USTUVOR LOYIHALAR IJROSINING BORIShI KO'RIB ChIQILDI

77

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 13 may kuni xorijiy investisiyalar ishtirokidagi ustuvor loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish masalalariga bag'ish­langan yig'ilish o'tkazdi.

Mamlakatimizda faol investisiya siyosati olib borilmoqda. Investisiya muhiti tobora yaxshilanib, ishbilarmon doiralar yurtimizdagi loyihalarga katta qiziqish bildirmoqda. Xalqaro moliya institutlari, rivojlangan davlatlar va yirik kompaniyalar iqtisodiy-ijtimoiy sohalarga sarmoya kiritmoqda.
Joriy yilning o'zida Germaniya Federativ Respublikasi, Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy Xalq Respublikasi, Koreya Respublikasi va boshqa davlatlar rahbarlari bilan oliy darajada muloqotlar bo'lib o'tdi. Ular doirasida sanoat, energetika, infratuzilma, qurilish, transport, qishloq xo'jaligi, sog'liqni saqlash, ta`lim kabi sohalarda muhim kelishuvlarga erishildi. Har bir xorijiy sherik bilan qo'shma loyihalar ijrosini ta`minlash uchun Prezident qarorlari asosida «yo'l xaritalari» tasdiqlandi.
Joriy yil 8 aprel kuni bo'lib o'tgan videoselektor yig'ilishida to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investisiyalar ishtirokidagi barcha loyihalar to'rtta ro'yxatga ajratilib, birinchi ro'yxatdagi eng muhim strategik loyihalar Prezidentning doimiy nazoratida bo'lishi belgilangan edi.
Yig'ilishda ana shunday ustuvor investisiya loyihalarining amalga oshirilishi atroflicha tahlil qilindi.
– Investisiyalar iqtisodiyot rivoji, xalqimiz hayot sifati va farovonligini ta`minlaydigan asosiy manbalardan biridir, – dedi davlatimiz rahbari. – Rivojlangan davlatlar bilan munosabatlarimiz yangi bosqichga ko'tarilganidan kelib chiqib, yanada faol va tizimli ishlashimiz kerak.
O'tgan davr mobaynida bu borada muayyan ishlar amalga oshirildi. Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi tizimiga shu soha uchun mas`ul vazirning birinchi o'rinbosari lavozimi kiritildi. Har bir mamlakat bilan ishlash bo'yicha alohida boshqarmalar tashkil qilindi. Bundan tashqari, mutasaddi rahbarlar boshchiligida maxsus ishchi guruhlar tuzildi.
Yig'ilishda xorijiy inves­tisiyalar ishtirokidagi ustuvor loyihalar bo'yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan mutasaddilarning hisobotlari tinglandi.
To'g'ridan-to'g'ri xorijiy inves­tisiyalarni o'zlashtirish holati juda sustligi, ulkan moliyaviy imkoniyatlardan samarali foydalanilmayotgani tanqid qilindi. Erishilgan kelishuvlar va qo'shma loyihalar ijrosini o'z vaqtida va so'zsiz ta`minlash bo'yicha qo'shimcha topshiriqlar berildi.
Shu bilan birga, ish o'rinlari yaratib, xalqqa foyda keltiradigan, iqtisodiy samarador yangi loyihalar ishlab chiqish bo'yicha ham vazifalar belgilandi.
Taraqqiy etgan mamlakatlarda investisiyalar jalb etish bo'yicha tajriba Birlashgan Arab Amirliklari misolida ko'rib chiqildi. Eng zamonaviy yondashuv va ish yuritish uslublarini soha va tarmoqlarimiz faoliyatiga jalb etish, ushbu mamlakatdan mutaxassislar taklif etgan holda yoki onlayn tarzda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat ­boshqaruvi akademiyasida malaka oshirish va tajriba o'rganishni tashkil etish masalasi muhokama qilindi, bu borada aniq vazifalar belgilab berildi.
Yig'ilishda to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investisiyalarni jalb etgan holda, Toshkent shahrida zamonaviy sanoat korxonalari tashkil etishga qaratilgan ishlar ijrosi ham tahlil qilindi. Bu loyihalar shaharning mavjud infratuzilmasidan samarali foydalangan holda bozorbop mahsulotlar ishlab chiqarish, ayniqsa, aholini ish bilan ta`minlash jihatidan muhimligi qayd etilib, ularni tezroq ishga tushirish bo'yicha ko'rsatmalar berildi.
Investisiya loyihalarini amalga oshirish tizimini takomillashtirish masalasiga alohida e`tibor qaratildi. Davlatimiz rahbari investisiya sohasiga doir qonunchilik xalqaro normalarga muvofiqlashtirilishi, ular har bir investorga ishonch va kafolat bo'lib xizmat qilishi zarurligini ta`kidladi.
Yig'ilishda berilgan topshiriqlar yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilandi.

O'zA

Boshqa xabarlar