylanadi. Shu bilan birga, buning tamomila teskarisi ham bo‘lishi mumkin: el yashayveradi, lekin o‘z tilini qo‘yib o‘zga tilda gaplashadi. Bunday holda ham til o‘ladi. Xalqning jismi yashayveradi, lekin nomi o‘chadi, so‘zi o‘ladi, xotirasi ­unutiladi. Chunki har bir xalqning tili uning o‘zgalardan ajratib turadigan bosh xususiyati, belgisi hisoblanadi. Qizig‘i shundaki, insonning tana a’zosi hisoblanmish tilning uchidagi iz ham xuddi barmoqdagi iz kabi boshqalarnikiga o‘xshamas ekan. Qarang, shu yerning o‘zida, ya’ni tana a’zosi bo‘l­mish tilning uchida muloqot vositasi — tilga aloqadorlik yashiringan. Yo‘qsa, nega o‘zga tillarda so‘zlasha-so‘zlasha, so‘ng o‘z ona tilingda gaplasha boshlaganingda xuddi olis safardan Vatanga qaytgan baxtiyor kishidek sezasan o‘zingni! Demak, ona tili bu millatning botiniy qiyofasi, uning ma’naviy pasportidir. 

Shu ma’noda 1989-yil 21-oktabrda o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi millatimizning qaytadan oyoqqa turishiga teng tarixiy, siyosiy, ma’naviy va psixologik hodisa edi. Bu hodisa necha zamonlardan beri tilimizni tiklash, qadrlash va hayotga qaytarish yo‘lidagi ulkan odimlardan biri bo‘lib tarixga kirdi. Mustaqillik­ning asosiy shartlaridan biri ham, shubhasiz, til mustaqilligidir. Mazkur tarixiy qadam bilan biz o‘z ona tilimizni sekin-asta yo‘qolib ketish xavfidan saqlab qoldik. Ammo ko‘p o‘tmay qarshimizda boshqa bir muammo paydo bo‘ldi: dunyoni o‘rgimchak to‘ridek qamrab borayotgan globalizm kayfiyati bugungi kunda siyosiy-iqtisodiy jihatdan qudratli bo‘lmish AQsh, Xitoy va Rossiya kabi mamlakatlarning tillari mavqe­yini kes­kin oshirib yubordi. Natijada dunyo miq­yosida, ayniqsa, ingliz va xitoy tillariga qiziqish o‘zining haddi a’losiga yetib bormoqda. Xususan, ona O‘zbekistonimizning shahar va qishloqlarida joylashgan minglab tashkilot, do‘kon, dorixonalar peshtoqlari­da o‘zbekchadan ko‘ra ko‘proq inglizcha yozuvlarga ko‘zimiz tusha boshladi. Ilgari ruschalari ko‘p edi. To‘g‘ri, til bilish yaxshi. Til bilish bu — uyg‘onish. Hatto Renessans davrida ham odamlarning kamida ikki-uch tilni bilishi odatiy hol sanalgan. Lekin o‘zga tilni bilish o‘z ona tilingni unutish hisobiga bo‘lmasligi lozim. Aks holda, o‘zlikni boy berib qo‘yish mumkin. 

