«Zo‘rtv»ga bari baribir(mi?)

309

…«Miyani chayish» degan ibora hech qulog'ingizga chalinganmi? Bu atama ilk bor 1950-yillarning boshlarida amerikalik jurnalist Edvard Xanter tomonidan xitoycha «hsi nao» iborasining tarjimasi o'laroq iste`molga kiritilgan. Xitoyliklar Koreyadagi harbiy asirlar uchun mo'ljallangan lagerlarga tushib qolgan (1950-1953) amerikalik askarlarga ta`sir o'tkazish usulini shartli ravishda shunday ataganlar.

Xitoy kommunistlari ruhiy va jismoniy ta`sir ko'rsatib, asirlarning xatti-harakatlarida jiddiy o'zgarishlar paydo qilishga, o'zligidan ayirib, ­dunyoqarashlarini tubdan o'zgartirishga erishishgan. Va bu o'sha davr uchun eng shafqatsiz va noinsoniy usul sanalgan…
Bugun bu usul ommaning ongi bilan bog'liq har qanday jarayonda qo'llanilmoqda. To'g'ri, butun boshli jamiyatga jismoniy tazyiq o'tkazishning iloji yo'q, ammo ruhiy ta`sirning istalgan uslubidan foydalanishmoqda.
Avvaliga hammasi oddiy: biz miya­­ni shunchaki dam oldirish, madaniy hordiq chiqarish uchun televizor ko'ramiz, deb o'ylaymiz. Aslida… Ilmiy tadqiqotlar shuni tasdiqlamoqdaki, televidenie ruhiy va axloqiy jihatdan sezimsiz, ammo aniq natijali ta`sir ko'rsatadi. Televizor tomosha qiladiganlarning aksariyati yomon odatlari ko'payib ketayotgani va vaqt tanqisligidan nolishadi. Ammo xuddi bangi kabi undan uzilolmaydi.
Bir muddat avval ijtimoiy tarmoqlarda seriallar mavzusi kun tartibiga qo'yildi-yu, bahonada televideniemizning oqsoq jihatlari yanada yaqqolroq ko'rinib qoldi. Mantiqsiz filmlar, mazmunsiz hayot va axloqsizlikni targ'ib qiluvchi videomahsulotlar namoyishi odamlarimizni bezov­­ta qilayotgani ma`lum bo'ldi. Biroq shuncha gap-so'zlardan keyin qanday o'zgarish bo'ldi? Afsuski, hech qanday!

Bugun maktab yoshidagi qizlar suhbatiga quloq tuting-a. Seriallar, televizordagi ayollarning nima kiyishi-yu qanday yurishi ularning muhokamalari mavzusiga aylangan. «Usturlob» ko'rsatuvida ixtirolar haqida gapiradigan o'quvchini, «ZO‘R TV» boshlovchisi Indira ta`biri bilan aytganda, «muzeyga olib borib qo'yish kerak». «Dugonalar shou»ning 30 martdagi sonida ham xuddi shunday fikr bildirildi. Kulgi ob`ekti – sodda qishloq qizi. Uning ustidan shunday masxaralashmoqda: «Ins­tagramni bilmasakan, faqat kitob o'qirakan…» Mana sizga ma`naviy ahvolimiz…
Bugun onalarning serialdan bo'shamasligi, shuning uchun farzandlar tarbiyasida bo'shliqlar paydo bo'layotgani haqida ko'p gapirilmoqda. Yoxud kelinlarning aynan TVga qaramligi ortidan uy ishlarining uddasidan chiqolmay, turmush «musht»lariga ro'baro' kelayotgani haqida tez-tez eshityapmiz. Oilalarni barbod etayotgan xiyonatlarning «ssenariy»si seriallardan takror ekanligiga ko'nikdik. Qarang, «ko'ngilochar» niqobi ostidagi ko'rsatuvlarga befarq bo'lingan Amerikada homilador ayollarning aksariyati 13 yoshgacha bo'lgan qizlarni tashkil qilayotgani ham bizni hushyor qilolmayapti!!!
TV biznesi «o'yin»lariga ong tikilayotgani odamni tashvishga soladi. Yakunda esa bo'm-bo'sh kallalarni xirmon qilmoqdamiz. Endi bu kallalarga xohlagan narsani joylashtirish mumkin. Televidenieni san`atdan judo qilib, biznesga tikkan kunlaridayoq uning «zombiquti»ligini to'g'ri taxmin qilishgan edi.

