“HALIMAI JAHONNI QAYDAN TOPAMAN?!”

109

O'zbekiston xalq shoirasi Halima Xudoyberdieva o'zbek she`riyatida samimiy insoniy tuyg'u va fazilatlar – sevgi va sadoqat, mehr-muruvvatni tarannum etuvchi shoira, o'zbek xotin-qizlari orzu va armonlarining kuychisi sifatida yorqin iz qoldirdi. Ko'pgina izdoshlari, shogirdlari qatorida shoira Guljamol Asqarovaning ijodida ham u insonning o'rni beqiyos. Ustozi xotirasiga bo'lgan ehtirom, sog'inch va iztiroblarini shoira qog'ozga tushirdi.

 

Maqolani to'liq quyida o'qing.   

MUHTAShAMIM, HAMMADAN MUMTOZIM KETDI…

 

Halima Xudoyberdieva… Tilimga alladek tanish, dilimga onamdek yaqin so'z va chehra… Ruhim yaralgandami va yo'rgakda ekanimdami, seviltirilgan, nur kabi qalbimga quyilgan nom… 

Halima
Xudoyberdieva… Shoir bo'lib tug'ilgan, shoir bo'lib yashagan va she`riyatda ulkan
maktab yaratib, ko'pning savodini chiqarib, o'lmas asarlar qoldirgan ustoz…

Halima
Xudoyberdieva… Besh farzandni tarbiyalab, “har birida Vatan otliq ozod yurak
o'stirib” ketgan, “Asl mard Vatanga tiz cho'kib o'tar”, deb yashab o'tgan turkiylar
onasi…

Men Halima degan kitobman

Halima opa, jonu jahonim, muhtaramim, muhtashamim, mumtozim, viqorlim,
salobati tog' qadar yuksagim, xalqining munosib farzandi, mehribon onasi
bo'lolganim, mardonam, bayroqdorim! Jonu jahonimga, ruhi ravonimga aylanib
ketganim! Qay bir chiroyli so'zlarni aytsam qaytasiz? Yaxshi ko'rardingiz-ku go'zal
so'zlarni. Yaxshi so'z jonu dilingiz edi-ku. Boqsam, dunyoning to'rt tarafidayam
diydoringiz, ko'z yoshimda chehrangiz jilvalanib turibdi. Lekin Sizni topolmayapman.
Katta bozorda onasini yo'qotib qo'ygan qizaloqqa o'xshayman. “Do'mbirobod”ga
boraman, yo'qsiz, “Dugonalar”ga kelaman, yo'qsiz. Chiqmaysiz jilmayib, keldingmi,
deb quyosh taftidek issiq labingizni peshonamga bosmaysiz.

O'ylab ko'rsam, 20 yildan ortiq vaqtki, Sizga soyadek ergashib yurib, Halima
degan kitob­ga aylanib qolibman. “Yodingda qolsin, sen yozasan-da barini”, deb
uqtirib aytgan har bir so'zingizni esladim, minglab xotiralar, og'ir, qayg'uli,
quvonchli, sururli, mehrli va nihoyat, bayroqdor kunlar bir-bir ko'z o'ngimdan
o'tmoqda. O'zimni varaqlasam, butun borlig'imdan Sizning yodingiz to'kilayotir,
Halima opa! Men bu kitobni uzoq yillar xotiram va qalbimga yozdim, endi ko'chirsam
bas. Endi Xudoyim Sizdagi ijodga ixlos va qora mehnatdan qochmaslik fazilatini,
qudratini bersa bas!

