Muloqotlar o'z samarasini bermoqda

71

Prezidentimiz tashabbusi bilan tuzilgan Jamoatchilik komissiyasining navbatdagi uchrashuvi joriy yilning 14-15 may kunlari Yakkasaroy tumanidagi «Armug'on», «Bosh­liq», «Dilbuloq», «Muhandislar», «Qushbegi», «Meros», «To'qimachi», «Rakat», «Yakkasaroy», «Belariq», «Bog'saroy», «Damariq», «Konstitusiya», «Rakatboshi», «Tepa» hamda Yunus Rajabiy, Abdulla Qahhor, Hamid Sulaymonov, Bobur, Muqimiy, Shohjahon nomli mahallalarda bo'lib o'tdi.

Unda tuman ahli, uchastka nozirlari, keng jamoatchilik, Yakkasaroy tumani hokimligi, sektor rahbarlari hamda mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Muloqot chog'ida jinoyatchilikning oldini olish, xorij­ga chiqib ketgan fuqarolar taqdiriga befarq bo'lmaslik, ularga oid ma`lumotlar mahalla raislari, uchastka nozirlarida bo'lishi shartligi, bu yo'nalishda ma`lumotlar bazasini yaratish, hududdagi ijtimoiy muammolar, hal etilmagan ishlar yechimini topish, tadbirkorlikni keng targ'ib etish, mahallalarda kichik korxonalar, savdo va xizmat ko'rsatish shoxobchalari qurish, birinchi galda kam ta`minlangan oilalarni qo'llab-quvvatlash, yoshlarni ish bilan ta`minlash masalalariga e`tibor qaratish lozimligi ta`kidlab o'tildi.
Jamoatchilik komissiyasining tashrifi jarayonida fuqarolar tomonidan ko'chalarga tungi yoritgichlar o'rnatish, ko'p qavatli uylar oldiga bolalar uchun maydonchalar qurish, aholi tomonidan to'lanadigan soliq va boshqa to'lovlarni to'lash uchun qulaylik yaratadigan moliya muassasalari shoxobchalarini ishga tushirish, oilaviy poliklinikalarni ham aholi uchun qulay bo'lgan manzillarga joylashtirish, yo'llarni ta`mirlash, ko'p qavatli uylar oldiga yengil avtomashinalar uchun to'xtash joylarini qurish, mehmonxona, novvoyxona bunyod etishda amaliy ko'mak ko'rsatish va boshqa bir qator maishiy, ijtimoiy yo'nalish­lar bo'yi­­cha amaliy yordam so'rab murojaatlar qilindi. Shuningdek, ayrim mahallalarda maktabgacha ta`lim muassasalari, futbol maydonchalari qurish zarurligi aytib o'tildi. Kam ta`minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning arzlari ham e`tiborga olindi. Jumladan, «Armug'on» mahallasida istiqomat qiluvchi Salima To'ychievaning 10 yoshli tug'ma nogironligi bor farzandining davolanishi uchun 5 mln. so'm, 12 yoshli tug'ma nogironligi bor farzandini davolash uchun fuqaro Nabijon Nuralievga 4 mln. so'm moddiy yordam puli beriladigan bo'ldi.
Bundan tashqari, Jamoatchilik komissiyasi qoshidagi ishchi guruhlarning o'rganishlari davomida yuzaga chiqqan shu kabi qator muammolar, ijtimoiy sohalardagi kamchiliklarni bartaraf etish, har bir murojaatni o'rganib chiqib, muammoni ijobiy tomonga hal etish borasida mutasaddi tashkilotlarga topshiriq va vazifalar belgilab berildi.

G'ulomjon MUSAEV,
Yakkasaroy tumani hokimligi matbuot kotibi

Boshqa xabarlar