Ona tilimizni qanday sevamiz, muhabbatimizni qay yo‘sin izhor qilamiz? Tili­mizni qanday yuksaltirish, ulug‘lash va dunyoga yoyish mumkin?.. Buning eng sodda va eng ta’sirchan yo‘li — ona tili­mizda gaplashish, gaplashish va yana gapla­shishdir! Ona tilni tuqqan onani sevgandek sevish bilan, ona tilda so‘zlash, eshitish va yozish bilan unga xizmat qilish mumkin. Kimningki tili qaysi millat tilida chiqsa, u o‘sha millatga mansub bo‘ladi. Tanining oq yo qora bo‘lishi hal qiluvchi ahamiyatga ega emas. Uning kimligini til hal qiladi. Chunki til orqali millatning ruhi kirib boradi. Sen o‘z ona tilingni bilasanmi, demak, xalqingni bilasan. Ammo bugun zamonlar o‘zgardi. Bugun biz internet davrida yasha­yapmiz. Demak, ona tili­mizning qo‘llani­lishini zamonaning talablariga hamqadam olib borishimiz, chunonchi, o‘zbek tilida internetdan to‘liq foydalanish imkonlarini (bu soha bilan bog‘liq barcha dasturlarni) ayni paytda, dunyoning jamiki faol tilla­ridan o‘zbek tiliga, o‘zbek tilidan esa ana o‘sha faol tillarga  tarjima qiladigan elektron tizimlarni, lug‘atlarni imkon qadar tezlik bilan yaratishimiz kerak. Shu­ningdek, hamma sohalardagi ahamiyatga molik asarlarning o‘zbekcha tarjimalariga ega bo‘lishimiz shart. Yo‘qsa, yoshlarimiz ongi va qalbini boy berib qo‘yishimiz hech gapmas. Chunki yoshlar hayotga real qaraydi. Ularni quruq va’dalar bilan “olib o‘ti­rib” bo‘lmaydi. ­Ularga hayotlari davomida asqotadigan real takliflar berish kerak. 

Bundan 10 yillar burun dala hovlimning eshik-romlarini almashtirdim va “Parkent” bozoriga tushib, suvoqchi usta gaplashib keldim. Usta xakasiyalik ekan. Ismi — Volodya. “Nega bunday?” desam, bizda yoshlarning aksari shunday, dedi. “Xakas tilini bilasanmi?” deb so‘radim. “Tushunaman, xolos”, deb javob berdi. Til haqida hadeb so‘rayverganimdan keyin quyidagilarni bilib oldim: Xakasiyada keksalar udumni, tilni, millatni saqlab qolishga harakat qi­lishadi. Ya’ni xakas yigit xakas qiziga uylansin va o‘z yurtida yashasin, deyishadi. Yoshlarga shuni maslahat berishadi, kerak bo‘lganda, qattiq turib talab qilishadi. Lekin buning uddasidan chiqisholmaydi. Chunki sivilizatsiyaning qudratli bo‘roni yoshlarni o‘z domida chirpirak qilib aylantirib, Rossiya va dunyo bo‘ylab sochib yuborgan. Yoshlar rus tilida gaplashadi, ularning ismlari ruscha (nega tilni, millatni saqlab qo­lishga urinayotgan kattalar bolalariga bunday ism qo‘yishadi, bu qiziq…), ovrupacha, udumlari ham shunga yarasha. Xakasiyada yoshlar kam. Keksalar birin-sirin hayotdan ko‘z yumar ekan, ovullar huvillab boryapti. Katta avlod o‘zlari bilan birga xakas elining tilini, urf-odatlari­ni, butun borlig‘ini olib ketishyapti. Izdosh yo‘q, hisobi. Mana, tirik o‘rnak — Volodya! Uni ham ota-onasi yonlarida olib qolish va xakas qiziga uylantirish uchun qo‘lidan kelgan hamma ishni qilishgan. Lekin natija shuki, Volodya Toshkentga qochib kelib, o‘zbek qiziga uylangan, shu yerda muqim yashab qolgan, ikki farzandi bor. Ularning ismlari ham ruscha. Uyda rus tilida gaplashishadi. Holbuki, ularning hammasi turkiy, tomirlarida turkiylarning qoni oqadi… 

Bilasizmi, mana shu xakas yigitining qismati — xakas elining qismati,  bugunidir. Agar o‘z tilimizga mahkam bo‘lmasak, mana shu “qismat”, mana shu “bugun” ertaga bizning ham qismatimizga, bugunimizga, temurlarimiz esa volodyalarga aylanishi mumkin. Agar o‘zimizga mahkam bo‘lmasak, sekin-asta millatga tegishli boshqa qiyofalar ham qo‘ldan ketadi… Agar o‘zimizga mahkam bo‘lmasak… 

Tilning millat taqdirini hal qiluvchi omil ekanini bugun o‘zini ziyoliman deganning deyarli hammasi biladi. Lekin uning taqdiriga befarq qarab kelayotganlarning orasida o‘sha ziyolilarning, ya’ni o‘zimizning borligimiz g‘oyat achinarli. 

