Zavqli onlar oldinda

91

Qoraqalpog'iston Respublikasida 2019 yilda bolalarni sog'lomlashtirish va dam oldirish mavsumini tashkil etish bo'yicha Muvofiqlashtiruvchi guruh majlisida muhim vazifalar rejalashtirildi.

Ta`kidlash joizki, bu yil mavjud bazalardan samarali foydalanib, mahalliy hokimliklar, homiylar mablag'ini jalb etgan holda, shahar tashqarisidagi oromgohlarning faoliyatini 5 navbatda tashkil etish yo'lga qo'yiladi. Jumladan, iyun oyida 60 ta oromgohda 27 ming 590 nafar bolaning ko'ngilli hordiq chiqarishi ta`minlanadi. 10 ta stasionar oromgohda kasaba uyushmalari hisobidan 3500 nafar, hokimliklar hisobidan 1990 nafar o'g'il-qiz dam oldiriladi. Bundan tashqari, 50 ta bolalar madaniyat va sport-sog'lomlashtirish markazida 22 ming 100 nafar o'quvchini turli badiiy san`at va sport to'garak­lariga jalb etish mo'ljallanmoqda.
To'rtko'l tumanida joylashgan «Lochin» oromgohida 800 nafar, Ellikqal`a tumanidagi «Orol bolalari» oromgohida 1200 nafar, Taxiatosh tumanidagi «Aydыn jol» oromgohida 625 nafar, Nukus shahridagi «Aral» va «Jas ao'lat» oromgohlarida 875 nafar bolajon sog'lomlashtiriladi.
Mamlakatimiz hukumati va Kasaba uyushmalari Federasiyasining amaliy yordami bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta`minlangan oilalarning farzandlari hamda «Mehribonlik uyi» tarbiyalanuvchilaridan iborat 3000 nafar qoraqalpog'istonlik o'quvchi Toshkent shahri, Jizzax, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarining so'lim go'shalarida miriqib hordiq chiqaradi.
Bugun vohadagi barcha oromgohlarda obodonlashtirish, elektr energiyasi, ichimlik suvi, tabiiy gaz ta`minoti uzluksizligini ta`minlash bo'yicha aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Mavsum uchun pedagog xodimlar orasidan eng munosib­lari tanlov orqali saralab olindi. Dam olish maskanlarida tashkil etiladigan kutubxonalarda badiiy adabiyotlar bilan birga mustaqillik yillarida qo'lga kiritilgan muvaffaqiyatlarimizni targ'ib etuvchi banner, plakat va gazeta-jurnallar jamlanmalari joylashtiriladi. «Ma`naviyat va ma`rifat» xonalari zarur jihozlar bilan to'liq ta`minlanadi.
Muxtasar aytganda, yaqinlashayotgan yozgi ta`tilda voha bolalarini oromgohlar quchog'idagi zavqli va taassurotlarga boy onlar kutmoqda.

Ortiqboy MAMUTOV,

Boshqa xabarlar