TOG' ODAMI

295

(Hikoya)

— Ota, endi qishloqqa ko'chsak ham bo'lar.

— Ko'chish qochmas. Bor, mollarga qarab kel. Otlarni kamardan yaqinroqqa olib kelib bog'la.

— Qo'ying, ota, shu ishingiz menga yoqmayapti. Negadir yuragim g'ash.

— Aql o'rgatma. Aytganimni qil.

— Hamma qishloqqa enib ketganiga haftadan oshyapdi. Biz hali tog'da…

— Senga nima dedim. Bor! Miltig'ingni olvol. Jondor bo'lishi mumkin.

 — Bir nima desa baqirib berasiz. Erta-indin qor tushib qolsa, undan yomoni yo'q. Havoning avzoyini qarang.

— So'z berganman, ustidan chiqmasam, kim degan odam bo'laman, o'g'lim. Quruq qo'l bilan qishloqqa… E, bor-e, ishingni qil. Sen buni tushunarmiding…

— Bunaqada sovuqqa qolib, sargardon bo'lishimiz qoluvdi, — Sardor yon tarafdagi yog'och qoziqqa osig'liq turgan miltiqni yulqib olib, jahl bilan chiqib ketdi.

— Shu tilsiz mahluq bilan qasdlashib nima toparkan…

Yuzi quyoshda qoraygan, yelkalari keng, gavdasi beso'naqay bo'lsa-da epchil, peshonasini ro'mol bilan chandib, ustidan qishin-yozin telpak kiyib yuradigan Qodir cho'pon fonus xira yoritib turgan, to'rt devordan iborat tomchasidan tashqariladi. Qo'y-qo'zilari toshdan tiklangan hoyhotdek qo'raga qamalgan, yaqinda tug'ilgan qo'zichoqlardan biri enasini izlab maraydi. Qo'ylar ham notinch — bir ofatning boshlanishini sezganday dam-badam hurkib, uyum bo'lib turar, atrofga jovdiragan ko'zlari tun qorong'usida yonardi.

Zim-ziyo tun. Yoningdagi odamni ko'rib bo'lmaydi. Milt etgan yulduz yo'q, izg'irin sovuq boshlangan. Shamol qibladan.

 “Bir balo yog'adi. Ishqilib qor tushib qolmasin-da. Shundan so'ng mollarni qishloqqa olib tushishning azobini ko'raver… Nima bo'lgandayam oxiri baxayr bo'lsin”.

Cho'pon bidirlagancha yelkasini eshik gardishiga qo'yib, ko'zlarini qorong'ulikka tikdi. Qulog'iga orqa tarafdagi buloq suvining shildirashi chalindi. Esini tanibdiki, shu qo'ra, shu buloq unga qadrdon. Yoshligidan otasining ortidan qolmay yurar, mol boqishga, ovchilikka qiziqardi. Ko'klam chiqqandan otasi mollarini haydab, shu qo'raga ko'chib kelardi. O'zlari yashaydigan qishloq bundan o'n besh chiqirimcha quyida edi. Bu joylarga faqat yaylov dardida cho'ponlar ko'chib kelar, qishga yaqin yana uylariga qaytishardi. Dam olish kunlari akalariga yig'lab turib olar, natijada, ular uni bu yerlarga olib kelishga majbur bo'lardi. Bunday paytda quvonchi ichiga sig'mas, otasining ortidan qolmay baland qoyalarga chiqishga qiziqardi. Uydan turib, bu qoyalarga tikilgancha xayol surardi. Osmonni shu qoyalar tutib turgan bo'lsa kerak… Lekin bu qoyalarga ham chiqdi. Uzoq-uzoqlardagi bundan-da baland qoyalarga ko'zi tushib, o'yga tolardi. «Osmonning haqiqiy ustuni o'shalar bo'lsa kerak…”.

