Samarqandda sudyalar kimga xizmat qilyapti?

83

Fuqarolik
ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi o‘z himoyasiga olgan Nasiba
Xudoyqulovaning kimligi, qilgan ishlari haqida batafsil yozsak, katta bir kitob
bo‘ladi. Shuning uchun sof xronologik tarzda bo‘lib o‘tgan ishlarni sanab
o‘tamiz, xolos. 

Nasiba Xudoyqulova 1982-yili Samarqand viloyati
Paxtachi tumani Chorgo‘sha qishlog‘ida tug‘ilgan. Paxtachi tumani pedagogika
kollejini «Maktabgacha ta’lim muassasalarida va boshlang‘ich sinflarda jismoniy
tarbiya tashkilotchisi» mutaxassisligi bo‘yicha tugatgan. 

Nasiba ilk bor 2000-yilda Ziyovuddin qo‘rg‘onida
yashovchi Baxtiyor Ulug‘ovga turmushga chiqqan. Erining aytishicha, bir kun ham
yaxshi yashamagan. Nuqul onasinikiga «qochgan». 2001-yilda qizi, 2003-yilda
o‘g‘li tug‘ilgan, ammo uch oylik emizikli bolani otasiga tashlab, ajrashib
ketgan. Sudda bolalaridan voz kechgan. («Men onangman», deb borganida esa, bo‘y
yetib qolgan qiz va o‘g‘il ham undan voz kechgan!) 

Nasiba ikkinchi marta Narpay tumani Chaqar
qishlog‘ida yashovchi Jasur Ismoilovga turmushga chiqadi. Egiz farzand ko‘radi.
Husanini otasiga tashlab, nogiron tug‘ilgan Fotimasini olib, ikkinchi eridan
ham ajrashib ketadi. 

Uchinchi martasiga Paxtachi tumanidagi Bog‘oloni
qishlog‘ida yashovchi Javlon Ibodovga turmushga chiqadi. Bir yilda bu eri bilan
ham ajrashadi. 

2010-yil 1-noyabrdan 2013-yil 11-fevralgacha
Navoiy shahridagi 16-maxsus (nogiron bolalar uchun) bog‘chada yarim stavka
tarbiyachi lavozimida ishlaydi. Jami ish staji 2 yil 3 oy 11 kun. 

N.Xudoyqulova 2017-yil 15-noyabrdan Samarqand
shahriga kelib, Rudakiy ko‘chasi 7-uyda ijarada turadi va o‘sha kundan xat
yozish mumkin bo‘lgan jamiki idoralarga nogiron bolasi borligini pesh qilib,
avval aravacha, keyin boshpana, keyin moddiy yordam, keyin ish, keyin uy so‘rab
xat yoza boshlaydi. Prezident qabulxonasiga ustma-ust qilgan murojaat­lari
o‘rganilib, tegishli yordam beriladi, ammo uning diplomi bilan u so‘ragan ish
va u so‘ragan uyni berishning imkoni yo‘qligi tushuntiriladi. 

Shundan keyin nogiron qizini sudrab, barcha
idoralarning rahbarlariga «hujum» boshlaydi. Shahar va viloyat xotin-qizlar
qo‘mitalari raisidan boshlab, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisigacha,
shahar va viloyat hokimlaridan tortib, Xalq ta’limi vazirigacha, hatto Vazirlar
Mahkamasi va Oliy Majlisgacha tinimsiz shikoyat qiladi. 

Adog‘i yo‘q shikoyatbozlikdan bezor bo‘lgan
viloyatning sobiq hokimi Turobjon Jo‘rayev Nasibaning bolasiga aravacha ham beradi,
temir yo‘lchilar yotoqxonasiga ham joylashtiradi, eng qizig‘i, «Bitta ayolga
to‘rt soat ish topib beringlar, men shundan qutulay!» deya shahar va viloyat
XTB boshliqlariga aytib, Samarqand shahridagi 48-maktabga, N.Xudoyqulova
istagan ishga — o‘zining 4-sinfda o‘qishi kerak bo‘lgan nogiron bolasiga uy
muallimasi qilib ishga ham joylab qo‘yadi. 

Nogiron qizining orqasidan maqsadlariga
erishayotgan ayolning nafsi hakalak otib ketaveradi. Endi u viloyat hokimidan
nogiron qizi uchun uy so‘raydi. Spitamen shohko‘chasida qurilgan 161-uydan
Xudoyqulovaning nogiron qizi uchun ikki xonali xonadon ajratiladi. 

