Samarqandda sudyalar kimga xizmat qilyapti?

36


Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi o‘z himoyasiga olgan Nasiba Xudoyqulovaning kimligi, qilgan ishlari haqida batafsil yozsak, katta bir kitob bo‘ladi. Shuning uchun sof xronologik tarzda bo‘lib o‘tgan ishlarni sanab o‘tamiz, xolos. 

Nasiba Xudoyqulova 1982-yili Samarqand viloyati Paxtachi tumani Chorgo‘sha qishlog‘ida tug‘ilgan. Paxtachi tumani pedagogika kollejini «Maktabgacha ta’lim muassasalarida va boshlang‘ich sinflarda jismoniy tarbiya tashkilotchisi» mutaxassisligi bo‘yicha tugatgan. 

Nasiba ilk bor 2000-yilda Ziyovuddin qo‘rg‘onida yashovchi Baxtiyor Ulug‘ovga turmushga chiqqan. Erining aytishicha, bir kun ham yaxshi yashamagan. Nuqul onasinikiga «qochgan». 2001-yilda qizi, 2003-yilda o‘g‘li tug‘ilgan, ammo uch oylik emizikli bolani otasiga tashlab, ajrashib ketgan. Sudda bolalaridan voz kechgan. («Men onangman», deb borganida esa, bo‘y yetib qolgan qiz va o‘g‘il ham undan voz kechgan!) 

Nasiba ikkinchi marta Narpay tumani Chaqar qishlog‘ida yashovchi Jasur Ismoilovga turmushga chiqadi. Egiz farzand ko‘radi. Husanini otasiga tashlab, nogiron tug‘ilgan Fotimasini olib, ikkinchi eridan ham ajrashib ketadi. 

Uchinchi martasiga Paxtachi tumanidagi Bog‘oloni qishlog‘ida yashovchi Javlon Ibodovga turmushga chiqadi. Bir yilda bu eri bilan ham ajrashadi. 

2010-yil 1-noyabrdan 2013-yil 11-fevralgacha Navoiy shahridagi 16-maxsus (nogiron bolalar uchun) bog‘chada yarim stavka tarbiyachi lavozimida ishlaydi. Jami ish staji 2 yil 3 oy 11 kun. 

N.Xudoyqulova 2017-yil 15-noyabrdan Samarqand shahriga kelib, Rudakiy ko‘chasi 7-uyda ijarada turadi va o‘sha kundan xat yozish mumkin bo‘lgan jamiki idoralarga nogiron bolasi borligini pesh qilib, avval aravacha, keyin boshpana, keyin moddiy yordam, keyin ish, keyin uy so‘rab xat yoza boshlaydi. Prezident qabulxonasiga ustma-ust qilgan murojaat­lari o‘rganilib, tegishli yordam beriladi, ammo uning diplomi bilan u so‘ragan ish va u so‘ragan uyni berishning imkoni yo‘qligi tushuntiriladi. 

Shundan keyin nogiron qizini sudrab, barcha idoralarning rahbarlariga «hujum» boshlaydi. Shahar va viloyat xotin-qizlar qo‘mitalari raisidan boshlab, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisigacha, shahar va viloyat hokimlaridan tortib, Xalq ta’limi vazirigacha, hatto Vazirlar Mahkamasi va Oliy Majlisgacha tinimsiz shikoyat qiladi. 

Adog‘i yo‘q shikoyatbozlikdan bezor bo‘lgan viloyatning sobiq hokimi Turobjon Jo‘rayev Nasibaning bolasiga aravacha ham beradi, temir yo‘lchilar yotoqxonasiga ham joylashtiradi, eng qizig‘i, «Bitta ayolga to‘rt soat ish topib beringlar, men shundan qutulay!» deya shahar va viloyat XTB boshliqlariga aytib, Samarqand shahridagi 48-maktabga, N.Xudoyqulova istagan ishga — o‘zining 4-sinfda o‘qishi kerak bo‘lgan nogiron bolasiga uy muallimasi qilib ishga ham joylab qo‘yadi. 

Nogiron qizining orqasidan maqsadlariga erishayotgan ayolning nafsi hakalak otib ketaveradi. Endi u viloyat hokimidan nogiron qizi uchun uy so‘raydi. Spitamen shohko‘chasida qurilgan 161-uydan Xudoyqulovaning nogiron qizi uchun ikki xonali xonadon ajratiladi. 