Asta-sekin ulg'aydi. Hamma narsaga aqli yeta boshladi. Ha, bolalik qiziq davr ekan. Dunyodagi hamma narsa ko'ziga sirli tuyulardi. Tagiga yetishga harakat qilar, otasini turfa savollar bilan ko'mib tashlardi.

— Bu tog'lar qaerdan paydo bo'lgan?

— Xudoning karomati, bolam.

— Xudo kim?

— Mirjalol raisdan farqli, hammani boshqaradigan odam.

  Qanday boshqaradi?

— Hali yoshsan, bolam. Katta bo'lsang, tushunib olasan.

O'shanda yosh bola bo'lganiga afsus qilib ketar, otasiga zimdan havas qilar, bu tog'larning sir-sinoatini tushunadi, deb o'ylardi. Tezroq voyaga yetishni, hamma narsaga aqli etishini istardi. Shu istakda ulg'aydi…

Maktabda ham a`lo bahoga o'qir, ustozlari, tengqurlari o'rtasida hurmati ham shunga yarasha edi. Lekin bir safar matematika o'qituvchisi bilan… O'shanda ham g'ururi ustun kelib, o'qishni butunlay tashlab, chorvaga berilgandi.

Eslaydi, oltinchida o'qirmidi… Shu yili maktabga yangi kelgan yosh o'qituvchi doskada misol yecha turib, javobini chiqarolmay shoshib qoladi. Sal avval yechib bo'lgan Qodir, ustoz, u yo'l bilanmas, manavi yo'l bilan yechiladi, deb daftarini ko'rsatadi.

— Sendan so'ramadim qanday yechilishini, — o'qituvchisi terslik bilan javob berib, boshqa misolga o'tib ketadi.

— Sizning qo'lingizda o'qigandan ko'ra, mol boqqanim bo'lsin, — deya u darsdan chiqib ketadi.

Ikki akasi o'qib, hozirda shaharda nufuzli oliygohlarda dars beradi. Otasi uning ham o'qib, katta odam bo'lishini istagan, lekin o'sha voqeadan so'ng “o'qigan shunday bo'lsa, o'qimaganim bo'lsin” degan javobni olgach indamay qo'ygandi.

Ikki haftacha burun tog'da qo'ng'ir bo'ri paydo bo'lgandi. Kimningdir daydi o'qiga duchor bo'lgan shekilli, bir qulog'i osilib qolgan. Shuning uchunmi, chinoq bo'ri degan nom olgan. Ba`zilar bugun bu darada ko'rsa, ertasi to'rt besh chaqirim naridagi darada boshqa birov uchratganini aytadi. Odamlar bilan g'ashiqqan shekilli, qo'ylarini teztez qiyratib keta boshladi. Ayniqsa, G'ozi cho'ponning gapi hammani qo'rqitib qo'ydi. Tog'dan eshakda bir o'zi kelayotganda oldidan chiqib, tashlanibdi. Haliyam qo'lidagi miltig'i o'qlangan ekan. Shartta to'g'rilab, otibdi. Ne tasodif, o'q otilmay qolgan, bo'ri zumda g'oyib bo'lgan. Chinoq bo'ri haqidagi mish-mishlar bolalab, hamma qo'rquvga tushdi. Tezda qish tushayotganini bahona qilib, qishloqqa enib keta boshlashdi. Ikki kun burun Qodir cho'pon ham qolgan uch-to'rt homsoyalari bilan qaytishga tayyorgarlik ko'ra boshlaganda, kechasi chinoq bo'ri hovlisidagi otaridan bir necha sovliqni bo'g'izlab, birini olib ketgandi. Darhol qolgan cho'pon-cho'liqlar yig'ilgach, u jahl ustida — bo'rini tutib, terisini shilib, uyimning ostonasiga oborib to'shamaguncha qishloqqa ko'chmayman, — deb so'z berib qo'ygan.

Tog' odami mard keladi.

Bir gapni aytdimi — qaytish yo'q!

So'zidan qaytgan — o'zligidan qaytgan bilan teng!