Ko‘cha-ko‘ylardagi e’lon-u reklamalar, do‘kon-u har xil markazlar, park nomlari-yu xizmat shoxobchalarining nomlari ajnabiy tillarda yozilayotgani, shaharning ayrim go‘shalarida o‘zimizni xuddi xorijga tushib qolgandek his qilayotganimiz, televideniye va radiomizdan ko‘pincha shevada gapirayot­ganimiz, “Atamashunoslik” qo‘mitasining tugatilgani-yu rasmiy hujjatlarning katta foizi hamon rus tilida olib borilayotgani haqiqat. Bu haqda o‘zini bilgan, xalqini, tilini jonu dilidan sevgan vatandoshlarimiz doim u yoki bu shaklda hayqirib kelyaptilar. Lekin qani ularni eshitadigan bir azamat! Biz ziyolilarimiz so‘zlarini eshitmaydigan, eshitsak ham pinak buzmaydigan hollarga tushib qoldikmi!.. Yo‘qsa, ijtimoiy tarmoqlarda necha yillardan beri ayni shu masala bot-bot ko‘tarilib, muhokama qilinmoqda. Lekin tayinli javob yo‘q… Javob jadidlarda bor edi. Vatan, xalq, til, milliy ozodlik kabi masalalarga hayotini tikkan ulug‘ ma’rifatparvar bobomiz Cho‘lponning “Kecha va kunduz” romani qahramonlaridan biri Miryoqubning dunyoqarashini tubdan o‘zgartirib yuborgan uchrashuv poyezdda yuz beradi. Miryoqub “Hali ham o‘g‘limni o‘ris maktabiga beraman deb qo‘ydim”, deydi jadid Sharofiddin Xo‘jayevga. Jadid unga: “Bu fikringiz xato. Ibtidoiy tarbiyani rus maktablaridan boshlab bo‘lmaydi, uni milliy maktablarda berish kerak. Ilgari milliy hissini o‘stirib, o‘z milla­tini tanitgandan keyin rus maktabiga berish kerakki, hunarga, ixtisosga tegishli ilmlarni o‘qisin… Undan keyin Germaniya, Fransiya, Ang­liya mamlakatlariga, hatto dunyoning narigi chekkasidagi Amriqoga yuborib o‘qi­tish ke­rak…” deb javob beradiki, bu javobdagi haq gap hozirgi kunimizga kelibgina ro‘yobga chiqayotganini o‘ylasak, Cho‘lpon ta’lim-tarbiya bobida xalqimizga sog‘ingan orzular, oz emas-ko‘p emas, naqd bir asrga kechikkanini alam bilan tan olishga to‘g‘ri keladi. Lekin shunda ham ulug‘ jadid orzusini bir tomonlama bajarmoqdamiz. Avval milliy maktab deyapti u, milliy maktabda milliy hisni o‘stirish haqida gapirmoqda. Hayotda esa yo milliy mahdudlikka yoki haddidan oshgan kosmopolitizmga berilish hollari ko‘p uchramoqda bizda. Yoki faqat milliy maktablar va milliy tarbiyani chetlab o‘tib, faqat xorijiy tilli maktablardan boshlamoqdamiz. Har ikki yo‘l ham halokatli. Bizga kerak bo‘lgan yo‘l romanda ko‘tarilgan muammoning romanda ko‘rsatilgan yechimida ekanida: jahoniy tafakkurni milliy his ustida barpo etishdadir. Milliy ruh (his) chetlab o‘tilar ekan, tili­mizni hech qachon himoya qilolmaymiz. Zero, tilning himoyachisi, avvalo, o‘z ona tilini mukammal bilishi, uning  tanglayi ona tilida ko‘tarilgan bo‘lishi shart! Buning boshqa chorasi ham, yo‘li  ham yo‘q. Ana, kunikecha bir necha o‘zbekistonlik rusiyzabon ziyolilarning “Vesti.uz” saytida e’lon qilingan rus tiliga xalqaro muloqot qilish maqomini berish to‘g‘risidagi murojaati bu borada Cho‘lponning naqadar haqli ekanini yana bir karra tasdiqlab turibdi. Chunki ota-bobosining tili qolib, o‘zga tilni yoqlab chiqqanlar aksari­ning tanglayi rus tilida ko‘tarilgandir.

