Haqiqatdan yiroq holat

89

«Ishonch» gazetasining shu yil 21 aprel sonida chop etilgan jurnalist Zulayho Bekmuratovaning «Yoddan chiqqan yodgorlik» sarlavhali maqolasiga quyidagicha munosabat bildirishdi:

Maqolada Taxiatosh tumani Nayman ovulida joylashgan, fashizm ustidan qozonilgan G'alabaning 20 yilligi munosabati bilan qurilgan yodgorlik ko'rimsiz, tashlandiq ahvolga kelib qolgani ta`kidlangan.
Mazkur yodgorlik 2018 yil kuz oylarida ta`mirlanib, Ikkinchi jahon urushida halok bo'lgan vatandoshlarimizning xotirasiga bag'ishlangan mangu olov va yodgorlikning zamonaviy ko'rinishi qayta qad rostladi. Yodgorlik bugungi kunda sayyohlar, yoshlar va aholining bayram tadbirlarida tashrif buyuradigan eng go'zal maskanlaridan biriga aylangan.
Maqolada tasvirlangan holat haqiqatdan yiroq ekanini bildiramiz.

Qoraqalpog'iston
Respublikasi Vazirlar
Kengashi raisining
o'rinbosari M.Jumanov


Jumanovning «lag'mon»i o'tmadi

Vazirlar Kengashining matbuotga nisbatan tezkor munosabat bildirgani tahsinga loyiq. Lekin…

Kuni kecha maqolada qayd etilgan yodgorlikning holati bilan tanishdim. Ahvol, aslida, mutlaqo bosh­qacha. Majmua oldidagi gul ekish uchun mo'ljallangan joyni yovvoyi o'tlar bosib yotibdi. Majmuada tas­virlangan jangchi qurolining uch tarafi og'ir narsa bilan urilgan kuchli zarba ta`sirida yemirilib tushgan. Yodgorlik qo'l uchida bo'yalgan, xolos. Ta`mirlash ishlari ham shu tarzda bajarilgan. Majmua atrofiga yotqizilgan marmar plitkalar sinib, joyidan ko'chib tushgan. Mangu olov yonadigan o'tdon ichi sigareta qoldiqlari tashlangan kuldonni eslatadi. Jang maydoni tas­virlangan katta pannoning orqa tarafi chiqindixonaga aylangan. Pista po'choqlari uyumi yodgorlik tevaragi tozalanmaganligidan darak beradi.
Majmuadan to'rt-besh qadam narida qurilayotgan imorat kelgusida oshxona bo'lar ekan. Uning o'rnida kutubxona, muzey yoki keksalar choyxonasi bunyod etilsa bo'lmasmidi? Chunki oshxonada spirtli ichimliklar sotilishi, baland ovozda musiqa qo'yilishi mumkin. Bu esa ajdodlar xotirasiga hurmat belgisi emas.
– Avvallari har yili yodgorlikni ta`mirlab, yoniga gullar ekardik, – deydi qishloq fuqarolar yig'ini xodimi Farhod Tursinboev. – Majmua tuman obodonlashtirish boshqarmasi tasarrufiga o'tgach, bu ish o'lda-jo'lda ahvolda qoldi.
Aytishlaricha, Xo'jayli va Taxiatosh tumanlarida bo'ladigan nikoh to'ylarida ko'plab yoshlar ushbu ziyorotgohga kelib, ajdodlar xotirasini yodga olar ekan.
Taxiatosh tumani obodonlashtirish boshqarmasi bosh muhandisi Maman Allambergenovning bildirishicha, yodgorlik majmuasi boshqarma tasarrufiga ikki oy oldin o'tkazilgan. Hozirda arxitektura-loyihalash ishlari bajarilmoqda. Tez orada majmuada ta`mirlash ishlari boshlanadi.
Xullas, gazetada chop etilgan maqoladagi holat bo'rttirilmagan. Vazirlar Kengashi javobi esa… Ko'rganga ishonish kerakmi? Eshitganga?..

Ortiqboy MAMUTOV,
«ISHONCH»

Boshqa xabarlar