Shu bilan Nasiba Xudoyqulovaning orzulari tugadi
dersiz? Koshki edi! 

Endi u yuqori sinfga o‘tgan qiziga alohida fan
o‘qituvchilari o‘tishi shart bo‘lgan «10 ta fanni ham o‘zim o‘qitaman, buning
uchun menga to‘rt yarim million so‘mdan oylik to‘laysan, qo‘shimcha ham, ustama
ham to‘laysan», deb talab qila boshlaydi. 

Aslida, boshlang‘ich sinfda ham bolasiga dars
berishga haqi bo‘lmagan, kollej diplomiga va bog‘chadagi yarim stavkali 2 yil 3
oy 11 kun ish stajiga ega bo‘lgan ayol oliy ma’lumotli o‘qituvchi ham so‘rashga
haqli bo‘lmagan narsani talab qiladi. Tabiiyki, maktab direktori Shahlo
Hasanova uning talabini qondirishning imkoni yo‘qligini aytadi va u bilan
tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qiladi. Bungacha u kasaba uyushmasining
ham, shahar va viloyat XTB rahbarlarining ham tegishli qarorini oladi. 

N.Xudoyqulova maktab direktorini sudga beradi va
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudidan «ish»ni chaqi­rib olgan FIB
Samarqand viloyat sudi Xudoyqulovaning «O‘z ishiga tiklash» talabini
qanoatlantiradi. Ya’ni, kollejni bitirgan, savodi ham haminqadar bo‘lgan ayol
5-sinfdan 11-sinfgacha o‘z bolasini o‘zi o‘qitishini qonunlashtirib berdi. 

Uyat joyi shundaki, Nasiba Xudoyqulovaning sudda
raislik qiluvchiga «Agar talabimni qondirmasangiz, kecha menikida tunab
qolganingizni hammaga oshkor qilaman!» degan gaplari hal qiluvchi rol o‘ynaydi.
(Sudda ishtirok etganlarning barchasi buni tasdiqladi.) 

Bu qarorga na maktab direktori, na shahar, na
viloyat XTB ko‘nadi. Ular apellatsiyaga berishadi. Ammo apellatsiya sudida FIB
viloyat sudi raisi Tojiboyev avvalgi qarorni o‘z kuchida qoldiradi. Maktab
direktorining vajlari, bunaqa diplom bilan bu ayolga ish berib bo‘lmasligi
haqidagi e’tirozlari ham, qolaversa, Xudoyqulova hozir boshqa joyda
yashayotgani va u hudud boshqa maktabga qarashli ekani ham e’tiborga olinmaydi.
Qaytanga unga JKning 232-moddasi eslatib qo‘yiladi: «Sud qarorini qasddan
bajarmaslik jinoiy javobgarlikka tortishga sabab bo‘ladi». 

Xullas,  sud  noto‘g‘ri qaror
chiqarib, qonun nomi bilan maktab direktorini noqonuniy ish qilishga majbur
qiladi. Sud qarorini ta’minlash maqsadida maktab direktori N.Xudoyqulovaga
texnologiya fanidan 1 soat dars berib, ish bilan ta’minlashga majbur bo‘ladi.
Qolgan darslarni o‘tish uchun garchi maktab va uning uyi orasidagi masofa uzoq
bo‘lsa-da, fan o‘qituvchilarini tayinlaydi, ularga alohida dars jadvali tuzadi.
Ammo N.Xudoyqulova 10 ta fanni o‘zi o‘qitish ilinjida birorta o‘qituvchini
uyiga kiritmaydi. Borgan o‘qituvchilarni «Bolamni zaharlaysizlar, o‘ldirib keta­sizlar»,
degan tuhmat bilan urib, so‘kib haydaydi. 10 ta fanni o‘zi o‘qitayotgani uchun
fantastik maoshni talab qilib, turli idoralarga shikoyatbozlikni boshlaydi. 