Bugun xalqimiz til borasida o‘z so‘zini aytdi. Davlatimiz, hukumatimiz ham xalqimiz, ona tilimiz tomonida ekaniga shubha qilmayman. Endi navbat tilimiz obro‘sini ko‘tarish uchun real tadbirni ko‘rishda qoldi.  

Bas, shunday ekan, tilimizning, avvalo, o‘z yurtimizdagi mavqeyini oshirish uchun qat’iy va aniq chora-tadbirlar olishimiz shart. Buning uchun: 

birinchidan, O‘zbekistonda tug‘ilib yashayotgan har qanday vatandoshning, millatidan qat’i nazar, davlat tili bo‘lgan o‘zbek tilini bilishi majburiyligi bosh Qomusimizda qat’iy belgilab qo‘yilishi; 

ikkinchidan,  yurtimizda faoliyat olib borayotgan hamma tashkilotlar davlat ti­lida ish yuritish (buning uchun olimlarimiz har bir sohaning atamalarini ishlab chiqishi lozim); 

uchinchidan, ishga kirayotgan har qanday talabgor o‘zbek tilida savodli gapirish va yozish malakasi bo‘yicha imtihon topshirishi (buning ham darajalari bo‘lsin, albatta. Chunki o‘zga millat vakili uchun birdaniga til bilimining yuksak darajasini talab qilish to‘g‘ri bo‘lmaydi); 

to‘rtinchidan, zudlik bilan o‘zbek internet tili (va hamma sohalar bo‘yicha dasturlar) ishlab chiqilishi kerak. Toki shakllanib kelayotgan yosh avlod dunyo bilan aynan ona tilimiz orqali muloqotga kirisha olsin.

Bular qilinishi kerak bo‘lgan ishlar­ning dastlabkilari, eng zarurlari, xolos. Zero, oldinda amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar nihoyatda ko‘p.

Aytilganlardan xulosa shuki, davlat ti­limiz bo‘lmish o‘zbek tiliga to‘g‘ri va adolatli munosabatni shakllantirish uchun unga har tomonlama e’tiborni kuchaytirishimiz, bu e’tibor boshqa tillarga qarshi emas, balki ona tilimizni  rivojlantirishga qaratilishiga erishmog‘imiz, uni, avvalo, zamonaviy ilm-fan tiliga aylantirishimiz  kerak. shundagina o‘zgalar ham tilimizni hurmat qilib tan oladi, o‘rganadi. Zero, til bu o‘zligimizdir. Tildan mahrum bo‘lish o‘zlikdan, o‘zlikdan mahrum bo‘lish esa, or-u nomusdan — borliqdan mahrum bo‘lishdir. Axir, Olloh xalqlarni, ularning urf-odatlari-yu tillarini rang-barang qilib yaratdi. Biz ana shu ilo­hiy turfalikning bitta parchasi sifatida uni saqlab qolish va kelajak avlodlarga yetkazishga mas’ulmiz. 

Ulug‘bek HAMDAM

2016 – 2019-yy.

Manba: “M a’rifat” gazetasi

Бошқа хабарлар