 Poyingizdan boshim ko'tarmam

Men Sizning poyingizga kelganim – 1996 yillarda juda mahzun va g'amgin
edingiz. Salobat va mahzunlik… Shu edi holatingiz. 1998 yili Zomin tog'larida
o'tgan yosh ijodkorlar seminariga men she`r o'qiganimas, Sizni ko'rgani borganman.
She`r o'qitishganda ham Sizni hayratlantirish, maftun etish uchun o'qiganman. Rahmat,
o'sha Zomin tog'lariga bizning yuraklarimizni, ustoz-shogirdlik rishtalarimizni yanayam
qattiq bog'lagani uchun! Rahmat o'sha kunlargaki, meni Sizning poyingizga mangu bosh
qo'ydirgani uchun! Bu sig'inish emas, bu ruhi birodar odamlarning birligi edi,
uyg'unligi, taqdirning saodati edi.

20 yil oldin uyingizga borib, “Halima opa, Sizga bag'ishlab turkum
to'rtliklar yozdim”, dedim. (Mehrini ichida saqlab yurish menga to'g'ri kelmas fazilat
edi, umrbod baralla izhor qilish odatim bo'ldi.) Chehrangiz yashnab ketdi. Ayniqsa,
mana bunisini yaxshi ko'rardingiz:

 Ko'ksimda g'am toshin
ko'tarsam,

Kiprikda ko'z yoshim ko'tarsam.

O'n sakkiz ming olam buzilgay,

Poyingizdan boshim ko'tarsam.

Yaratganga shukrki, men o'n sakkiz ming olamni buzmadim va hech qachon
buzmayajakman!

 Qani edi…

Hazrat Navoiyning “Ko'zim, kimdan ayrilganingni bilganingda, bundan ham
ko'p yosh to'karding” ma`nosidagi satrlarini esladim. Sizdan ajralgan dunyoning
o'ziga qiyin emasmi, Halimai davronsiz ham davom etaveradimi hayot, deb
yig'layapman.

Betobu bemor paytlaringiz dam onajonimning, dam Sizning yoningizda qolib
termulib yotardim, bildirmay yig'lardim. “Xudo, meni shu aziz chehralardan, onamu
ustozimdan ayirma”, deb nola qilardim, ko'z yoshlarim ichimga oqardi. Og'riqlardan
zada bo'lgan jismingizga qarab o'sha 20 yil oldin ikkovimiz sevib birga o'qiganimiz
Radiy Fishning “Jaloliddin Rumiy” asarida Hazratning umri oxirlaridagi holatiga
berilgan ta`rifni eslardim: “…Qariyb yetmish yildirki, tinim nima, shafqat nima
bilmagan mashaqqat chekish, haqiqat izlashlar irodani toblasa-da, sog'lig'ini
sovurgan, iztiroblar ichra kuyib-qovjiragan tani endi aytganiga yurmasdi.”…

Sizda ham shu hol edi. Jismingiz aytganingizga yurmay boshlagandi. Hassaga
tayanibgina, lekin oqqush kabi yengil qadamlar bilan yurib kirib kelardingiz
ishxonaga. Hassaga tayanganingizga hayron bo'lganlarga “Men hassamni yaxshi
ko'raman”, deb qo'yardingiz. Har ne zulmatdan ham nur topa bilgan Sizdek oqilayu
donishmand ayol yana bormikan bu dunyoda? Yana Sizdek benazir, buyuklik va kamtarlik
uyg'unlashgan, mudom ziddiyatlar ichra yashab, barchasiga bardosh berib o'tgan odamni
qaytib ko'rarmikan bu dunyo? O'sha chiroyli hassangizga suyanibgina bo'lsa ham
eshigimizdan kirib kelsangiz qani edi? Qani edi “O'v, zohirga o'ch bolam, siz ayonlarni
ko'zlaysiz”, deb bizga ayni ahvolimizni anglatib, ogohlik qo'ng'iroqlarini chalib
tursangiz? Qaniydi?

Ismingiz jasorat edi aslida

O'zingiz aytganingizdek, 2017 yil 17 maydagi tantana, mehnat va
mashaqqatlaringizning munosib bahosi berilgan kun, ikkovimiz tilimiz bilan
ta`riflaganda ilohiy adolat qaror topgan kundan olgan g'ayratingiz bilan Siz
toliqqan, xasta jismingizni ham aytganingizga yurdira boshladingiz.

