«Etim» qolgan «avtomobilchi»

100

Yakkabog' tumanidagi Yangiobod qishlog'ida joylashgan «Avtomobilchi» bolalar oromgohi 1966 yilda qurilgan. Viloyatdagi transport, yo'l qurilish va ko'prik qurish sohasi xodimlarining farzandlari sog'lomlashtiriladigan mas­kanda o'tgan yili 600 nafar o'g'il-qiz dam oldirildi.

150 o'ringa mo'ljallangan oromgohda har navbatda 150 nafardan bolani sog'lomlashtirish belgilangan bo'lsa-da, o'tgan yili uch nav­batning o'zidayoq reja uddalangan va to'rtinchi navbatda «Avtomobilchi» o'g'il-qizlarni qabul qilmagan.
Joriy yilgi yozgi sog'lomlashtirish mavsumiga kam fursat qolayotganini inobatga olib, tayyorgarlik jarayoni bilan tanishish maqsadida oromgohda bo'ldik.
Bu yerda to'rtta yopiq va bitta ochiq yotoqxona mavjud bo'lib, barcha binolarda pardozlash ishlari olib borilayotir. Yotoqxonalar tom shiferlari ancha eskirib ketgan. Shu bois, bitta yotoqxonaning tom shiferlari almashtirilibdi ham. Lekin, imkoni topilsa, barcha bino tomlarini yangilash zarur.

«Eskini yamaguncha esing ketadi» deyishganidek, favqulodda vaziyatlar boshqarmasi avariya holiga kelib qolgan bitta ochiq yotoqxonadan foydalanishni taqiqlabdi. Ochiq yotoq binosi dam olish maskanining husniga soya solib, bir chetda mung'ayibgina turibdi…
Stadion tarafga yurdik. Bahor seryomg'ir kelgani uchun stadionning o'tlari tizza barobar o'sibdi va traktor yordamida o'rilibdi.
– Endi o'yingohdagi bedani yig'ishtirib olib, stadion chiziqlarini chizib chiqamiz, – deydi oromgoh bosh hisobchisi Bahriddin Boyqobilov.
Sal yurganimizda ikkita eski bas­ketbol ustunlariga ko'zimiz tushdi.
– Buni bir tashkilot keraksiz, deb chiqarib tashlagan ekan. Biz foydalanish uchun topib keldik. U yoq-bu yog'ini ta`mirlab, basketbol maydonchasiga o'rnatamiz, – izoh beradi B.Boyqobilov.
Kutubxonaga o'tdik. Kalit yo'qligi uchun (Kalit oromgoh ­boshlig'ida bo'lib, u shu kuni viloyat markaziga yig'ilishga ketgan ekan) oynavand eshikdan ichkariga mo'ralashga ruxsat berishdi. Mo'`jazgina, torgina xona, javonlarda sanoqligina kitob turardi.
– O'quv yili tugagach, maktab kutubxonalaridan kitoblar olib kelinadi, – yana izoh beradi hamrohim.
Fursatdan foydalanib, oromgohning moliyaviy ahvoli, muassislari haqida so'radik.
– Ayni paytda viloyat hududiy yo'llar boshqarmasi va transport uyushmalari ko'magida ta`mirlash ishlarini olib boryapmiz, – deydi B.Boyqobilov. – Ammo bu tashkilotlar to'lig'icha bizning ta`minotimizni zimmasiga olmaydi.
– Demak, oromgohning egasi yo'q ekan-da.
– Yaqinda Respublika Transport vazirligi tuzildi. Oromgoh shu vazirlik tasarrufida faoliyat yuritsa, ishlarimiz zo'r bo'lib ketadi hali. O'zgarishlar bo'larmi, deb kutib turibmiz.
Ma`lum bo'lishicha, oromgohning doimiy ishchilari soni to'rt nafar bo'lib, qolganlar – oshpazlar, tarbiya­­chi, yetakchilar mavsumiy ishga olinar ekan.
Bosh hisobchidan qarzdorlik haqida so'raymiz.
– Oromgohning soliq yoki ­boshqa to'lovlardan qarzi yo'q.
– Oromgohdan qarz bo'lganlar ham yo'qmi?
– Bolalarni dam oldirganlar yo'llanma pullarining anchagina qismini to'lashgan. Qolganini ham yangi mavsum ochilguncha to'lashadi.
Bosh hisobchi qaysi tashkilotning oromgohdan qancha qarzi qolganini aytmadi. Hamkor va mijoz tashkilotlarini ayadi, chamamda. Yoki mijozlarini yo'qotishdan qo'rqdimi, bilmadik.
Lekin vaziyatga ochiq ko'z bilan qarasak, «Avtomobilchi» oromgohi jiddiy e`tibor, baquvvatgina homiy va muassisga muhtoj ekani aniq-yaqqol ko'rinib turardi.
– Qo'shimcha mablag' ishlab topish bo'yicha qanday chora-tadbirlar ko'rilmoqda? – so'raymiz yana.
– Yozgi sog'lomlashtirish tugagandan keyin turli tadbirlar mezbonligini bajarib berishimiz mumkin…
Yangi-yangi oromgohlar qurilib, bolajonlarga zamonaviy sharoitlar yaratilayotgan bir payt­­da «Avtomobilchi» oromgohining ahvolini maqtasak, uyat bo'lar. Rost, oromgoh xodimlari qarab turishgani yo'q. Ammo to'rt nafar xodimning fidoyi­ligi 1966 yilda qurilib, bugungi kunda deyarli muassissiz faoliyat ko'rsatayotgan oromgohni zamonaviy ko'rinishga keltirishga yetarli bo'larmikan?
Shularni o'ylar ekanmiz, oromgohning o'tgan yili nega to'rt navbat emas, uch navbat faoliyat ko'rsatganini tushungandek bo'ldik. Demak, bu yil ham shunday bo'larkan-da. Ikki navbatga tushib qolmasa agar…

Akmal Abdiev,

Boshqa xabarlar