Shu bilan Nasiba Xudoyqulovaning orzulari tugadi dersiz? Koshki edi! 

Endi u yuqori sinfga o‘tgan qiziga alohida fan o‘qituvchilari o‘tishi shart bo‘lgan «10 ta fanni ham o‘zim o‘qitaman, buning uchun menga to‘rt yarim million so‘mdan oylik to‘laysan, qo‘shimcha ham, ustama ham to‘laysan», deb talab qila boshlaydi. 

Aslida, boshlang‘ich sinfda ham bolasiga dars berishga haqi bo‘lmagan, kollej diplomiga va bog‘chadagi yarim stavkali 2 yil 3 oy 11 kun ish stajiga ega bo‘lgan ayol oliy ma’lumotli o‘qituvchi ham so‘rashga haqli bo‘lmagan narsani talab qiladi. Tabiiyki, maktab direktori Shahlo Hasanova uning talabini qondirishning imkoni yo‘qligini aytadi va u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qiladi. Bungacha u kasaba uyushmasining ham, shahar va viloyat XTB rahbarlarining ham tegishli qarorini oladi. 

N.Xudoyqulova maktab direktorini sudga beradi va Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudidan «ish»ni chaqi­rib olgan FIB Samarqand viloyat sudi Xudoyqulovaning «O‘z ishiga tiklash» talabini qanoatlantiradi. Ya’ni, kollejni bitirgan, savodi ham haminqadar bo‘lgan ayol 5-sinfdan 11-sinfgacha o‘z bolasini o‘zi o‘qitishini qonunlashtirib berdi. 

Uyat joyi shundaki, Nasiba Xudoyqulovaning sudda raislik qiluvchiga «Agar talabimni qondirmasangiz, kecha menikida tunab qolganingizni hammaga oshkor qilaman!» degan gaplari hal qiluvchi rol o‘ynaydi. (Sudda ishtirok etganlarning barchasi buni tasdiqladi.) 

Bu qarorga na maktab direktori, na shahar, na viloyat XTB ko‘nadi. Ular apellatsiyaga berishadi. Ammo apellatsiya sudida FIB viloyat sudi raisi Tojiboyev avvalgi qarorni o‘z kuchida qoldiradi. Maktab direktorining vajlari, bunaqa diplom bilan bu ayolga ish berib bo‘lmasligi haqidagi e’tirozlari ham, qolaversa, Xudoyqulova hozir boshqa joyda yashayotgani va u hudud boshqa maktabga qarashli ekani ham e’tiborga olinmaydi. Qaytanga unga JKning 232-moddasi eslatib qo‘yiladi: «Sud qarorini qasddan bajarmaslik jinoiy javobgarlikka tortishga sabab bo‘ladi». 

Xullas,  sud  noto‘g‘ri qaror chiqarib, qonun nomi bilan maktab direktorini noqonuniy ish qilishga majbur qiladi. Sud qarorini ta’minlash maqsadida maktab direktori N.Xudoyqulovaga texnologiya fanidan 1 soat dars berib, ish bilan ta’minlashga majbur bo‘ladi. Qolgan darslarni o‘tish uchun garchi maktab va uning uyi orasidagi masofa uzoq bo‘lsa-da, fan o‘qituvchilarini tayinlaydi, ularga alohida dars jadvali tuzadi. Ammo N.Xudoyqulova 10 ta fanni o‘zi o‘qitish ilinjida birorta o‘qituvchini uyiga kiritmaydi. Borgan o‘qituvchilarni «Bolamni zaharlaysizlar, o‘ldirib keta­sizlar», degan tuhmat bilan urib, so‘kib haydaydi. 10 ta fanni o‘zi o‘qitayotgani uchun fantastik maoshni talab qilib, turli idoralarga shikoyatbozlikni boshlaydi. 

