Vazirlik islohotlari maktablarga tegishli emas(mi?)

152

Ta`lim sohasi har bir davlat uchun hayot-mamot masalasidir. Chunki, taraqqiyotni aynan ta`lim-tarbiya ta`minlaydi. Yurtimizda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan ta`lim tizimida tub o'zgarishlar amalga oshirilmoqda. Ta`lim sohasining takomillashayotgani, sifat va samaradorlikka erishish maqsadida o'qituvchilarga qator imtiyoz va qulayliklar yaratilayotgani buning isbotidir. Xalq ta`limi vaziri kun-kunora turli OAV orqali intervyu berib, o'qituvchilarning majburiy mehnatdan ozod qilingani, maoshlari oshayotgani, ularning nufuzi ortgani, o'quv darsliklarining yangi avlodi yaratilayotgani, sohaga ilg'or innovasiya texnologiyalarining joriy etilayotgani, o'qituvchilar malakasini oshirishga alohida e`tibor qaratilayotgani haqida ma`lumot berib turibdi. Bu esa bir qarashda ta`lim tizimi bemisl islohotlar og'ushida ekanidan dalolat beradi.

Albatta, pedagog xodimlarga yetarli sharoit yaratish, mehnatini qadrlash kerak. Ammo, eng muhimi, islohotlar o'quvchilarning sifatli bilim olishiga qaratilyaptimi? O'zgarishlar nafasi hamma joylarga ham yetib borganmi? Pedagogik jamoalarda muhit qanday ahvolda? Bunday savollar ko'pchilikni qiziqtirishi shubhasiz. Chunki, maktabdagi har bir fan inson ­shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Xo'sh, bu jarayon qay tarzda kechmoqda, maktablardagi ta`lim tizimida qanday muammolar mavjud? Tahririyat shu maqsadda «Maktabda bir kun» loyihasini e`lon qilmoqda.

QUMQO'RG'ONChA «INNOVASION» TA`LIM

Tahririyat topshirig'ini olganim zahoti Qumqo'rg'on tumanidagi 40-umumta`lim maktabiga borish niyati tug'ildi. Chunki ilgari bu maktab jamoasi qishloq ahli bilan hamkorlikni yaxshi yo'lga qo'ygan, ta`lim-tarbiya sifati namunali darajaga ko'tarilgan edi. Bilim dargohidagi har bir tadbir bayramga aylanib ketardi. Yoshi saksondan ­sakragan, to'qsonga to'qnashgan bobo-yu momolar ham tez-tez maktabga kelib, bilimga chanqoq bolakaylarni duo qilardi.
Ayni payt­­da ushbu ta`lim mas­kanida 612 nafar o'quvchi ikki navbatda o'qimoqda. Ikki qavatli, kompyuter xonasi, kutubxona, sport zali mavjud bo'lgan ilm dargohida havas qilarlik holatni ko'ramiz deb o'ylagandik.
Ammo… bilim maskaniga borganimda manzara butunlay boshqacha ekaniga guvoh bo'ldim. Salkam 10 yildan beri maktabga rahbarlik qilib kelayotgan Erkin Mirzaqulov rus tili va adabiyoti, ingliz tili, ona tili va adabiyoti, musiqa kabi fanlardan o'qituvchilar yetishmasligi, ayrim fanlarni o'rta ma`lumotli «mutaxassis»lar o'tayotganini aytdi. Eng qizig'i, bu holdan Qumqo'rg'on tumani xalq ta`limi bo'limi yaxshi xabardor ekan. Tuman aholi bandligiga ko'maklashish markaziga ham yetishmayotgan mutaxassislar bilan ta`minlashni so'rab murojaat qilingan. Ammo… natija yo'q.
Sport maydonchasining borligi yaxshi. Ammo unda kim qanday shug'ullanayapti? U yerda puchchaygan koptokka o'ralashayotgan o'quvchilarga ko'zimiz tushdi. «Ona tili darsiga kirgandan ko'ra shu yerda o'ynagan yaxshi», dedi ulardan bittasi. Direktor qaerdandir toptirib kelgan ona tili o'qituvchisi bunga izoh berolmadi. Boz ustiga, u qishloq xo'jaligi mahsulotlari bo'yicha mutaxassis ekan…
Bu yog'i qanday bo'ldi? Nahotki, bu qishloqda hech qursa pensiya gashtini surayotgan tilchi muallim yo'q?
Xullas, ertamiz egalariga ta`lim-tarbiya berishlari, ularni katta hayotga to'g'ri tayyorlashlari kerak bo'lganlarning o'zi tarbiyaga, to'g'ri yo'lga solinishga muhtojga o'xshaydi..
«Balki boshqalarida ahvol yaxshidir» degan o'yda «Yangi hayot» mahallasidagi 36-umumta`lim maktabiga yo'l oldik. Maktab rahbarining ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo'yicha o'rinbosari O'ktam Abdujalilovga uchrashdik. Rahbar vazifasini bajaruvchi Ilhom Yo'ldoshev tuman XTBga, kutubxonachi esa uyiga ketgan ekan. Agar rost bo'lsa, rahbarni tushunsa bo'lar, ammo kutubxonachini… Ikkinchi navbatda o'qiydigan o'quvchilarga kitoblar kerak bo'lmasmikan? Ushbu ta`lim dargohida huquqshunoslik va ingliz tili fanidan dars beruvchi o'qituvchi mutlaqo yo'q. Matematika, ona tili va adabiyot fanlariga ixtisos­lashgan o'qituvchilar yetarli emas. Bu fanlardan ham qo'shtirnoq ichidagi mutaxassislar dars o'tib yuribdi. Ahvolni ko'rgan kishida savol tug'ilishi tabiiy: Bu bolalarning ertasi nima bo'ladi? Nima, ular o'qitayotgan bolalar ertaga to'g'ri xorijga ishlashga ketishga mahkummi?
O'qituvchi Kamoliddin Rahmonovning «ishbilarmonligi»ga «qoyil» qolmaslikning iloji yo'q. U bir sinf­­da, bir vaqtning o'zida (2019 yil 27 aprel) ham «Davlat va huquq asos­lari», ham «Milliy istiqlol g'oyasi» fanlaridan dars o'tayotgan ekan. Ajab­lanarlisi shuki, sinf jurnaliga ikkala fandan ham bir xil mavzu – «Jinoyat qonunchiligida voyaga yetmaganlarning huquqiy majburiyatlari» qayd etilgan. Bunisi va`da qilinayotgan «Innovasion ta`lim» bo'lsa ehtimol…
Bundan tashqari, darsga qatnashmayotgan o'quvchilarning jurnalda qayd qilinmagani, borlarining ham o'tgan mavzu yuzasidan berilgan oddiy savollarga javob bera olmagani bu yerdagi ta`lim sifati-yu pedagoglar mas`uliyatining ahvolini oshkor etib turibdi. Rahbar o'rinbosari bu holga munosabat bildirishni ep ko'rmay, «rahbar borida kelganingiz ma`qul» degan gap bilan kifoyalandi.
Qumqo'rg'on tumani XTB mudiri Bahrom Hakimovga qo'ng'iroq qilib, har ikki maktabdagi holat yuzasidan izoh so'raganimizda u «kamchiliklar asta-sekin tuzatilishi»ni aytish bilan cheklandi, xolos. Bu esa hafsalamizni yanada pir qildi.