“Fayzli oqshom” ko'rsatuvining suvratga olish jarayonlari, “Dugonalar”
jurnalining taqdimot marosimi kabi tadbirlarga kuchlaringizni jamlab, og'rib
turgan jismingizni avaylabgina, lekin o'zingiz aytganingizdek, “ming ohingizdan
bir ohni ham ko'rsatmay” jasorat bilan kelganlaringizni eslayman. “Yonimda tur,
uzoq ketma”, deb qattiq tayinlardingiz. Sizga dorilaringizni uzatib, qog'ozni
ochishga ham holi kelmayotgan qo'llaringizni avaylash uchun, o'qiyotgan she`r yoki
ma`ruzalaringiz betlarini ochib berish uchun doim shay turardim. Ba`zan “Ustozini
qalqon qilyapti” deganga o'xshash gaplarni eshitib kulardik. Holimizni bilmasdilar,
asliyam bilmasinlar, bilolmasinlar, derdik-ku.

Halima opa, iymon qadar pokizam! Sizning ismingiz aslidayam jasorat edi,
matonat edi! “Tizzamgacha tuproqqa botib, aytar dardim bor”, deysiz, lekin
shundayam birovga diydiyo qilmay, “tashingiz xiromonu ichkaringiz dod” ekanini
namoyish etmay, mag'rur yashab o'tdingiz! Naqadar havasli, naqadar ibratli umr bu!
Mana, millat ayoliga timsol, mana, ayol jasorati! 

Bahorda onam, yozda Siz….Fasllarga
ixlosim qolmadi…

 “Har holatga she`rimni aytasan-a, barini yodlaganmisan nima?” deb
kulardingiz. “O'zingiz bari holatga she`r yozgansiz-da, yodlash shartmas, o'zi yodlanib
qoladi”, derdim. Hamma erkaliklarimni, keskinliklarimni, arazlarimni
ko'tarardingiz. O'ylab ko'rsam, o'zingizning satr­laringiz bilan aytganda, Sizning
yoningizda men “eng shoh kunlarimni” yashabman.

“Yozda ko'p ishlarga mumkin ulgurmoq” degan satringizni har yozda takrorlab
yurardim. Men yozda bizni tashlab, o'sha chin dunyoga ketib qolishga ham ulgurishingizni
bilmasdim. Kuzdan qo'rqardim. Bu yil kuz 17 avgustning tunidan boshlangandek.
Chunki xazonlarning chirt-chirt uzilishi mangu ayriliqni eslatadi menga.

Bahor va yozni sevardim. Afsus, shu yil bahorda 66 yoshida meni ne ko'ylarga
tashlab onam, yozda 71 yoshda yana bir chuqur qayg'u qa`riga tashlab Siz…. Bir yilda
ikki chinorimdan ayrilib, holim yomon bo'ldi. Bormikan mendek yana bir ilojsiz,
chorasiz odam? Men endi hech qaysi faslga qattiq ixlos bog'lamay qo'ydim. Endi
qaysi fasl kelmasin, oti ayriliqdek, oti firoqdek, ismi o'limdek, hijrondek
nazarimda. Fasllarga ixlosim o'ldi. Ayriliq azobi shu qadar jondan o'tyaptiki,
o'limni topib o'ldirgim kelyapti. Chorasizlik shu qadarmi, Ollohim?!

 Xudoyim bir yomon kuniga
ming yaxshilikni yashiribdi…

Keyingi 3 yillik sinovli umrim uchun qancha azob chekibman. Sizga borib
yig'lab beraveribman. “Erning tagidan yurgim kelyapti, bu dunyoda adolat yo'qmi?”
deb diydiyo qilaveribman. Sizning gapingiz bitta edi: Sen yig'lama, yuragim
og'riydi, ko'zingni yoshini birov ko'rmasin! Boshingni baland ko'tarib yur! Xudo bizni
yaxshi ko'radi, bolam, hali hammasi yaxshi bo'ladi!”

