MAKTAB TO'LA MUAMMO, AMMO… (+VIDEO)

172

Bugunning gapi


Xalq ta`limi vazirligi bu jarayonni qanday baholamoqda?

Yana bir o'quv yili yakunlanmoqda. Erishilgan natijalar, qilingan va qilinmagan ishlarni sarhisob etish davri keldi. Qayta-qayta chop etilayotganiga qaramay imlo xatolari, yanglish va eskirgan ma`lumotlarga to'la darsliklar, umumta`lim maktablarida e`tiborsiz qolayotgan himoyaga muhtoj davlat tili, o'qituvchilar ishini yana-da ko'paytirgan elektron jurnallar, samara bermayotgan islohotlar, yo'qolmayotgan maktab yig'imlari… Bu va boshqa masalalar Milliy matbuot markazida o'tkazilgan “2018-2019 o'quv yili yakunlari va istiqboldagi ustuvor vazifalar” mavzusidagi matbuot anjumanida ko'tarildi.

Axborot xatida vazirlik, qo'mita va boshqarmalar rahbarlari ishtirok etishi rasman ma`lum qilingani uchun jurnalistlar anjumanda Xalq ta`limi vaziri Sherzod Shermatov hamda o'rinbosarlari bilan muloqot qilish maqsadida kelgan, o'rtaga qo'yiladigan masalalar va beriladigan savollar ham ularning vakolati doirasiga mo'ljallangan edi. Shu bois vazir va o'rinbosarlarining xizmat safari rejadagidan cho'zilib ketgani xabari barcha OAV vakillari tarvuzini qo'ltig'idan tushirdi. Chunki har bir jurnalist davlatning ertasini hal qiladigan tizim — xalq ta`limi va undagi muammolarning jiddiy ekanini yaxshi anglaydi. Shu bois keyingi paytlarda shunchaki hisobot uchun o'tkazilayotgan anjumanlardan farqli o'laroq bunga ko'pchilik kelgan, astoydil tayyorlangan edi.

Vazir va o'rinbosarlari o'rniga kelgan ishtirokchilar Erkin Murodov, Sarvar Sa`dullaev, Murodjon Karabaevlar ekani aytildi. Vazirlikning OAV bilan ishlash sho'`basi mudiri Anvar Umarov istagan ma`lumotni internetdan zumda topish olish imkoni borligi uchun ularning lavozimlari, bajaradigan ishlariga to'xtalib, vaqt sarflab o'tirmadi. Chindan ham “google” qidiruv xizmati Erkin Murodovning umumiy o'rta ta`lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig'i, Sarvar Sa`dullaevning maktablar istiqbolli modellari va davlat-xususiy sherikchilik boshqarmasi boshlig'i, Murodjon Karabaevning esa maktabdan tashqari ta`lim, sport va turizmni tashkil etish boshqarmasi boshlig'i ekanini aniqlab berdi. Tushunarsiz kayfiyat aralash biroz umid bilan matbuot anjumani boshlandi. Necha bor ko'tarilsa ham yechimini hech topmayotgan muammolar yana o'rtaga chiqdi.

Majburiy “yig'di-yig'di”lar muammosi

Dastlab maktablardagi pul yig'imlari haqida so'z yuritildi. Mutaxassislar har qanday shakldagi yig'im Xalq ta`limi vazirligi tomonidan taqiqlangan qonunbuzarlik ekanini ta`kidladi.

– Bunday holatlarning oldini olish uchun kuzatuv kengashlari tashkil etilgan, – dedi Erkin Murodov. – Kengashning asosiy vazifalaridan biri noqonuniy pul yig'imlarining oldini olishdir. Sinfxonalarni ta`mirlash yoki o'quv yili yakunida boshqa maqsadlarda o'quvchilardan pul yig'ish asossiz. Qaysidir maktabda bunday holat aniqlansa, qonun doirasida tegishli chora ko'riladi. Bu kabi salbiy holatlarning oldini olishda ota-onalardan ham amaliy yordam kutib qolamiz.

Imtiyozlar barchaga barobar bo'lishi kerakmasmi?

Davlat tilidan boshqa tillarda olib boriladigan ta`lim tizimidagi muammolar sanab o'tildi. Ingliz tili o'qituvchilariga ustama belgilangan. Hamma joyda bo'lmasa-da, darslar maxsus jihozlangan lingofon xonalarida o'tiladi. Ammo davlat tiliga bo'lgan munosabat haminqadar. O'zbek tili va ona tili o'qituvchilariga hech qanday imtiyozlar yo'q. Ularning maxsus jihozli xonalarda dars o'tishi mutlaqo ko'zda tutilmagan. Bu ketishda bolalarning ongida “davlat tilini bilish shart emas” degan tushuncha paydo bo'lishi mumkin axir. 21 oktyabrdan sal oldin, o'sha kuni va undan keyingi haftadagina eslanib, amalda mensimay yondashilgani bois jamiyatimizda ingliz va rus tillarining mavqei baland. Biri muvaffaqiyat garovi, ikkinchisi madaniyat belgisi hisoblana boshladi.

Mazkur masala yuzasidan Xalq ta`limi vazirligining pozisiyasini vazirlik boshqarma boshlig'i Erkin Murodov quyidagicha izohladi:

– Ta`lim o'zga tillarda olib boriladigan maktablarda davlat tiliga yetarli soat ajratilgan. Bir haftada ikki marta bo'ladi. Albatta, o'zbek tiliga e`tibor qaratilishini yoqlaymiz, shu fan o'qituvchilariga ustama haq to'lash taklifini ko'rib chiqamiz.

