Avtomobildan saqlaning: KUNDUZGI ChIROQ «NEChA PUL»GA TUShYaPTI?

204

Vazirlar Mahkamasining shu yil 9 apreldagi 292-sonli qarori bilan yo'l harakati qoidalariga o'zgartishlar kiritildi. Jumladan, endilikda kunning yorug' vaqtida barcha avtomototransport vositalari yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanishi shart.
Bu ko'pchilikda norozilik tug'dirib, e`tirozli fikrlar bildirilmoqda. Xo'sh, aslida vaziyat qanday?

Nima keragi bor?

Ichki ishlar vazirligi IIV yo'l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi matbuot xizmati boshlig'i Akmal Yunusov va bosh boshqarma qoshidagi Jamoatchilik kengashi kotibi Mansur Rixsiev bu haqda shunday deydi:
«Bu borada, avvalo, ilg'or xorijiy davlatlar tajribasi o'rganildi. 2016 yil 1 martdan kuchga kirgan yo'l harakati qoi­dalarida avtobus va mikroavtobuslar, yo'lovchi tashish faoliyati bilan shug'ullanuvchi transport vositalariga kunduzgi vaqtda ham yaqinni yorituvchi chiroqlarni yoqib yurish majburiy qilib belgilandi. Keyinchalik tahlillar va o'zgarishlarga asoslangan holda barcha transport vositalari kunduzi yaqinni yorituvchi va kunduzgi signal chiroqlarini yoqib yurishi zarurligi to'g'risidagi qarorga kelindi.
Shuni alohida ta`kidlash joizki, mamlakatimizdan ham issiqroq iqlim sharoitiga ega davlatlarda ham transport vositalari kunduz payti chiroq yoqib yuradi. Old tomonga qarab harakatlanayotgan avtomobil haydovchisi yon tomondan chirog'ini yoqib kelayotgan transport vositasini ko'z qiri bilan ham ilg'ay oladi. Bu xavfsizlik uchun xizmat qiladi. Jahon tajribasida ushbu amaliyot orqali yo'l-transport hodisalari 15 foizgacha kamayishiga erishilgan. O'zbekiston hududida yiliga 9 mingtaga yaqin yo'l-transport hodisasi qayd etilgan bo'lsa, uning 15 foizgacha kamayishi sezilarli raqamni keltirib chiqaradi. Raqamlar ortida esa insonlar hayoti turadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinayotgan iqlim masalasiga to'xtaladigan bo'lsak, bu holatda iqlimiy sharoitning hech qanday ahamiyati yo'q. Chiroqni yoqib kelayotgan transport vositasini piyoda va haydovchilar uzoq masofadan ilg'aydi, hushyor bo'ladi. Shu maqsadda ham bu qoida joriy etilyapti. O'ylaymizki, bu o'z natijasini beradi va yo'l-transport hodisalarining oldini olishga xizmat qiladi».

Deputatlar: jarimalar miqdori katta,

qaror qonun mazmuniga mos emas…
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Rasul Kusherbaev, Abdurashid Abduqodirov va Jamshid Pirmatovning yo'l harakati qoidalariga kiritilgan o'zgartirish bo'yicha maqolasi e`lon qilindi. Ular shunday fikr bildirishgan:
«Biz bu o'rinda yangi hujjatning ishlab chiqilishi va qabul qilinishidan asosiy maqsad haydovchi va piyodalarning xavfsizligini ta`minlashda yuqori natijalarga erishish nazarda tutilganini e`tirof etamiz. Ammo…
Mamlakatimizda yil davomida kunlarning asosiy qismi issiq, yog'ingarchilik kam, tuman va havo kam bulutli mintaqa ekani inobatga olinmagan. Masalan, Moldovada bunday tartib faqat qish mavsumida amalga kiritilgan va tartibni buzganlik uchun jarima choralari qo'llanilmaydi.
2016 yil sentyabr oyiga qadar amalda bo'lgan yo'l harakati qoidalarining 138-bandidan kelib chiqib, Ma`muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 128-moddasiga «tashqi yoritish asboblaridan foydalanish qoidalarini buzganlik» uchun eng kam ish haqining ikkidan bir qismi miqdorida jarima belgilash bo'yicha 2016 yil 23 sentyabrdagi O'RQ-411-sonli qonun tahriridagi dispozisiyasi deputatlar tomonidan ma`qullanib, qonun qabul qilingan edi.
Biroq Vazirlar Mahkamasining qarori bilan yo'l harakati qoidalarining 138-bandiga kiritilgan «Kunning yorug' vaqtida barcha avtomototransport vositalari yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanishi shart» degan o'zgartirish 2016 yil 23 sentyabrdagi O'RQ-411-sonli qonunning tegishli qismi konsepsiyasiga mos kelmaydi.
Ushbu tartibga rioya etmaslik oqibatida to'lanishi kerak bo'lgan jarima miqdorlari o'rtacha oylik ish haqlariga nisbatan Italiyada 85 marta, Latviya­­da 146 marta, Sloveniyada 56 marta, Finlyandiyada 82 marta kamni tashkil etadi. Bizda esa belgilangan jarima miqdori o'rtacha oylik ish haqiga nisbatan 16-17 marta kamni tashkil etmoqda…»

Evropa, Rossiya, Kanada…
Bu O'zbekiston-KU!