Endi shu uch yilim uchun beadad shukrlar ayt­yapman. Avvalgidek ishdan bosh
ko'tarmay, ishxona stollarida yotib ishlab yurganimda na onamning, na Sizning
diydoringizdan bahra ololgan bo'lardim. Diydorga to'yib bo'lmaydi, lekin undan
bahra olishning o'zi ham baxt-ku. O'zingiz aytganingizdek, ijodiy
laboratoriyangizni saranjom qilib, 30 dan ortiq eski daftarlardagi she`rlarni
bamaslahat ko'chirish, parishon yotgan barcha asarlaringizni 5 tomga jamlashga qachon
vaqt topardik, agar Xudoning o'zi bir yomon kuniga ming yaxshilikni yashirib
bermaganida?! Shukr, shukr o'sha kunlarga! Har bir xujayram, tomchi-tomchi qonimga
qadar Sizni anglatgan, Sizga yaqin yashagan kunlarga tashakkur!

 Shukrki, umr hayf ketmadi!

Yodimda 2017 yil 17 mayidan keyin “Guljamol, agar Prezidentimiz Shavkat ­Mirziyoevning
sharofati bilan taqdirimga kelgan shu yaxshi kunlarim bo'lmaganida, butun umrim hayf
ketdi-da, degan bo'lardim, beadad shukrki, biz g'alaba qildik bolam!” dedingiz.
Aslida Siz qoldirgan ijodning o'zi umringizning hech qachon hayf ketmasligiga
kafolat ekani aniq, lekin shukr va rahmatki, Siz hamma ma`noda g'olib ketdingiz!

 Biz yomon qoldik… vale
Siz yaxshi ketgan bo'ling!

Yana o'sha ikkimiz sevgan asarda aytilgani kabi “Do'stki, hijron ixtiyor
etmish, demak, uning mashaqqati haddiga yetmish…”. Mashaqqatingiz haddiga,
umringiz esa poyoniga yetgan bo'lsa, bizning chorasizligimizni chora qilishdan boshqa
ne choramiz bor.

Halima opa, ustozi jonim, onajonim o'zimning! Chehrangizni ko'ryapman nur
ichra, boshimda turibsiz, tushlarimda bo'lsa-da, yo'qlayapsiz. Mana, hozir ham uzun-uzun
chiroyli barmoqlaringiz, haroratli qo'llaringiz bilan yelkamni silab qo'yapsiz.
Qanchalar issiq, mehrli va jannatiy orom baxsh etadi bu qo'llar!

Har gal xayrlashayotib: “Bor, kiyikchadek o'ynab yuraver”, derdingiz. Halima
opa, endi kiyikchadek qaysi tog'da o'ynay? Bu dunyoning diydorsiz bozorida
yuribman-ku! Qaysi manzilni makon tutay? Yumshoq bolishga bosh qo'ygim yo'q, Sizning
aziz jismingiz tuproqda-ku. Biz yomon qoldik… vale Siz yaxshi ketgan bo'ling!
Jannat ma`volariga va Ulug' Diydorga yetgan bo'ling! Ruhingiz, jismingiz orom
topsin, ilohim! Hech qachon yodingiz, dog'ingiz bag'rimdan o'chmaydi, hech qachon
unutmayman! Qiyomatgacha, diydorgacha xayr endi, malikam! Mening ruhim bozor
oralab yurgan qalandar yanglig' ushbu satrlarimni takrorlab yuribdi:

Onam ketdi…

        
Onamday ustozim ketdi,

Muhtashamim, hammadan

        
mumtozim ketdi,

Ko'kka qarab hayqirdim…

        
ovozim ketdi:

Halimai jahonni

        
qaydan topaman?!

 GULJAMOLINGIZ,

2018 yil 10 sentyabr

2019
yil 8 may, 9-son

«Kitob dunyosi» gazetasi

Boshqa xabarlar