«O'QIMAYoTGAN» BOLALARNING AYBI NIMA?

Jarqo'rg'on tumanidagi «Beshbuloq» mahallasida joylashgan 17-umumta`lim maktabida ham muammolar talaygina. 586 nafar o'quvchiga mo'ljallangan bino 2 oydan beri ta`mirlanmoqda. Darslar sport zalidagi yechinish va yuvinish xonalarida o'tilayotgani yurakni achitadi. Rahbar Odil Usanov ta`mir ishlari qancha davom etishi, qachon tugashi borasida aniq ma`lumotga ega emasligi, bu vaziyat uni ham bezovta qilayotganidan kuyundi.
Hafsalamiz pir bo'lib maktabdan qaytar ekanmiz, bir necha o'quvchining «Kelib-ketishlaringiz befoyda. O'qishga sharoit yo'q, qiynalganda biz qiynalyapmiz» degan gapi e`tiborimizni tortdi.
Muztar bo'ldik. Darhaqiqat, ularning aybi nima? Chindan ham bu bolalarni hech kim maktabda qayta o'qitmaydi, vaqtida olinmagan bilimlarni «kel» deb o'rgatmaydi ham. Bu holatdagi umumiy ta`limning bolaga qanday foydasi bor? O'quvchi bunday maktabdan nima oladi? Bu yerdagi bolalar bilimli bo'lishni, yangi ochilayotgan «Prezident maktablari»da o'qishni, xorijning nufuzli ta`lim dargohlarini bitirishni orzu qilmaydimi?

Albatta, orzu qiladi. Orzularning armonga aylanmasligi uchun vazirlik rahbarlari, mutasaddilari islohotlar haqida quruq gap sotish o'rniga joylardagi maktablarning haqiqiy ahvolidan kelib chiqib real va hayotiy ishlashga o'tishlari kerak. Ana shundagina ish olg'a siljishi mumkin. Poytaxt va yirik shaharlardagi besh-o'nta namunali maktablarni ko'z-ko'z qilib, maqtanish eskicha ish tutimidan bo'lak hol emas. Islohotlar aslida maktablardan boshlanishi va mohiyatan ta`lim sifatidan ibtido olishi kerakligini tushunish nahotki shunchalar qiyin bo'lsa?!
Har bir bola qaerda yashashidan qat`i nazar, sifatli bilim olishga haqli. Bu konstitusiyaviy huquqni ta`minlamaslik esa kelajakka xiyonatdir.

Rustam DAVLATOV,

Boshqa xabarlar