QADIM ChOYXONA YaNGIChA KO'RINIShDA

57

 “TERRACE” oilaviy korxonasida meva va
sabzavotlardan hech qanday kimyoviy aralashmalarsiz tabiiy sharbat tayyorlanyapti.
So'nggi vaqtlarda ushbu mahsulotga talab yanada oshdi. Bu yaqinda mazkur korxona
tomonidan qo'l urilgan ko'lamdor loyiha bilan bog'liq. Gap ko'hna kentning Labi Hovuzdan
Poyi Kalon majmuasiga qadar cho'zilgan hududida “TERRACE” nomli ekokafe ish
boshlagani, u yerda mahalliy va xorijlik sayyohlarga ana shunday ekologik toza
ichimlik taklif etilayotgani xususida bormoqda.

Yangi maskanning ekokafe
sifatidagi vazifasi shu bilangina chegaralanmagan. Menyusiga milliy hamda yevropacha
taomlar ham kiritilgan bu shoxobcha to'lig'icha yog'ochdan qurilgan, Buxoro vohasiga
xos cho'pkori usulida qad rostlagan. U ayvon shaklidagi yetti bo'lmadan iborat.
Umuman, tabiiy materialdan tiklangan inshootning konstruksiyasida hech qanday
metall, zamonaviy texnologiya vositasi ishlatilmagan. O'tmishda aksar
choyxonalarimiz aynan shunday ko'rinishda bo'lgan. Ko'hna obidalar orasida ekanligi,
milliy va qadimiy ruh ufurib turgani, shinam hamda bahavoligi, yuqori darajada
xizmat ko'rsatilayotgani bois ushbu dargoh kechayu kunduz gavjum.

Ulug' tabibga yana bir haykal

Ryuey-Malmezon yigirma
yil muqaddam Buxoro bilan birodarlashgan edi. Yaqinda Fransiyadagi ushbu shaharning
“Do'stlik” bog'ida buyuk bobokalonimiz Abu Ali ibn Sinoning haykali o'rnatildi. Shu
munosabat bilan tantanali marosim o'tkazildi. Unda Buxoro viloyati hokimi
boshchiligidagi delegasiya a`zolari ishtirok etdi. Ikki shaharning birodarlik aloqalari
doirasida uyushtirilgan tadbirda Buxoro vohasiga xos musiqa va raqs san`ati namunalari
ijro qilindi. Uni besh yuz nafarga yaqin tomoshabin bevosita kuzatdi.

Orollar mamlakati bilan ta`limiy hamkorlik

Indoneziyaning o'n to'rtta
oliy o'quv yurti rektorlari, maorif jabhasi vakillaridan iborat delegasiya
a`zolari Buxoro davlat universitetida bo'lishdi. Mehmonlar ta`lim maskani jamoasi,
professor-o'qituvchilar, shuningdek, turizmni rivojlantirish departamenti vakillari
bilan uchrashdilar. Muloqotni BuxDU rektori Obidjon Hamidov boshlab berdi. So'ng
Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatidagi Jakarta mintaqasining Oliy ta`lim bo'yicha rahbari
doktor Illah Sailah hamda Shimoliy Sumatra regionining shu yo'nalishi mutaxassisi,
professor Dian Armantolar ushbu tadbir o'zaro hamkorlik rivojida asos vazifasini
o'tashini ta`kidlashdi.

Uchrashuvda BuxDU hamda
Indoneziyadagi o'n to'rt OTM o'rtasida o'zaro hamkorlik shartnomalari imzolandi.
Professor-o'qituvchilar almashinuvini, ilmiy-amaliy ishlarni yo'lga qo'yish, qo'shma
ta`lim dasturlarini tuzish, birgalikda konferensiya, simpozium, kongreslarni
tashkil qilish bo'yicha kelishuvlar shular sirasidandir.

Rustam IBRAGIMOV,

Ishonch” muxbiri

Boshqa xabarlar