NIShONDOR ONAXON

13


Ismi jismiga monand insonlar ko'p. Peshko' tumanidagi “Mustaqillik” mahallasida istiqomat qiluvchi Xursand buvi Hamroeva ham shunday kishilar sirasidan.

Onaxonning o'ttiz ikki yillik sermazmun mehnat faoliyatini har qancha g'urur bilan tilga olsa arziydi. U Buxoro shahridagi madaniy-oqartuv kursini bitirib, tuman madaniyat bo'limiga ishga borganida yigirma yoshda edi. Dastlab uslubshunos, 1964-1994 yillar oralig'ida esa Yangibozor madaniyat uyi rahbari sifatida ko'pchilik nazariga tushdi.

O'sha yillari san`atga havasmand yoshlar boshini qovushtirib, sahnaga olib chiqish oson emasdi. Ayniqsa, qizlarni. Ammo kasbga sadoqat, cheksiz ishtiyoq o'z samarasini bermay qo'ymas ekan. 1982 yilda “Afshona” ansamblini tashkil qilindi. Bu dasta xalqona kuy-qo'shiqlari bilan dillarni xushnud etib, viloyat, keyinchalik respublika miqyosidagi tadbirlarda qatnasha boshladi. Ansamblni el olqishiga sazovor etgan jihatlardan biri, avvalambor, Buxoro uslubiga xos qo'shiq, lapar va aytishuvlardan iborat konsert dasturi tuzilganida edi. Ham tojikcha, ham o'zbekcha – shiru shakar yo'nalishidagi ijod namunalarini to'plash uchun Xursand opa boshliq ansambl a`zolari qishloqma-qishloq kezishdi, ko'hna ashulayu laparlardan xabardor yoshi ulug' kishilar bilan uchrashib, noyob san`at durdonalarini to'pladi. Ularga zamonaviy sayqal berib, elga taqdim etildi. “Afshona”ning 1985 yilda “Xalq dastasi” nomini olishiga sabab bo'lgan jihatlardan biri ham ana shu xalqchilligidir. Xursand opa esa “Madaniy-oqartuv ishlari a`lochisi” nishoniga sazovor bo'ldi.

Xursand buvi bugun yetmish besh yoshda. Nevarayu evaralari ardog'ida keksalik gashtini surayotganiga qaramay, onaxonni tez-tez madaniy tadbirlarda, jamoat ishlarida ham uchratish mumkin. Ijtimoiy hayotdagi faolligi e`tiborga olinib, u “Nuroniy” jamg'armasi respublika boshqaruvi ta`sis etgan “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoniga loyiq ko'rildi.

– Cheksiz hayajondaman, – deydi Xursand buvi Hamroeva. – Ozmi-ko'pmi mehnatlarim baholanib, shunday maqomga munosib topilganimdan hukumatimizdan behad minnatdorman. Bor bilim va tajribamni yoshlarni san`at, madaniy-ma`rifiy ishlarga jalb etish yo'lida sarflashga mudom tayyorman.

Zuhra QURBONOVA,

“Nuroniy “ jamg'armasi Buxoro viloyati bo'limi

matbuot xizmati rahbari

Boshqa xabarlar