Uyiga kelgan o‘qituvchilarni urib, so‘ kish bilan qanoatlanmagan Nasiba Xudoyqulova 48-maktabga borib, u yerda ham haqorat qilib, hatto bir necha o‘qituvchini, xususan, direktorni, direktor o‘rinbosarlarini ham urib keladi. 23-aprel kuni direktor o‘rinbosari Dildora Bo‘riyevani homilador ekaniga ham qaramasdan urib, do‘pposlab, yuz-qo‘llarini, quloqlarini yumdalab tashlaydi. (D.Bo‘riyeva tibbiy ekspertizadan o‘tgan.) 

Sud qaroridan norozi bo‘lib, barcha yuqori tashkilotlarga shikoyat qilgan maktab direktorining murojaatlari javobsiz qolgach, u menga murojaat qildi. 

Maktabga borib, o‘qituvchilar jamoasi bilan suhbatlashdim. Barcha bir ovozdan Nasiba Xudoyqulovadan bezorli­gini, u bilan birga ishlashni xohlamasligini, uning xulqi buzuq, tarbiyasiz, o‘ta madaniyatsiz ekanini aytdi. Qizini o‘qitishga mas’ul bo‘lgan o‘qituvchilar ham bir ovozdan uning uyiga bormasligini aytdi. 

— Bu ayolning ruhiy xasta ekani, juda tajovuzkor ekani ko‘rinib turibdi, — dedi keksa va tajribali o‘qituvchilar. — Uni xolis psixiatr ishtirokida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish shart. Bunaqa tajovuzkor ayolni nafaqat dars berish, balki onalik huquqidan ham mahrum etib, farzandini undan himoya qilish kerak. 

Men muallimlar oshirib yuborayotgandir, dedim va bir necha o‘qituvchilar bilan birga u yashaydigan uyga bordim. Mahalla faoli va qo‘shnilari bilan uning eshigini taqillatdim. 

— Kimsan? Kim seni yollagan? Bor, toshingni ter! Avliyo bo‘lsang ham uyga kiritmayman! 

Birinchi eshitganim shu so‘zlar bo‘ldi. O‘zimni tanishtirgach, eshikni ochdi. Ammo birdan direktor va boshqa o‘qituvchilarga tashlandi. Ularni haqorat qilib, ikki o‘qituvchining yuziga bir shappatdan urdi. 

Bir iloj qilib, ichkari kirdik. 

— Sizni ham o‘sha yubordimi? 

Men «o‘sha»ning kimligiga qiziqdim. Xullas, Nasiba bilan suhbatimiz qovushmadi. Uning eshitish qobiliyati mutlaqo yo‘q edi. Unda to‘xtovsiz gapirish, gapirganda ham baland ovozda, erkaklar ham aytishga uyaladigan so‘zlarni, qiliqlarni ishlatib (qo‘lini ko‘rsatib) gapirish, shang‘illash qobiliyati bor edi.

— Kim bo‘lsang bo‘l, qayerga borsang bor, nima deb yozsang yoz! Senlarni bir tiyinga olmayman! Bolamni o‘zim o‘qitaman! Menga to‘lanmay, yig‘ilib qolgan yuz million so‘m maoshimni undiraman! Direktorni ishdan oldiraman! Shungacha ishim sud bilan bitgan, maktabini ham, mahallasini ham, hammasini sudga beraman! Hammasini qamataman! Sudlar men tomonda! Senga javob berishga majbur emasman, uyimni bo‘shatib qo‘y! 

Bu so‘zlardan keyin uning uyini bo‘shatmaslikning iloji yo‘q edi… 

Men ana shundan keyin u o‘sgan mahallaga, o‘qigan, ishlagan, yashagan joyga bordim. Biror joyda u haqida bir og‘iz iliq so‘z eshitmadim. Qaytanga yolg‘onchiligiga, qalbaki ishiga guvoh bo‘ldim. Mehnat daftarchasida Paxtachi tumanidagi 43-maktabda uch yil ishlagani yozilgan bo‘lsa-da, aslida u maktabda bir kun ham ishlamagani oshkor bo‘ldi. 

— Meni ham «shantaj» qilib, mehnat daftarchasiga sirtqi o‘qishga kirishi uchun uch yil soxta staj yozdirib oluvdi, —  dedi maktabning o‘sha vaqtdagi direktori Boymurod Eshmurodov. (U ham endi bu «ishi» uchun javob beradi!) 