Seriallar ortida nima bor?

Uzun qish kunlarida «Hovli» serialining reklamasini zo'r berib aylantirishayotgan ekan. Qiziqarlidek ko'rindi va tomosha qila boshladim. Serialning achchiq ichakdek cho'zilgan qismlaridan anglash mumkinki, ayol o'zini himoya qilishi uchun erini o'ldirishgacha ham borishi mumkin. Uni nima kutib turibdi: jazo deysizmi? Yo'q, istagancha «o'rtoq-o'rtoq» o'ynash mumkin bo'lgan, restorandagidek ovqatlantiradigan, kamiga telefon tekin maskan. Aytish mumkin bo'lsa, bu joyning nomi qamoqxona. Shu ruh singdirilgan serialni ko'rgan kelinchak eri bilan bo'lgan tortishuvni ana shu tarzda yakunlamaydi, deb kim kafolat beradi? Ayni serial efirga uzatilgan pallalardagi qotillik bilan bog'liq xabarlarning sarlavhasiga e`tibor qiling-a:
«Samarqandda ayol o'z qizini zo'rlab kelgan erini o'ldirdi»,
«Yosh kelinchak o'ynashi bilan erini o'ldirdi»,
«Farg'onada 60 yoshli ayol erini o'ldirdi»,
«Bir oylik yangi kelin erini o'ldirdi».
Jamoatchilik bu masalada o'z fikrini bildira oldi, xayriyatki, navbatdagi ma`naviy xurujga kech bo'lsa-da, barham berildi. Ammo, afsuski, bu fikriy g'ariblashuvning oxirgisi emas, navbatdagisi ekan. Hozir televidenie sandig'i o'zgalarning mahsuloti (o'z yurtida bir dona ham tomoshabin to'plolmagan, qo'pol qilib aytganda, o'zga chaynagan-u ammo yutmagan luqmalar) bilan liq to'la. Yevropaga pullay desa, u yerda seriallarni namoyish etish uchun lisenziya olish kerak. O'zbekistonda esa «yog'liqqina» auditoriya turibdi. Serialni kim moliyalashtiradi: matoni ayay-ayay bir parcha latta-puttani kiyim deb taqdim qilguvchi ­atelelar, sun`iy go'zal aktrisalarning «go'zallik sanoati ixtirochilari» bo'lgan klinikalar. Qarabsizki, bu serialni ko'rgan o'zbeklar o'sha mashhu-u-ur go'zallarniki yanglig' lab, qosh-u qovoq izlab, pulni qo'ltiqlab Turkiya qaydasan, deb yo'lga chiqishadi. Yo'l puliga qiynaldingizmi? Klinikaning o'zi yurtimizga keladi va pulingizni shilib ketadi.

Oshxonami, Kulguxona?

Mualliflik ko'rsatuvlarining ahvoli ham haminqadar. «ZO‘R TV»ning boshlovchilari adabiy til me`yorlari, kezi kelganda, oddiy axloq qoidalariga umuman rioya etishmaydi. Ular Toshkent shevasini adabiy til darajasiga olib chiqib qo'yishmoqda. Bunday ko'rsatuvlarni ikki xil toifaga ajratish mumkin: oshxona va komediya. Xuddiki millatning ovqat yeyish va kulishdan boshqa ishi qolmagandek.
«Xontaxta», «Bojalar community», «Sketch shou», «Bumerang», «Xafa bo'lish yo'q»… Nomi turlicha-yu, ammo maza-­matrasizlikda bir-biridan o'tguvchi ko'rsatuvlar. «Xontaxta»da ham, «Bojalar community»da ham «Zaldagilar qalle? Zerikmiyopsilami?» degan qichqiriq bilan Jahongir Poziljonov chiqib keladi.
Bitta boshlovchining tayyorlanmasdan chiqib, zaldagi uch-to'rtta tomoshabin bilan muloqot qilishi, ularni zeriktirmaslik uchun o'zini har ko'yga solishi, takroriy mavzular, ­takroriy dekorasiya bu ko'rsatuv degani emas. Mas`uliyatni bo'yinga olib, qo'lga mardlarcha mikrofon oldingizmi, xalqqa nimadir bering.

