Uni hayot sharbati deydilar…

23

Choy faqat chanqovbosdi ichimlik emas, ayni vaqtda shifobaxsh xususiyatlarga ham ega. Jumladan, u kishiga yaxshi kayfiyat bag'ishlaydi, tetiklashtiradi, asab tizimiga ijobiy ta`sir ko'rsatadi, bosh miya po'stlog'ini qo'zg'atib, qon tomirlarini kengaytiradi.

Choy turli xastaliklarni davolashda ham ishlatiladi. Quloq, burun, tomoq va ko'z og'riganda choydan foydalanish mumkin. Ko'z shamollaganda achchiq damlangan iliq choyda chayish foydali, shuningdek, choy bosh og'rig'ini qoldiruvchi, quvvatni oshiruvchi, fikrni teranlashtiruvchi xususiyatlarga ega. Bir qator xastaliklar, masalan, qon oqishi, lavsha, nifrit, ateroskeleroz, xafaqon, ichburug', ko'kyo'tal, bod, belangi, stenokardiya, sariq kasalligi bilan og'rigan bemorlarga ma`lum darajada choy davo hisoblanadi. Bulardan tashqari, poliomielit, me`da yarasi, o'n ikki barmoqli ichak jarohati, jigar, buyrak va boshqa kasalliklarni davolashda ijobiy ta`sir ko'rsatadi. Organizmda tuz yig'ilishi, nafas yo'llarining shamollashi, rentgen nurlaridan zararlanishi, oftob urishi kabi kasalliklarni davolashda choyning ahamiyati juda kattadir. Choyning tarkibidagi shifobaxsh moddalar qon tomirlari faoliyatini yaxshilaydi, uning mo'rtlashuvining oldini oladi, elastikligini oshiradi. Choy a`zolarimiz faoliyatining bir me`yorida ishlashini ta`minlab turadi: ovqat hazmini yaxshilaydi va yuqumli kasalliklarga nisbatan qarshilikni kuchaytiradi, jinsiy bezlarni jonlantiradi. Choy yurak-qon tomir tizimining faoliyatiga ijobiy ta`sir ko'rsatadi.
Choy, bundan tashqari, oziqlik xususiyatiga ham ega ekan. O'tgan asrda shifokorlar choy ichimligini to'yimliligi jihatidan go'sht qaynatilgan sho'rvaga tenglashtirgan. To'g'ri, choy ovqatning o'rnini to'la bosa olmaydi, ammo u kishiga ma`lum darajada quvvat beradi.
Choy damlash texnologiyasiga ahamiyat berish kerak. Choy damlangan idish boshqa narsalarga ishlatilmagani ma`qul. Choynakka choy damlashdan oldin u qaynoq suv bilan chayiladi, keyin quruq choy solib, ustiga qaynoq suv quyiladi. Damlangan choyni qizib turgan plita ustiga qo'yish yaramaydi. Choy yaxshi dam yeb, issiq holda saqlanishi uchun ustiga sochiq yoki maxsus qalpoqcha qo'yish lozim. Shunda choy xo'shbo'yligi, rangi va tiniqligini saqlab qoladi. Choy damlash uchun sovuq suv ishlatmagan ma`qul. Ularda mavjud bo'lgan kalsiy, magniy tuzlari damlamaning sifatini buzadi.
Quruq choy o'zga hidlarni o'ziga singdirib olish xususiyatiga ega. Shuning uchun u og'zi zich yopiladigan chinni, shisha yoki sirlangan idishlarda quyoshning tig'iz bo'lgan nuridan xoli bo'lgan joyda saqlanishi lozim. O'zga hidli kimyoviy modda (naftalin, sovun, atir-upa va boshqa)lar choyga yaqin qo'yilmasligi zarur. Choyni faqat vodoprovod shoxobchalaridan, tindirilgan suvlardan olib damlash kerak. Chunki ariq, jilg'a, soy suvlari ma`lum darajada kimyoviy unsurlar (nitratlar, nitritlar) va boshqa moddalar bilan ifloslangan bo'lishi mumkin.
Sodiq MO'MINOV

Boshqa xabarlar