Isrof – kulfat doyasi

33

Hech e`tibor berganmisiz? Yetmish-sakson yoshdagi nuroniylar non ushog'ini peshonasiga suradi. Boisi, bolaligida shu ushoqqa zor bo'lgan. Yangi libos tuhfa qilsangiz, tinmay duo qiladi. Illo, yoshligida yirtiq-yamoq kiyimda yurgan. Koshonaga kirar ekan, shukrona aytadi. Zero, loysuvoq uyda, namat ustida voyaga yetgan.

Bugun aksariyatimizning muzlatkichimiz noz-ne`matga to'la. Dasturxonimiz to'kin. Libosimizga ozgina dog' tegsa, chiqindiga tashlaymiz. O'tgan yili kiyganimizni bu yil egnimizga ilgimiz kelmaydi. Xonadonimizdagi mebellar-u jihozlarni ham har yili almashtirgimiz keladi. Vaholanki, Alloh taolo insonlarga behisob ne`matlarni ato etish barobarida bu ne`matlarni tejab, isrof qilmay foydalanishni ham buyurgan. «Isrof» so'zi arabcha bo'lib, uning ma`nosi «har bir ishda haddan oshish» ma`nosida keladi. Isrof dinimizda qattiq qoralangan. Qur`oni Karimda isrofning naqadar yomon illat ekani haqida o'nlab oyatlar bor.
Alloh taolo aytadi: «Eb-­ichingiz, (lekin) isrof qilmangiz!». Dasturxonimizni turli noz-ne`matlar bilan bezayotgan chog'imizda mahallamizda, ko'chamizda, yurtimizning qaysidir burchagida qaysidir beva-bechora, yetim-esir qattiq non kavshab o'tirgan bo'lishi mumkinligini o'ylaymizmi? Ortib qolgan taomni chiqindiga tashlayotganimizda uning mehnat va mashaqqat evaziga kelganini his qilamizmi?
Donishmandlarning aytishicha, isrofgarchilik inson hayotiga kulfat olib keladi. Uni qashshoq va baxtsiz etadi. Xalqimiz orzu-havasli xalq. Ammo orzu-havas deganda nimagadir faqat to'kin dasturxon-u, dabdabani tushunadigan bo'lib qolganmiz. Bolalarimizni bilimli qilish, yaqinlarimizni baxtli ko'rish, atrofdagilarga yaxshilik ulashish ham orzu-havas, aslida.
Islom dini insonlarni jamiyatdagi barcha qatlamlarga birday munosabatda bo'lish, qarindosh-urug'lar, hayotda qiynalib qolgan faqir va miskinlar, o'zi yurtida boy kishi bo'lsa ham safarda iqtisodiy jihatdan nochor holga tushib qolgan yo'lchilarga moddiy va ma`naviy yordam ko'rsatishni, ehson va sadaqalar berishni buyuradi. Bu haqlarni ado etish esa Alloh taoloning roziligini topish, o'ziga U zot tomonidan ato qilingan ne`matlarning shukrini ado etish omili hamdir. Ammo bu ishlarda isrofga borish mutlaqo yaramaydi, chunki isrofgarchilik jamiyatlarda, xonadonda tanglik va yetishmovchiliklarni keltirib chiqaradi.
Isrofning chegarasi katta: kimdir marosimlarni tejamsiz o'tkazadi, kimdir elektr, gaz, suv, yonilg'i kabi turmush qulayliklarini ortiqcha ishlatadi, yana birov vaqtni, umrni befoyda o'tkazadi, mehnat qilish o'rniga foydasiz ishlar bilan shug'ullanadi, sog'likning ­qadriga yetmaydi, oiladagilar mehrini suiiste`mol qiladi, jamoada o'ziga topshirilgan vazifani lozim darajada bajarmaydi, jamiyatga foyda keltirish haqida o'ylamaydi, farzandiga to'g'ri tarbiya bermaydi. Bularning barchasi isrof, aslida.
Imom A`zam rahmatullohi alayhi aytadi: Yaxshilik va ehsonda isrof bo'lmaganidek, isrofda ham hech qanday yaxshilik yo'q.
Ulug'lar so'zidan har birimiz ibrat olishimiz lozim. Bizga ato etilgan har lahzaning, har ne`matning qadriga yetaylik. Uni yaxshilik yo'lida sarflaylik.

O'ktam QURBONIYoZOV,
Amudaryo tumanidagi
«No'g'oy eshon» jome` masjidi
imom xatibi

Boshqa xabarlar