Uzoq kutilgan maosh…

50

Keyingi yillarda aksariyat korxona va tashkilotlarda xodimlarga ish haqlari qonunda belgilangan muddatlarda to'lab kelinmoqda. Ammo hamma joyda ham bunga rioya qilinyapti, deb bo'lmaydi. «Yuggazstroy» OAJga qarashli «Xivaneftegazqurilish» unitar korxonasida 2018 yilning sentyabridan ayrim xodimlarning ish haqi kechika boshladi. Oradan yetti oy o'tdi hamki, maoshdan darak yo'q. Korxonaning besh nafar xodimi shu yil mart oyida viloyat hokimiga ariza bilan murojaat qildi. Viloyat hokimligi ushbu masalada kasaba uyushmalaridan amaliy yordam so'radi.

Kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi mutaxassislari ish beruvchi bilan muzokaralar o'tkazib, unga qonun talablarini tushuntirishdi. Natijada 2019 yil 30 mart va 2 aprel kunlaridagi to'lov topshiriqnomalari bilan Q.Abdukarimovning 4 690 197 so'm, R.Bekchanovning 6 459 120 so'm, Q.Ahmedovning 3 464 236 so'm, X.Jabborovning 3 904 578 so'm, O.Daudovning 3 904578 so'm ish haqi to'lab berildi. Shikoyat yozishga andisha qilgan bosh­­qa xodimlar ham uzoq kutilgan oylik maosh­larini olishdi.
Xonqa tumani ko'p tarmoqli markaziy poliklinikasida ham ahvol shunchalikka bordi. Fevral oyidan beri ish haqini ololmayotgan hamshira G.Iskandarova viloyat kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasidan yordam so'rashga majbur bo'ldi. Kasaba uyushmalari aralashuvi bilan muammo tezkor hal qilindi. G.Iskandarovaning 1000 000 so'm ish haqi undirib berildi. Ish beruvchiga xodimlarning oylik maoshlarini o'z vaqtida qonun talablari asosida to'lab borish lozimligi tushuntirildi.

Muzaffar OTABOEV,
Xorazm viloyati kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi
yuridik bo'limi mudiri

Boshqa xabarlar