Makulaturaga aylanayotgan javohirlar

326

yoxud noyob asarlarni chiqitga chiqishdan
qanday asrab qolish mumkin?

Tahririyatga bir yigit eshik qoqib kirib keldi. Istarali, ziyolinamo bu yigitni qiynayotgan nimadir borligi yuz-ko'zida balqib turardi…
Tanishdik. Xayrulla Asatov. Olmazor tumanida yashaydi. Kitob savdosi bilan shug'ullanadi. Bu sohada faoliyat boshlaganiga ko'p bo'lmagan bo'lsa-da, ancha narsalarning guvohiga aylanib ulguribdi…
Uning taklifi bor.. Chiqitga chiqayotgan (makulaturadagi) noyob asarlarni saqlab qolish…

OLTINNING TOShDAN FARQI

Xayrullaning hikoyasi: dastlab eski kitoblar bilan savdo qilishga kirishdim. Shu maqsadda makulatura qabul qiluvchilar maskaniga bordim. Taxlam-taxlam kitoblar. Orasida kimlardir yillar davomida axtarib topolmay yurganlari qancha. So'ng­­gi yillarda nashrdan chiqqan hali varaqlashga ulgurilmaganlari ham bor. Kim, qaysi bag'ritosh bu yerga olib keldi ularni? Qadri yo'q joyda oltin ham oddiy tosh ekaniga ishonmaydiganlar makulatura qabul qiladigan ­shoxobchalarga kelsa, bunga amin bo'lishadi.

KIMGA OFTOB, KIMGA PUL

Biz ham chiqit qog'ozlarni qabul qiluvchi punktga bordik. U yerda bir ayolni suhbatga tutdik.
– Hozirgi yoshlar telefon, internetga qanchalik o'ch bo'lsa, avvallari kitobga shunchalik qiziqish bor edi, – deydi Maryam opa (o'zini shunday tanishtirdi) yig'lagudek bo'lib. – Tom-tom kitob­larni yiqqanlar bor. Ayni paytda ba`zilari moddiy tarafdan ehtiyoj sezib, sotishga majbur bo'lishyapti. Ba`zilar esa.. Ular «oltin»ning qadrini bilmaydi. Oladigan odamga kelsak… Bu yog'i og'riqli hol. Chilonzorda kitob do'konim bo'lib, ko'pchilik turli adabiyotlarni so'rab kelar, qiziquvchilar ­bisyor edi. Ba`zilar uyidagi kitob­larni olib kelib topshirardi. Taqdir ekan, kimlardir buni ko'p ko'rdi. Do'konni ikki yil burun olib qo'yishdi. Kitoblarimni savob uchun mahalla, tanish bilishlarga tarqatib yubordim. Sevgan ishingdan ajrasang, alam qilarkan. Kasal bo'lib qoldim. Endi-endi o'zimga kelyapman. Ko'pchilik haliyam kitoblarimni oling, makulaturaga topshirgim kelmayapti, deb qo'ng'iroq qilishadi. Olsam, kimga qanday sotaman? Qaerga qo'yaman? Bu kitoblar qanchadan-qancha maktablar, oliy ta`lim muassasalari kutubxonasini boyitishi mumkin-a! Buni kimlardir o'ylarmikin? Hech kim olmasa, oqibatda ular borib-borib makulatura qabul qiladiganlarga murojaat qilishini o'ylab, yomon bo'lib ketaman…