Kun bo'yi uni izlab tog'ma-tog' izg'idi. Bo'ri makon tutishi mumkin bo'lgan hamma adirni tekshirib chiqdi. Ba`zi joylardagi bo'rining panja izlaridan bo'lak hech narsani uchratmadi.

Tog'ni tog'lik yaxshi biladi. Qayda o'ngir bor qayda jarlik! Lekin bo'ri qavmi undan-da yaxshi biladi. Xavfni oldindan sezib, boshqa joydan makon topishga ulguradi.

Tashqariga miltillab tushib turgan fonus yorug'ida nimadir jimirladi. Xayoli bo'lindi. Eshik raxiga tiralib turgan kafti ho'llanganini his etdi.  Sergaklanib, atrofga alangladi. Bir holatda turib qolganini ko'rib, “xayol qursin” deya g'o'drandi. Kaftini ochib, qo'lini tashqariga tutdi. Kafti tezda ho'llanib qoldi. E`tibor berib qaradi. Jimirlab nimadir yog'ardi. Yomg'ir. Sinchiklab kuzatdi. Yo'q, yomg'ir emas. Qor… Qor zumda tezlashib, shivalab yog'a boshladi. Badani junjikib ketdi. Endi qanday qilib qishloqqa enib oladi…

— Sardor, — baqirib yubordi. Tun sukunati ichra baland qoyalar uzra ovozi aks-sado berdi.

«Sardo-o-or…»

Bo'g'iq tovushini shamolning uvillashi yutib yubordi…

Izg'irin sovuq avjiga chiqdi. Ochiq eshikdan qor uchib kirib, ostonani ho'llab tashladi. Qodir cho'pon eshik tutqichidan ushlab yopib, orqasi bilan suyandi. Sovuq yuz-ko'zini ayovsiz chimchilar, borgan sari azoi-badanini zirqiratardi. Shundagina bir oz o'ziga kelib, egniga razm soldi. Yupun kiyimdaligini angladi. Ichkari kirdi. Paxtaligini shoshib kiyib, otasidan meros chakmonni egniga ildi…

Toshqo'radan boshini chiqarib, mo'raladi. Qo'ylar qator tizilib, burchak-burchakka tiqilib olgan, echkilar sovuq o'tganidan achchiq marardi. Nima qilish kerak. Boshi qotganidan joyida turib qoldi. Mollar qirilib ketmasa, go'rgaydi. Ishqilib qor ertaroq tugasin-da.

Lekin o'chakishganday qor battar avj qilar, atrofdagi bodomlarning shoxlarini silkitib o'ynayotgan izg'irin g'uv-g'uv degan ovoz chiqarardi. Echkilar ingraganday maray boshladi. Qo'ylar ham jo'r bo'lib qo'yar, shamol yerga tushgan qorni ham tinch qo'ymay supirib, burchak-burchakka — qo'ylarning ustiga yopirib tashlardi.

Ruhi tushib tomchasiga qaytdi. Nima bo'lsa bo'ldi, deganday qo'lini asabiy silkib qo'ydi. Chakmonni yechib, ustiga yopdi-da ko'rpachaga cho'zildi. Sovuq borgan sari avj qilib, tuynuklardan izillab kirar, yuz-ko'zini chimchilab o'tardi. Telpagining quloqchinini tushirib, bostirib kiydi. Qizarib ketgan quloqlari bir oz iliganday bo'ldi. Kaftini kaftiga ishqab, kuflay boshladi. Muzlab qolgan qo'llariga qon yugurdi. O'zini chalg'itish maqsadida yana bolalik xayollariga berildi. Sovuqdanmi, dardli xotira ta`siridanmi ko'zlaridan yosh yumalab, kaftiga tushdi…