To'rgohi yo'qning poygohda ham o'rni bo'lmas…

Bugun «ZO‘R TV»da e`lon qilinayotgan latifalarning aksariyati inson sha`nini kamsituvchi, hamiyatga teguvchi. Ishonmasangiz, «Sketch shou» yoxud «Bumerang»ni ko'ring-a. Tilimizni tushunguvchi biror xorijlik bu mutoyibalarni ting­lasa bormi, o'zbekning hamma erkagi alkash, hamma ayoli zinokor, degan xayolga boradi. Chunki «Ayol jazmani bilan…» mazmunidagi sahnalar to'lig'icha ko'rsatuvlarga ko'chib bo'ldi. «Xafa bo'lish yo'q» ko'rsatuvining bir galgi sonidan lavha: oy kuni yaqin ayol turmush o'rtog'i bilan do'kon aylanib yuribdi, shu payt ayolni dard tutib qoldi. Ularning qarshisida xushro'ygina juvon toyib ketdi va oyog'i lat yedi. Erkak homilador xotinini tashlab, yiqilib tushgan ayolning yoniga oshiqdi. Yashirin kamera bu holatda atrofdagilarning xatti-harakatini tasvirlamoqda. Bu ko'rinishdan, ochig'i, juda achchig'im keldi. Biz qanday ahvolga solindikki, parda ortidagi, millatning hayosi, o'zligi, nomusi bilan bog'liq sahnalarni ham oniy kulgilar uchun qurbon qilmoqdamiz? Onalik ulug' rutba, ikki dunyo orasida turib, jonni garovga keltirishdek ilohiy holatni kulgi vositasi qilish uchun odam qanchalar tuban bo'lishi kerak? Biz etagini ko'targani uchun haq olgan Monro avlodi emasmiz-ku!
Yoxud kulguboz Tolib Hojievning uzoq mashmashalarga sabab bo'lgan «Xontaxta» (99-soni)dagi chiqishini eslang. Bu sharmandagarchilikka Azon.uz saytida munosabat bildirilgan, ­­«Azon.uz tahririyatidan «ZO‘R TV» telekanaliga raddiya» nomli maqola chop etilgan edi. Unda telekanalda efirga uzatilgan «Xontaxta» ko'rsatuvida musulmonlar amal qilib kelayotgan nikoh ahkomlarining ustidan kalaka qilinishi na qonun, na insof, na mantiq va na sog'lom aqlga sig'adigan bir hodisaligi aytilib, mutasaddi tashkilotlardan ushbu ishga huquqiy baho berilishi so'ralgan edi. Din ishlari bo'yicha qo'mita ham ushbu ko'rsatuv yuzasidan Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullaevga xat yo'llagan. Unda diniy qadriyatlar, rasm-rusumlar va ibodatlarni askiya ob`ektiga aylantirish, har qanday ezgu maqsadda bo'lmasin, oqlab bo'lmaydigan xatti-harakat hisoblanishi, nikoh, mahr va taloq mavzulari ustidan askiya qilish og'ir gunoh bo'lish bilan bir qatorda, e`tiqodiy manbalarda shariat hukmlari ustidan kuluvchilar dindan chiqishi xavfidan ogohlantirgan.
Azon.uz axborot-tahliliy portali tahririyati esa aktyor Tolib Hojiev tomonidan «Virtual nikoh» mavzusida aytilgan askiyani Islom va musulmonlar nomiga haqorat deb bilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlardan ko'rsatuv mehmoni, ko'rsatuv tashkilotchilari hamda uni efirga uzatishga ijozat bergan badiiy kengashning xatti-harakatlariga O'zbekis­ton qonunchiligi asosida huquqiy baho berilishini so'ragan edi.
Natija nima bo'ldi? Bu haqda jamoatchilikka hech narsa ma`lum emas. Ko'rsatuv ijodkorlari o'zlarining kamera qarshisidagi maynabozchiliklarini bemalol davom ettirmoqdalar. Yoxud ayollar auditoriyasiga mo'ljallangan «Dugonalar shou»ni dastavval juda yaxshi qadamlar bilan boshlashdi. Endilikda qizlar ham kulgu sanoati formasiga o'tishyapti. Uchrashuvga chiqqan yigitga qazi yedirish haqidagi nimkosalarning aynan ayollar tarafidan aytilayotganligini normal holat deb baholab bo'ladimi? Ayni ko'rsatuvning 23 aprel sonida hammadan yashirincha «Hovli» serialini ko'rayotgan ikki dugona, bolasini bog'chaga olish uchun kelgan ayolning o'tloq ustida shataloq otishi va unga «Nima qivossan?» deya tanbeh berayotgan eri, yigitlar haqida gaplashayotgan ikki qizga uchinchi o'rtog'ining ilmiy savollari… Bularda na mantiq, na kulgi uchun asos bor.
Xalqda «To'rgohi yo'qning poygohda ham o'rni bo'lmas» degan maqol bor. Bu muqaddas tushunchalarga yuvuqsiz qo'lini uzatgan kishi poygakka ham munosib ko'rilmaydi, deganidir. Mavzu topolmay, xalq muqaddas, deb bilgan tushunchalarni chaynash insoniylik sifatiga muvofiq emas. Bu xatoni yopish o'rniga TV orqali namoyish etish esa ulkan qabihlikning o'zginasidir! «Xontaxta»da islomiy ahkomlarning askiya qilinishi, «Bumerang»da Alisher Navoiyni ermaklab chiqishayotgani, bunga ruxsat berganlarning bilimsizligi, tubanlashuvida emas, «Xalq nima qilsak ham bizni ko'raveradi» degan faxrlanish tuyg'usini in`om etgan o'zimizda ayb… Biroq ularga shu tuyg'uni berish uchun bizdagi ma`naviy bo'shliqni kim tayyorladi? TVni qurol qilganlar emasmi? Ularning ortida qanday qudratli kuchlar turibdiki, tegishli mutasaddilar mum tishlab, ko'z yumishga majbur bo'lishmoqda?
Respublika Ma`naviyat va ma`rifat markazi rahbari Alisher Qodirovning ma`lum qilishicha, telekanallarda monitoring guruhi, ya`ni badiiy kengash faoliyati yo'lga qo'yilgan. Ko'rsatuvlar efirga uzatilishidan avval, badiiy kengash tomonidan ma`qullanishi lozim.
Aniqlashtiramiz: badiiy kengash nima uchun tuziladi? Albattaki, efirga uzatilayotgan ijod mahsullarining sifatini, ma`naviy yukini, badiiy saviyasini nazorat qilish uchun. Shuning uchun ham kengashlar tarkibiga aqli, ma`naviy didi, kelajakka qarashi oddiy xalqdan bir qarich balandroq odamlar kiritiladiki, bugungi odim botqoqqa olib boradimi yoxud najot ko'prigiga, ular hal qilishadi. Bu fikrga asoslansak, bizda yoki badiiy kengashlar ishlamayapti, yoki ularga xalq ma`naviyatining sariq chaqalik qiymati yo'q, yoki ularning kar va ko'r bo'lishini qandaydir mavhum sabablar taqozo etmoqda.