«TILLO» TOPGAN TADBIRKOR

Makulaturaga topshirilayotgan kitoblarning taqdiri nima bo'lishi barchaga ma`lum. Ba`zi fidoyi­lar sotib olib, elga ulashayotgani dengizdan tomchi, xolos. Ko'pgina nodir kitob­lar qayta nashr etilmagan. Nashr etilganlari ham qimmat. O'zbek va jahon adabiyotining ba`zi durdonalarining narxi 40-50 ming so'mdan kam emas. Bu ba`zi ota-onalarga og'irlik qilishi ham bor gap. Lekin kimlardadir saqlanib qolgani makulaturaga ketishdan qutilib, Xayrullaga o'xshagan kitob sotuvchi qo'liga tushgan bo'lsa, ularni 7-8, borsin 10-15 ming so'mga topish mumkin. Qancha mablag' tejaladi? Egasini makulaturaga ketadigan mashina va tarozi sarfidan ham saqlab qoladi. Eng muhimi, kitobning uvoli tutishidan asraydi. Kimlargadir bilim ulashadi.
– Bir kishiga quyonlar to'g'risida kitob sotdim, – kuyunib so'zlaydi Xayrulla. – U menga afsus bilan shunday dedi: «Ukam, shu kitobni bir hafta oldin topganimda edi…». Keyin bilsam, u 600 ming so'mga 3 bosh zotdor quyon sotib olgan ekan. Qanday boqishni bilmay ularni yerda boqibdi va barchasi o'lib qolibdi. Aslida, ularni baland va keng qafaslarda boqish kerak ekan.
Yaqinda qush bozoriga qushlar haqida qo'limga tushgan uchta kitobni olib bordim. Talashib olib qo'yishdi. Yana topib kelishimni iltimos qilib qolishdi. Bunga nima sabab? Qushlar haqidagi kitoblar yo'qligida, albatta. Topilgani ham rus tilida.
Yana bir misol: bir tadbirkor marmelad ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish uchun kerakli adabiyotni hatto Moskvadan ham topolmabdi. Yangiobod bozoridagi «yoymada» shunday kitobi ko'rib qolib, tillo topgandek bo'libdi. Uni makulaturaga ketishdan asrab qolgan sotuvchiga qayta-qayta rahmat aytib, olib ketibdi…

MENDA TAKLIF BOR!

Xo'sh, yechim nimada? Qanday qilib, noyob kitoblarni makulaturadan saqlab, egasiga yetkazish mumkin?
Taklif. Shunday bir tashkilot tuzilib, hududlarda filiallari tashkil etilsa, odamlar uyidagi ortiqcha kitoblarni ularga olib borib topshirishsa, bu tashkilot ularni haqiqiy egalariga yetkazib bersa…
To'g'ri, bu kitoblarning ko'pchiligi davr nuqtai nazaridan ham, sifat nuqtai nazaridan ham eskirgan bo'lishi mumkin… Shu sabab bu yerda mutaxassislar o'qishli, noyob, zamon va makon tanlamaydigan kitoblarni saralashsa…
Qishloqlarda ba`zi maktablar bor, kutubxonasi nochor. Bu asarlar hech bo'lmaganda shunday maktablarga topshirilsa, o'quvchilar ko'ziga surtib o'qimaydimi?
Bundan tashqari internet nashri orqali ushbu tashkilot keng ommaga mavjud kitoblar haqida ma`lumot berib borsa…
Tuzilajak tashkilot oltinga teng bu asarlarning keragini olib, bog'larda kitob bayramlari o'tkazsa, shuning­dek, maxsus avtomashinalarda odamlar gavjum joylar, ishxonalar, bozorlar, qishloqlarga olib borib sotsa, qo'lma-qo'l bo'lib ketishi aniq.
Shahrimizda aholidan kitob­larni kilolab olib, donalab sotadigan do'konlar ham bor. Ba`zilarida joy torligidan qalashib yotgan kitoblar orasidan izlaganingni topish uchun qancha vaqt ketadi…
Yoki shunday kitob bozori tashkil etilsa, rastalarda kitob­lar tartibi bilan terib qo'yilsa, izlagan odam istagan asarini hech qiynalmasdan topsa, qanday yaxshi. Chekka qish­loqlarda esa bozorlarning bir burchida shunday qilinsa…
Xayrullaning aytmoqchi bo'lganlari shu edi…
Bu takliflarga mutasaddilar nima deyishar ekan? Qolaversa, keng jamoatchilik bor. Ular ham fikr bildirar… Bu bizning nazarimizda e`tiborga molik masala…

Salim ABDURAHMONOV,
«Ishonch»

Boshqa xabarlar