O'shanda katta opasi o'g'illariga sunnat to'y qilayotgandi. Ayni maktabdan ketgan vaqtlari. Uch oydan ortiq vaqt ham o'tgan. Yozning o'rtalari. Ota-bola tog'dan qizil biyasining yaqinginada birga to'lgan bolasi — saman qashqa toychoqni ushlab kelish uchun, shoshilinch yo'lga tushishdi. Uning birinchi bor yuksaklikka ko'tarilishi edi. Qanchalar orzu qilardi-ya bu toqqa chiqishni. O'nqir-cho'nqir so'qmoq yo'llardan balandga ko'tarilarkan, baqirgisi, yugurib o'ynagisi kelardi. Qani uning cho'qqiga chiqayotganini do'stlari — Zarif, Nodir bir ko'rishsa… Shu paytda undan-da baxtiyor odam yo'q edi. Lekin otasi qo'lidan mahkam ushlab olgan, o'zidan ajratmasdi. U esa bu kengliklarga sig'may, qiyqirmoqchi bo'lardi…

To'satdan oyoq ostidan kakliklar galasi ko'tarilar, u ortidan havas bilan tikilib qolardi. Otasi miltiq bo'lsa-da otmasdi. U hayron bo'lib so'raganda hozir kurk vaqti, otish uvol, deya javob olgandi. Ota-bola Beshbarmoqota cho'qqilariga ko'tarilganda quyosh ham G'arb tomon oqqan, kun choshgohdan o'tayotgandi. Ikkisi bir oz nafas rostlashdi. Tog'ning orqa tarafida ham qishloqlar yastanib yotganini ko'rib, uning hayratdan og'zi ochilib qoldi. Demak, bu joylarda ham bizga o'xshagan odamlar yasharkanda…

— Bu qishloqda tojiklar yashaydi, — degandi otasi o'shanda. — Anavi tuman —  Aydarko'l. Uzoqdan tuman bo'lib ko'rinadi. Anavi esa g'or…

Bunday go'zallikka mahliyo bo'lib tikilarkan, ko'zlaridan g'ayrat jilvalanardi. Tarvaqaylab ketgan archalar, turfa shakldagi baland qoyalar, har xil giyoh o'tlar… Beshbarmoqota ham uzoqdan kichkina ko'rinarkan. Otasi bir o'tni yulib, buni qishloqqa borganingda Kozim bovanga oborib ber. Bodiga davo, dedi. Qorong'u tushguncha izlashdi. Otlardan darak yo'q. Otasi negadir g'amgin edi. Uning hayron qaraganini ko'rib: “Odamlarga nevaramga toy atab qo'yganman deganman. To'y kuni yetaklab bormasang hisob emas. Topolmasak kim degan odam bo'laman, o'g'lim” degandi otasi. So'zning qudratiga o'shanda lol qolgandi. Otasidek zo'r odamni ham mung'aytirib qo'ydi-ya. Oxiri umidsiz qaytishayotganda uzoqda otlar galasiga ko'zlari tushdi…

Kafti bilan yuzini siladi. Yuzi ho'llanib, muzlashga ham ulguribdi. Yostiq ham nam, muzdek. Shundagina ko'zlaridan shoshqator yosh oqayotganini ilg'adi. Sergaklanib, atrofga qaradi. Fonus hamon xira yoritib turardi…

Yaqinginada bo'ri uvladi. Cho'pon sergak tortdi. Osig'liq turgan miltig'ini qo'liga olib, tashqariga otildi. Qo'raning orqasiga shoshildi. U joyda zovur bor edi. Har ehtimolga qarshi deb shu zovurni qazib qo'ygandi. Maboda birorta yirtqichning  otarga oralash havfi bo'lsa, shu zovurga tushib poylardi. Ba`zan havfdan bexabar yirtqich, o'qqa duchor bo'lardi…

 Bu sovuqda jondor, albatta, otarga oralaydi deb o'yladi u. Bugun uni otib alamimdan chiqmasam, odam emasman. Uning kasofatiga qorga qolib o'tiribman. Otarni ham qiynab qo'ydim. So'zimning ustidan chiqar payt keldi.