O'zbekiston yo'l harakati qoidalariga ushbu talabni kiritgan ilk davlat emas. Masalan, Skandinaviyada kunduzi yoqilgan chiroq bilan harakatlanish sharti joriy etilganiga 20 yildan oshdi. Aksariyat Yevropa mamlakatlarida ushbu qoida 2000 yillarning boshidan buyon amal qiladi. MDH hududi ham bundan mustasno emas: Rossiya­­da avtotransport vositalari 2005 yildan buyon aholi punktlaridan tashqarida, 2010 yildan buyon esa hamma joyda yaqinni yorituvchi chiroqlar bilan harakatlanadi.
Yevropa Ittifoqida 2011 yilda qabul qilingan qarorga ko'ra, 2011 yildan chiqqan barcha yangi avtomobillarga ishlab chiqaruvchi zavodning o'zi kunduzgi chiroqlarni o'rnatishi shart. Lekin avtomobil 2011 yildan avval ishlab chiqarilgan bo'lsa, umuman bunday talab yo'q. Britaniyada bu «Deytaym ranning layts» deyiladi. Yangi mashinalarda odatda fara atrofiga chiroyli svetodiod chiziqli chiroq o'rnatilgan. U avtomobil motori o't olishi bilanoq avtomatik tarzda o'zi yonadi.
Kunduzi chiroq yongan bo'lishi haqiqatdan ham halokatlarning oldini olishi mumkin. Masalan, Kanadada avariya­lar shu tufayli 5 foizga kamaygani qayd qilingan. Yevropada 2011 yildan keyin chiqqan avtomobillarga talab haydovchiga emas, ishlab chiqaruvchiga qo'yilgan… O'zbekistonda barcha haydovchilardan kunduzi faralarni yoqib yurishi talab qilinishi qanchalik to'g'ri ekan?

Yong'inlar ko'paydi!

Bu xavfni nega hisobga olmayapmiz?
Qo'shni Qozog'iston davlatining janubiy qismi – Chimkent shahrida ham avtomobillarning chiroqlari yoqib yurishi oqibatida yonib ketishi kuzatilgan.
Ilgariroq ijtimoiy tarmoqlarda yonayotgan avtomobillar aks etgan suratlar tarqalgan edi. Internet-foydalanuvchilari ushbu yong'inlarga YHQga kiritilgan yangi tuzatishlar – kunduzi faralarni yoqib yurish sabab bo'lganini aytishmoqda.
FVV Yong'in xavfsizligi boshqarmasi xodimlarining ma`lum qilishlaricha, yong'inga sabab bo'lgan elektr o'tkazgichlarning texnik qoniqarsiz holatlari ko'pincha eski yillarda ishlab chiqarilgan avtomobillarda uchraydi. Bundan tashqari, ular texnik ko'rik davomida elektr o'tkazgichlarga alohida e`tibor berish zarurligini ta`kidlaydi.

Natijani kuzatamiz

Tahlillar poytaxtimizning ayrim tumanlari yo'llaridagi vaziyatning yuzaki tahlili avtomobil egalarining taxminan 1-2 foizi yangi talabga rioya etayotganini ko'rsatmoqda. Buning bir nechta sabablari bor. Xususan, o'zgartirishlarga tayyorgarlik ko'rilmagan. 2018 yil 13 apreldagi 3666-sonli Prezident qarorining 4-bandida talab qilinganidek, loyiha dastlab jamoatchilik muhokamasidan o'tkazilmagan. Bundan tashqari, hujjatda avtohavaskorlar bilan axborot-tushuntirish ishlarini olib borish uchun qoidani amalga kiritishni bir muddatga kechiktirish nazarda tutilmagan.
Jahon sog'liqni saqlash tashkilotining ma`lumotlariga ko'ra, har yili butun dunyoda yo'l harakati hodisalari natijasida bir million nafarga yaqin inson hayotdan bevaqt ko'z yumadi, 38 million nafardan ortig'i esa turli darajadagi tan jarohati oladi. Shunday ekan, har qanday sharoitda ham xavfsizlik qoidalariga amal qilish juda muhim.
Muxtasar aytganda, chiroq bilan bog'liq qaror haydovchilar ongida hali «pishib» ulgurmagani ayon bo'lib qolmoqda. Shu bilan birga, raqamlar, dalil va asoslar adolat tarozusida yana bir bor tortilmog'i, bunda odamlarning asabiylashishi emas, balki bosiqlik va ichki tushunishiga erishilishi maqsadga muvofiq.

Ozoda RO'ZIQULOVA,
«Ishonch»

Boshqa xabarlar