Uyiga kelgan o‘qituvchilarni urib, so‘ kish bilan qanoatlanmagan
Nasiba Xudoyqulova 48-maktabga borib, u yerda ham haqorat qilib, hatto bir
necha o‘qituvchini, xususan, direktorni, direktor o‘rinbosarlarini ham urib
keladi. 23-aprel kuni direktor o‘rinbosari Dildora Bo‘riyevani homilador
ekaniga ham qaramasdan urib, do‘pposlab, yuz-qo‘llarini, quloqlarini yumdalab
tashlaydi. (D.Bo‘riyeva tibbiy ekspertizadan o‘tgan.) 

Sud qaroridan norozi bo‘lib, barcha yuqori
tashkilotlarga shikoyat qilgan maktab direktorining murojaatlari javobsiz
qolgach, u menga murojaat qildi. 

Maktabga borib, o‘qituvchilar jamoasi bilan
suhbatlashdim. Barcha bir ovozdan Nasiba Xudoyqulovadan bezorli­gini, u bilan
birga ishlashni xohlamasligini, uning xulqi buzuq, tarbiyasiz, o‘ta
madaniyatsiz ekanini aytdi. Qizini o‘qitishga mas’ul bo‘lgan o‘qituvchilar ham
bir ovozdan uning uyiga bormasligini aytdi. 

— Bu ayolning ruhiy xasta ekani, juda tajovuzkor
ekani ko‘rinib turibdi, — dedi keksa va tajribali o‘qituvchilar. — Uni xolis
psixiatr ishtirokida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish shart. Bunaqa tajovuzkor ayolni
nafaqat dars berish, balki onalik huquqidan ham mahrum etib, farzandini undan
himoya qilish kerak. 

Men muallimlar oshirib yuborayotgandir, dedim va
bir necha o‘qituvchilar bilan birga u yashaydigan uyga bordim. Mahalla faoli va
qo‘shnilari bilan uning eshigini taqillatdim. 

— Kimsan? Kim seni yollagan? Bor, toshingni ter!
Avliyo bo‘lsang ham uyga kiritmayman! 

Birinchi eshitganim shu so‘zlar bo‘ldi. O‘zimni
tanishtirgach, eshikni ochdi. Ammo birdan direktor va boshqa o‘qituvchilarga
tashlandi. Ularni haqorat qilib, ikki o‘qituvchining yuziga bir shappatdan
urdi. 

Bir iloj qilib, ichkari kirdik. 

— Sizni ham o‘sha yubordimi? 

Men «o‘sha»ning kimligiga qiziqdim. Xullas,
Nasiba bilan suhbatimiz qovushmadi. Uning eshitish qobiliyati mutlaqo yo‘q edi.
Unda to‘xtovsiz gapirish, gapirganda ham baland ovozda, erkaklar ham aytishga
uyaladigan so‘zlarni, qiliqlarni ishlatib (qo‘lini ko‘rsatib) gapirish,
shang‘illash qobiliyati bor edi.

— Kim bo‘lsang bo‘l, qayerga borsang bor, nima
deb yozsang yoz! Senlarni bir tiyinga olmayman! Bolamni o‘zim o‘qitaman! Menga
to‘lanmay, yig‘ilib qolgan yuz million so‘m maoshimni undiraman! Direktorni
ishdan oldiraman! Shungacha ishim sud bilan bitgan, maktabini ham, mahallasini
ham, hammasini sudga beraman! Hammasini qamataman! Sudlar men tomonda! Senga
javob berishga majbur emasman, uyimni bo‘shatib qo‘y! 

Bu so‘zlardan keyin uning uyini
bo‘shatmaslikning iloji yo‘q edi… 

Men ana shundan keyin u o‘sgan mahallaga,
o‘qigan, ishlagan, yashagan joyga bordim. Biror joyda u haqida bir og‘iz iliq
so‘z eshitmadim. Qaytanga yolg‘onchiligiga, qalbaki ishiga guvoh bo‘ldim.
Mehnat daftarchasida Paxtachi tumanidagi 43-maktabda uch yil ishlagani yozilgan
bo‘lsa-da, aslida u maktabda bir kun ham ishlamagani oshkor bo‘ldi. 

— Meni ham «shantaj» qilib, mehnat daftarchasiga
sirtqi o‘qishga kirishi uchun uch yil soxta staj yozdirib oluvdi, —  dedi
maktabning o‘sha vaqtdagi direktori Boymurod Eshmurodov. (U ham endi bu «ishi»
uchun javob beradi!) 

