Pensiyami yoki nafaqa?

30


“Pensiyadaman”, “nafaqadaman”, “nafaqaxo'rman”, “nafaqamni oldim” kabi gaplar tez-tez qulog'imizga chalinadi. Ko'p hollarda esa “pensiya” o'rniga “nafaqa” so'zi qo'llanilmoqda.


Xo'sh, mazmun-mohiyat jihatdan bir ma`no va mazmunda qo'llanilayotgan mazkur ikki atama haqiqatda bir xil mazmunni ifodalaydimi? Ularni bir-birining o'rnida qo'llash mumkinmi?

Toshkent moliya instituti “Pensiya ishi” kafedrasi mudiri, iqtisod fanlari nomzodi, dosentBahodir Mamatov ushbu savollarga atroflicha javob berdi:

Pensiya…

Amaldagi qonun hujjatlariga ko'ra, xususan, “Davlat pensiyalarini tayinlash va to'lash tartibi to'g'risida”gi nizomda “Pensiya – uni olish huquqi qonunda belgilangan shartlarga va me`yorlarga muvofiq aniqlanadigan hamda shaxslarga pensiya yoshiga to'lish, nogironlik yoki boquvchisini yo'qotganlik munosabati bilan beriladigan oylik pul to'lovi”ni anglatadi. O'zbekiston milliy ensiklopediyasida “pensiyalar lotincha “pensio” – to'lov ma`nosini ifodalab, fuqarolarga davlat yoki boshqa sub`ektlar tomonidan qonunda belgilangan hollarda muntazam va odatda, umrbod to'lanadigan to'lovlar” sifatida tavsiflanib, ijtimoiy ta`minot shakli ekanligi qayd etilgan. 1993 yil 3 sentyabrda qabul qilingan “Fuqarolarning davlat pensiya ta`minoti to'g'risida”gi Qonunning 7-moddasiga muvofiq, yoshga doir pensiya olish huquqiga erkaklar – 60 yoshga to'lganda va ish stajlari kamida 25 yil bo'lgan taqdirda, ayollar esa – 55 yoshga to'lganda va ish stajlari kamida 20 yil bo'lgan taqdirda ega bo'ladilar. Shu bilan birga, ushbu qonunning 8-moddasiga ko'ra, pensiya tayinlash uchun yetarlicha ish stajiga ega bo'lmagan shaxslarga yoshga doir pensiyalar kamida 7 yil ish staji mavjud bo'lgan taqdirda, bor stajga mutanosib miqdorda tayinlanadi. Demak, pensiyalar ish staji 7 yildan kam bo'lmagan barcha pensiya yoshiga etgan fuqarolarga tayinlanadi. Ta`kidlash joizki, qonunchilikka muvofiq pensiyaning yoshga doir, nogironlik va boquvchisini yo'qotganlik turlari mavjud.

Nafaqa…

O'zbekiston milliy ensiklopediyasida “nafaqa – muhtoj odamlarga davlat, korxona, muassasa va ayrim shaxslar tomonidan beriladigan yordam puli” sifatida tavsiflangan. O'zbekistonda mehnat stajiga ko'ra beriladigan pensiyadan farqli holda nafaqa davlat tomonidan, asosan, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik, homiladorlik va tug'ish, bola tug'ilganda, dafn etish marosimi uchun, ishsizlik, ishdan bo'shatish, xodimning vafoti munosabati bilan bir yo'la beriladigan, yoshga doir, nogironlik (bolalikdan nogironlardan tashqari) va boquvchisini yo'qotganlik nafaqalari beriladi. Nafaqaning ham yoshga doir, nogironlik (bolalikdan nogironlardan tashqari) va boquvchisini yo'qotganlik turlari mavjud bo'lib, yoshga doir nafaqa ish stajiga ega bo'lmagan yoki 7 yildan kam ish stajiga mavjud bo'lgan hollarda erkaklarga – 65 yoshga yetganlarida va ayollarga – 60 yoshga yetganlarida tayinlanadi. Muhimi, haq to'lanadigan ish bajarayotgan yoki boshqa daromad manbaiga ega bo'lgan (alimentlar yoki stipendiyalar olish bundan mustasno) shaxslarga yoshga doir nafaqa tayinlanmaydi. Bu esa nafaqaning, yuqorida ta`kidlaganimizdek, yordam puli ekanligini ifodalaydi.