Mulohazalarimizni o'qiy turib, jurnalistning «ZO‘R TV»da qasdi bormi?» degan gumonga bormang. Hayot qonuni shunday: yukning og'iri aravaning qiyshaygan tarafida bo'ladi. Qolaversa, men imkoniyatlari yuqori bu kanalning chin ma`noda nomiga munosib bo'lishini istayman. Chunki ular millatning muqaddas tushunchalariga daxl qilayotgan pallada maynabozchilikni tomosha qilayotganlar orasida mening, sizning, hattoki, o'zlarining ham farzandlari turibdi.
Aziz hamkasblar! Balki ularga sayoz mahsulotlaringizni ko'rsatmassiz, ammo unutmangki, bolalaringiz atrofida siz ongini zaharlagan do'stlari bor. Ular tengdoshlariga o'zlarida borini ulashishadi. Hamma muqaddas narsalarni xor qilish mumkin, degan tushuncha biror o'n yillarda o'zingizga bumerangdek qaytib kelmaydi, degan kafolat yo'q. Unda farzand uchun ota-onaning qadri bo'lmaydi, ­oilaning muqaddasligini kamida serialdagi turk qizi yo yigitidek tushuna boshlashadi… Shunday qabihona kelajakka tayyormisiz?
Men tayyor emasman, men millat sifatida, o'zbek sifatida o'zimning sof tiynatimni saqlab qolishni istayman. Pultning qizil tugmasini bosish yagona yechim bo'lib qolmasin. Millatdoshim, Siz ham shunday fikrdasiz, deb umid qilaman!

Dildora RAHMONOVA,

«Ishonch»

Boshqa xabarlar