Navoiydagi maxsus bog‘chada haqiqatan ham ikki
yildan oshiqroq vaqt yarim stavka tarbiyachi bo‘lib ishlagan, ammo u yerda ham rosa hunar ko‘rsatgan ekan. 

Bu mojaroga Samarqand viloyat xalq ta’limi
boshqarmasi mas’ul xodimlarining munosabati bilan qiziqdim. Ularning so‘zlarini
batafsil keltirmayman, ammo barchasi N.Xudoyqulovaga juda yomon tavsifnoma
berib, sud qarori noto‘g‘ri ekanini aytdi. Suddan qo‘rqib, 48-maktab
direktoriga noqonuniy tarzda N.Xudoyqulovani ish bilan ta’minlashni
buyurganlarini ta’kidlashdi. 

— Aslida, bu ayolni ta’lim sohasiga
yaqinlashtirmaslik kerak, — dedi Samarqand shahar XTB mudiri vazifasini
bajaruvchi Ro‘zimurod Mahmudov. — Ammo u XTBga kelib janjal qilishidan, bizni
ham urishi yoki sha’nimizga yomon tuhmat qilishidan qo‘rqamiz. 

— Sud diplomi hech qanday pedagogik faoliyat
ko‘rsatish huquqini bermaydigan odamni ishga tiklash haqida qaror chiqarsa
chiqaribdi, ammo unga oylik to‘lansa, sud emas, boshqa idora direktorning
ishini tekshirib, unga jinoiy ish ochadi. Chunki, Xudoyqulovaga yuqori
sinflarda dars o‘tdi, deb oylik to‘lash — moliyaviy jinoyat. Fuqarolik sudi
Xudoyqulovani xursand qilaman, deb maktab direktorini moliyaviy jinoyatga
yetaklayapti, — dedi XTBning moliya-nazorat bo‘limi boshlig‘i Husniddin
Mustafoyev. 

Shahar XTB huquqshunosi Olim Abdusamiyev sud
qarori haqida shunday dedi: 

— Sud Xudoyqulova haqida bizdan xulosa olishi
kerak bo‘lsa-da, fikrimizga quloq ham solmadi. Faqat uning manfaati himoya
qilindi. Maktab, ta’lim sohasi, yosh avlod kelajagi, maktabda bu ayolning
sog‘lom muhitni buzayotgani haqida o‘ylamadi ham, eshitmadi ham. 

— Kimnidir ishga olish, dars soatlarini
taqsimlash kabi ishlarda maktabga tashqaridan tazyiq o‘tkazilishi mumkin emas,
— dedi viloyat XTB boshlig‘i o‘rinbosari Ulug‘bek Mamarasulov. — Qanday
tashkilot bo‘lmasin, yuqori idoralarning talabi qonunga zid bo‘lsa, maktab
rahbariyatining bu talabni bajarmaslikka haqi bor. 

Men 48-maktab direktori Xudoyqulova bilan
tuzilgan mehnat shartnomasini haqli ravishda bekor qilgan, deb hisoblayman.
Sudning Xudoyqulovani ishga tiklash to‘g‘risidagi qarori O‘zbekistonning barcha
qonunlariga zid. 

Ha, aytgancha, sarlavhaga qaytsak. Samarqandda
sudyalar kimning manfaatini himoya qilayotganini anglab yetgandirsiz? 

Ammo nega? Nima uchun? Nimaning evaziga? Yoki
haligi gap quruq po‘pisa
emasmidi? 

Muallif, 48-maktab jamoasi, Samarqand viloyat
XTB rahbarlari O‘zbekiston Oliy Sudidan ushbu maqolani va jurnalistik
surishtiruv natijalari aks etgan hujjatli filmni FIB Samarqand viloyat sudi
qarori ustidan kiritilgan raddiya, ya’ni protest deb qabul qilishini,
N.Xudoyqulovaga oid ishni adolat bilan ko‘rib, xolis qaror chiqarishni talab
qiladi. Agar viloyat sudi qarori o‘z kuchida qoldiriladigan bo‘lsa, “Nasiba
Xudoyqulova viloyat sudyalarining farzandlariga haftasiga bir marta
ta’lim-tarbiya bersin”, degan qo‘shimcha band kiritilishini so‘raydi. 

Karimberdi TO‘RAMUROD 

Manba: “M a’rifat” gazetasi

Boshqa xabarlar