Yuqorida ta`kidlaganimizdek, pensiya yoshiga yetib, zaruriy ish stajiga ega bo'lmagan taqdirda, lekin kamida 7 yillik mehnat staji mavjud bo'lsa, bor stajiga mutanosib ravishda to'liqsiz miqdorda yoshga doir pensiya tayinlanadi. To'liqsiz yoshga doir pensiyaning miqdori yoshga doir eng kam pensiyaning 50 foizidan kam bo'lmasligi lozim. Yoshga doir eng kam pensiyaning miqdori 2019 yil 1 yanvar holatiga ko'ra 396500 so'mga teng. Pensiyaning miqdori, avvalo, fuqaroning o'rtacha oylik ish haqi miqdoriga, mehnat staji davomiyligiga va to'lagan sug'urta badallari miqdoriga bog'liq bo'ladi. Nafaqa esa O'zbekiston Respublikasi Prezidentining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorlarini oshirish to'g'risidagi Farmonlariga muvofiq qat`iy miqdorlarda belgilanadi. Masalan, yoshga doir nafaqa erkaklar 65 yoshga yetganda, ayollar esa 60 yoshga yetganda hamda ish staji 7 yildan kam bo'lganda tayinlanadi va yoshga doir nafaqaning miqdori 2019 yil 1 yanvar holatiga ko'ra 243300 so'mga teng.

Xullas…

Pensiya nafaqadan tubdan farq qiladi. Jumladan:

  • pensiya jamiyat a`zosining jamiyatdagi mehnat faoliyatida ishtirok etganligi uchun beriladi, ya`ni fuqaro mehnat qilib, tegishli mehnat stajiga ega bo'lib, tegishli pensiya badallarini to'laganligi uchun unga va oila a`zolari uchun belgilangan huquqdir. Nafaqa esa moddiy jihatdan muhtoj bo'lganlar uchun davlat tomonidan beriladigan moddiy ko'makdir;
  • pensiyalar, fuqarolarga pensiya olish huquqi yuzaga kelganda uning moddiy ahvolidan qat`i nazar tayinlanadi, nafaqa esa shaxsning moddiy muhtojligini va ijtimoiy holatini inobatga olgan holda tayinlanadi va to'lanadi;
  • pensiya pensiya yoshiga yetgan fuqarolarga ish staji davri, oylik ish haqi va Pensiya jamg'armasiga to'lagan sug'urta badallari miqdoridan kelib chiqib tayinlanadi. Nafaqa esa qat`iy miqdorlarda belgilanadi;
  • pensiya olish huquqi erkaklarda mehnat staji 25 yil, ayollarda 20 yil bo'lganda yuzaga keladi. Nafaqa esa zarur ish stajiga ega bo'lmagan yoki 7 yildan kam mehnat staji mavjud bo'lgan fuqarolarga – erkaklar 65 yosh, ayollar esa 60 yoshga to'lganlarida tayinlanadi. Demak, pensiya nafaqadan mehnat staji va yoshi jihatidan ham farqlanadi;
  • nafaqaning yordam puli sifatida ifodalanishi kundalik hayotimizda uning oluvchilarini “nafaqaxo'r” deb atalishiga olib keldi. Bu esa, qaysidir ma`noda, nafaqa oluvchini kamsitish (tekinxo'r kabi) sifatida qaraladi. Shuning uchun “nafaqaxo'r” emas, balki “nafaqa oluvchi” deb atalishi zarur. Pensiya oluvchini esa pensioner deb atash o'rinlidir. Chunki, pensiya nafaqadan farqli o'laroq yordam puli emas, balki fuqaroning ilgari olingan daromadini uning ijtimoiy badallarni to'lagan summasi va davriga mutanosib ravishda qisman qoplovchi har oylik to'lanadigan to'lovdir;
  • pensiyalar fuqarolarga byudjetdan tashqari Pensiya jamg'armasi mablag'lari hisobidan, nafaqa esa davlat byudjeti mablag'lari hisobidan to'lanadi.

Ozoda RO'ZIQULOVA

Boshqa xabarlar