MAKTABGA 282 TA KITOB

34


 Prezidentimiz yoshlarning ma`naviyatini yuksaltirish, ta`lim-tarbiya sohasi ishini yangi bosqichga ko'tarishda qator chora-tadbirlarni belgilab berdi. Hatto ma`nan va barkamol yetuk avlodni voyaga yetkazish yo'lida muhim tashabbuslarni ham ta`kidlab o'tdi.

Bundan tashqari, o'rta umumta`lim maktablari qoshida “Kuzatuv kengashi” deb nomlangan jamoatchilik nazoratini olib boruvchi tuzilmalar faoliyati yo'lga qo'yildiki, ko'zlangan maqsad bitta – ta`lim muassasasida shaffoflikni ta`minlash, jarayonlarni xolis nazorat qilish, homiylar bilan ishlash, mavjud muammolar yechimida ko'maklashish va hokazo…

Navro'z bayrami munosabati bilan Chiroqchi tumani Qahramon qishlog'idagi 13-o'rta umumta`lim maktabi kutubxonasiga “Kuzatuv kengashi” tashabbusi bilan ota-onalar tomonidan 168 ta kitob sovg'a qilingandi.

Ushbu tashabbusdan ruhlangan maktabning sobiq bitiruvchilari, bugungi kunda poytaxtda turli vazifalarda ishlab kelayotgan bir guruh qahramonliklar maktab kutubxonasiga 114 ta eng sara badiiy kitobni sovg'a qilishdi.

– Istagimiz, kitoblar mutolaasi hayotingizga yanada mazmun va fayz olib kirsin, – dedi tadbir ishtirokchisi Obidjon Jo'raev. – Yozgi ta`til yaqinlashyapti. Bu davrda kutubxonadan keng foydalaning, ko'proq mutolaa bilan mashg'ul bo'ling. Yangi o'quv yili boshida maktabda uyushtiriladigan “Yosh kitobxon” tanlovida bilim va zakovatingizni sinovdan o'tkazishingiz mumkin.

Akmal ABDIEV

Boshqa xabarlar