Yig'layotgan «tabassum»

18

Navbatdagi o'quv yili yakunlanishiga ham sanoqli kunlar qoldi. Agar sharoit va imkoniyat bo'lsa, ta`tilda ko'pchilik o'quvchilar oromgohlarda yayrab dam olishadi.

Jizzax viloyatida 12 ta stasionar bolalar oromgohi bo'lib, joriy yilda 9 tasi faoliyat ko'rsatadi. Qolgan 3 ta oromgohni qayta qurish rejalashtirilgan.
Forish tumanida 4 ta oromgoh joylashgan. Biz mavsumga ko'rilayotgan tayyorgarlik ishlari bilan tanishish jarayonida hudud juda xunuk manzaraning guvohi bo'ldik.
Forish tumanidagi «Do'stlik paxta tozalash» aksiyadorlik jamiyatiga (ijara shartnomasi asosida) qarashli bo'lgan «Tabassum» bolalar oromgohidagi ahvolni tasvirlashga til ojiz. 25 maygacha tayyor holatga keltirilib, 1 iyundan bolalar qabul qilinishi kerak bo'lgan mazkur maskanda umuman ish boshlanmagan. E`tiborsiz, qarovsiz, achinarli ahvoldagi oromgohning «chiroyli» holatiga «maymunlar yig'laydi». Atrofi to'liq o'ralmagan, to'sinlar «osmonga qarab» yotibdi. Yotoqxona binolarining «tomi ketgan», ya`ni shiferlar singan, ko'chgan, uchgan… Yo'lakchalar ta`mirtalab.
Yuz o'ringa mo'ljallangan bu oromgohning oshxona, ichimlik va oqova suv tarmoqlari kapital ta`mirga muhtoj. Dush, omborxona, ma`naviyat-ma`rifat xonasi va bosh­­qa xonalarning ayanchli holatini ko'rib, «mabodo, bu yerlarda bolalar «urush-urush» o'ynamaganmi?» degan xayolga borasiz. Tibbiyot xonasining ahvoli haqida gapirish ortiqcha…
Biz oromgohga borganimizda qorovul Yusuf Mahmurov, xo'jalik mudiri Matluba Odilovani uchratdik. Ularning bir-biri bilan baland ovozda gap talashishidan bu yerdagi muhit sog'lom emasligini fahmlash mumkin. Sansolarlik oqibatida hech joyga qo'l tekizilmagan, bitta cho'p ham olib qo'yilmagan. Qorovul va mudirning aytishicha, shu kungacha mas`ullar oromgohga 1-2 marta kelib-ketishgan. Ammo hech qanday natija yo'q, hech bir ish boshlanmagan.
Tumandagi «Matlubotchi», «Jilg'acha» oromgohlarida mavsumga tayyorgarlik ishlari avjida. Bizni gazchilarga qarashli «Zangori olov» oromgohida amalga oshirilayotgan katta haj­mdagi ishlar quvontirdi. Demak, bu ishni uddalash mumkin. Buning uchun esa xohish-istak, intilish va harakat kerak, xolos. Buni faqat «Tabassum» oromgohiga ­mas`ullar («Do'stlik» paxta tozalash korxonasi, «Jizzax mintaqaviy paxta terminali» MChJ) umuman his qilishmayapti chog'i. Agar his qilishganda edi, oromgoh o'z nomiga munosib bo'larmidi?.. Mana sizga «mas`uliyatli» mas`ullarning kelajakka g'amxo'rligi…
Darvoqe, Forish tumanidagi oromgohlar Kattabog'don qishlog'i hududida joylashgan. Oromgohlarga olib boruvchi 6-7 kilometr yo'l ham nihoyatda ta`mirtalab. Bu haqda ham mutasaddilar o'ylab ko'rishsa bo'lardi..

Alijon ABDURAHMONOV,

«Ishonch»

Boshqa xabarlar