Bo'ri yana uvladi. Bu safar shundoq qo'raning biqinidan eshitilganday bo'ldi. Demak, yaqin kelib qoldi. Bugun janazang o'qiladi, shivirlab qo'ydi u zovurga yirtqich sezib qolmasdan tezroq tushib olishni o'ylab qadamini tezlatarkan, pichirladi: “Kelaver! Kelaver! Ajaling yetdi!”…

…Sardor qir ortidagi otlarni yechib, toshqo'raning yoniga bog'laganda, uyda hamon fonus xira nur sochib turardi. Sekin yaqin keldi. Ichkarida hech kim yo'qday sokinlik hukm surardi. Endi kirmoqchi edi, otasining qisqa yo'talgani eshitilib, jimib qoldi. Uxlab qolibdi, o'yladi u. Kun bo'yi tog'ma-tog' yurib charchagan. Kirsam uyg'onib ketishi mumkin. Qor yoqqanidan ich-etini tirnab, bazo'r ko'zi ilingan bo'lsa kerak. Dardi ichida otam bechoraning! Dam olgani ma`qul.

Sardor qo'ra tomon odimladi. Qo'ylar bir-birining pinjiga tiqilib, echkilar ularning ostiga kirib ketgan, ko'zlari javdirab, marardi. Jahldan ko'zlari qinidan chiqquday bo'ldi. Qo'llari qaltirab ketdi. Shu vaqt bo'rining uvlagan ovozini eshitdi-yu… O'zicha gapirindi:

 — Bugungi izg'irinda jondor izg'iydi. Otib, boshiga yetmaguncha otamni bu joydan qimirlatib bo'lmaydi.

 Boya gap qaytarib ranjitganiga ichdan pushaymon edi. “Otamni uyg'otib o'tirmayman. Jondorning terisini shilib, kutilmagan sovg'a qilaman!” Miltiqni mahkam changallab, toshqo'ra panasida kuta boshladi. Jondor yaqinginada uvladi. Qorong'ulikka o'rgangan ko'zlar o'ttiz qadamcha naridan qora ko'lankaning yaqinlashayotganini ilg'adi. U tezlik bilan qo'ra devoriga pusib kelardi. “Ayyor mahluq, shumliging boshingga yetadi endi”. Shivirlab, ehtiyotkorlik bilan miltiqni to'g'riladi.  Tezroq otmasa qo'ldan chiqarib qo'yishi mumkin. Ishqilib mo'ljaldan adashmasin. Birgina shu jondorni o'ldirsa, otasini elkasidagi yukdan ozod qiladi… Tepkini qanday bosganini bilmay qoldi.

—A-a-ah, — bo'ri insonlar kabi ovoz chiqarib quladi. Sardor shoshib qoldi. Tosh devorga osildi-yu narigi tarafga gursillab ag'darilib tushdi. Qaddini rostlab chopdi. Tipirchilab yotgan qoraga yetib borib, ingrab yubordi.

 Qodir cho'pon osmonga tikilgancha yotar, choponining qontalash bo'lgan o'ng yengi titilgan, lablari “Hayriyat, hayriyat, asradi” deb tinmay pichirlardi.

— Ota-a-a!!!

Sardor ho'ngrab yig'lab yubordi…

Bu vaqtda bo'rining uvlagan ovozi tobora uzoqlashib borar, sovuq ancha pasayib, qor to'xtagandi. Pag'a-pag'a bulutlarga qop-qora qo'rqinchli tus berib, oy ham ko'rindi. Uzoq-yovuq yulduzlar ham ko'zga tashlana boshladi. Shamol parchalab yuborgan bulutlar orasidan charaqlab bir yulduz ko'zga tashlandi. U milt-milt etdi-yu, birdan  oydan-da yorug'roq nur taratib turib qoldi…

Salim ABDURAHMON

Boshqa xabarlar