Navoiydagi maxsus bog‘chada haqiqatan ham ikki yildan oshiqroq vaqt yarim stavka tarbiyachi bo‘lib ishlagan, ammo u yerda ham rosa hunar ko‘rsatgan ekan. 

Bu mojaroga Samarqand viloyat xalq ta’limi boshqarmasi mas’ul xodimlarining munosabati bilan qiziqdim. Ularning so‘zlarini batafsil keltirmayman, ammo barchasi N.Xudoyqulovaga juda yomon tavsifnoma berib, sud qarori noto‘g‘ri ekanini aytdi. Suddan qo‘rqib, 48-maktab direktoriga noqonuniy tarzda N.Xudoyqulovani ish bilan ta’minlashni buyurganlarini ta’kidlashdi. 

— Aslida, bu ayolni ta’lim sohasiga yaqinlashtirmaslik kerak, — dedi Samarqand shahar XTB mudiri vazifasini bajaruvchi Ro‘zimurod Mahmudov. — Ammo u XTBga kelib janjal qilishidan, bizni ham urishi yoki sha’nimizga yomon tuhmat qilishidan qo‘rqamiz. 

— Sud diplomi hech qanday pedagogik faoliyat ko‘rsatish huquqini bermaydigan odamni ishga tiklash haqida qaror chiqarsa chiqaribdi, ammo unga oylik to‘lansa, sud emas, boshqa idora direktorning ishini tekshirib, unga jinoiy ish ochadi. Chunki, Xudoyqulovaga yuqori sinflarda dars o‘tdi, deb oylik to‘lash — moliyaviy jinoyat. Fuqarolik sudi Xudoyqulovani xursand qilaman, deb maktab direktorini moliyaviy jinoyatga yetaklayapti, — dedi XTBning moliya-nazorat bo‘limi boshlig‘i Husniddin Mustafoyev. 

Shahar XTB huquqshunosi Olim Abdusamiyev sud qarori haqida shunday dedi: 

— Sud Xudoyqulova haqida bizdan xulosa olishi kerak bo‘lsa-da, fikrimizga quloq ham solmadi. Faqat uning manfaati himoya qilindi. Maktab, ta’lim sohasi, yosh avlod kelajagi, maktabda bu ayolning sog‘lom muhitni buzayotgani haqida o‘ylamadi ham, eshitmadi ham. 

— Kimnidir ishga olish, dars soatlarini taqsimlash kabi ishlarda maktabga tashqaridan tazyiq o‘tkazilishi mumkin emas, — dedi viloyat XTB boshlig‘i o‘rinbosari Ulug‘bek Mamarasulov. — Qanday tashkilot bo‘lmasin, yuqori idoralarning talabi qonunga zid bo‘lsa, maktab rahbariyatining bu talabni bajarmaslikka haqi bor. 

Men 48-maktab direktori Xudoyqulova bilan tuzilgan mehnat shartnomasini haqli ravishda bekor qilgan, deb hisoblayman. Sudning Xudoyqulovani ishga tiklash to‘g‘risidagi qarori O‘zbekistonning barcha qonunlariga zid. 

Ha, aytgancha, sarlavhaga qaytsak. Samarqandda sudyalar kimning manfaatini himoya qilayotganini anglab yetgandirsiz? 

Ammo nega? Nima uchun? Nimaning evaziga? Yoki haligi gap quruq po‘pisa emasmidi? 

Muallif, 48-maktab jamoasi, Samarqand viloyat XTB rahbarlari O‘zbekiston Oliy Sudidan ushbu maqolani va jurnalistik surishtiruv natijalari aks etgan hujjatli filmni FIB Samarqand viloyat sudi qarori ustidan kiritilgan raddiya, ya’ni protest deb qabul qilishini, N.Xudoyqulovaga oid ishni adolat bilan ko‘rib, xolis qaror chiqarishni talab qiladi. Agar viloyat sudi qarori o‘z kuchida qoldiriladigan bo‘lsa, “Nasiba Xudoyqulova viloyat sudyalarining farzandlariga haftasiga bir marta ta’lim-tarbiya bersin”, degan qo‘shimcha band kiritilishini so‘raydi. 


Karimberdi TO‘RAMUROD 

Manba: “M a’rifat” gazetasi

Бошқа хабарлар