Darhaqiqat, bu masala jiddiy o'rganilishi, muammoga echim topilishi shart. Zotan, ta`limning boshqa tilda (ingliz tili) olib borilishining salbiy natijasini yaqinda ko'rdik. Jamiyatimizda davlat tiliga bo'lgan bu munosabatni ko'rganlar rus tiliga rasmiylik maqomini berish kerak, degan taklifni bildirishga haddi sig'di. Davlat tili to'g'risida qonun qabul qilinganiga 30 bo'lganiga qaramay, bizning eng zaif tarafimiz ekanicha qolmoqda.

Darsliklar muammosi: kamchiliklar qachon bartaraf etiladi?

Anjumanda darslikka doir muammolar bir necha bor ko'tarildi. Umumta`lim maktablaridagi darsliklarni kim nazorat qilishi, fanga allaqachon yangi tushunchalar, ilmiy atamalar kirib kelgan bo'lsa-da, eskirgan ma`lumotlarning o'zgartirishsiz qayta-qayta chop etilayotgani, o'quvchilar darslikda imlo xatolari va noto'g'ri ma`lumotlarni o'qiyotgani qanchalar to'g'ri ekani va yetishmayotgan darsliklar kabi muammolar sabablari nimada?

– Buning sababi o'quvchilar ro'yxati qayta shakllantirilmasligi va darsliklar ma`lum muddat davomida yaroqsiz holga kelib qolishidir, – dedi Erkin Murodov. – Darsliklardagi kamchiliklar va xatolarni to'g'rilash, kelajakda ularga yo'l qo'ymaslik uchun vazirlik saytida tanlov e`lon qildik. O'quvchilar, o'qituvchilar, umuman, istagan odam darslikdagi xato va kamchiliklarni ko'rsatishi mumkin. Shu asosda xatolar tuzatiladi. Endi ilgarigi kabi hammasiga faqat vazirlik yoki muallif aybdor bo'lmaydi. Har bir kamchilikning o'z egasi topilib, ularga chora ko'riladi. Nashriyot, vazirlik, muallif – har bir tomonning mas`uliyati va javobgarligi aniq belgilab qo'yildi.

Milliardlab so'mga tushayotgan bu kitoblar vazirlik ruxsati bilangina chop etiladi. Shu bois mas`uliyatning asosiy qismi vazirlik zimmasida! Kelajakka xiyonat bo'lgan, bolalar oldida jinoyat hisoblangan bunday darsliklar nashriyotdan chiqib, to o'quvchi qo'liga etib kelguniga qadar vazirlikning qat`iy nazoratida bo'lishi shart. Shu holdagina vaziyat o'zgarishi va o'nglanishi mumkin.

Elektron jurnalga nazar

Anjuman davomida qog'ozbozlik kamaymayotgani, o'quvchilar bilim va saviyasini oshirishga hamon e`tibor kamligi, ta`lim sifati o'rniga o'qituvchilar bo'yniga qo'shimcha yuk tushishda davom etayotgani aytildi. Masalan, ilgari faqat sinf jurnalini to'ldirishi kerak bo'lgan o'qituvchilar endi har bir davomat va baholarni elektron bazaga ham kiritishmoqda. Bitta yumush ham qog'ozda, ham elektron shaklda qilinmoqda. Bu qanchalik mantiqli?

Bunga javoban vazirlik mutaxassislari loyihaning Toshkent shahrida eksperiment shaklida o'tkazilayotganini bildirishdi. Qo'lga kiritiladigan natija ijobiy bo'lsa, tizim butun respublika bo'ylab joriy etilar ekan.

Albatta, qog'ozbozlikka qarshi kurash nuqtai nazaridan loyiha kerakli va jozibali. Ammo elektr muammo bo'lgan qishloq hududlarida buning amalga oshishi noreal. Agar chiroq bo'lsa ham, internet tezligi past va zamonaviy kompyuterlar yetarli emas.

Vazirlik mutaxassislari istiqbolda optik tolali internet yo'lga yo'lga qo'yilishini bildirishdi.

Islohotlar rostdan ham maktab uchunmi?

Matbuot anjumanida xalq ta`limi tizimiga doir islohotlar vazirlik miqyosida yoki qog'ozlarda qolib ketayotgani, o'qituvchi maoshining oshganini hisobga olmasa, chekka hududlarga o'zgarishlar yetib bormayotgani keskin tanqid qilindi. Shuncha sarf-xarajatlar, ko'rilgan choralar, olib borilgan islohotlarga qaramay, maktablarda hamon nomutaxassis o'qituvchilar dars bermoqda, hamon ta`lim sifati past, hamon o'quvchilar, ba`zan esa o'qituvchilar saviyasi yuzni qizartiradi, hamon bilimga chanqoq yoshlar yaxshi darsga muhtoj.

Bunga javoban vazirlik mutaxasislari islohotlarning birdan va kutilgan natijani bera olmasligi, bu muayyan vaqt talab qilishi, butun respublika miqyosidagi maktablarni qamrab olish va nazorat qilish choralari ko'rilayotganini bildirdi.

Mutaxassislar, shuningdek, o'quvchilarning yozgi ta`tilda majburiy ravishda to'garaklarga jalb qilinayotgani navbatdagi mavzu bo'ldi. Ba`zi maktablarda talab etilayotgan oylik to'lov ham, to'garaklarga ishtirok etish ham ixtiyoriy ekani, bu ishlaydigan ota-onalar uchun aslida yaxshi imkonligi, poytaxtdagi 65 ta maktabda bepul to'garaklar tashkil etilayotgani aytib o'tildi.

* * *

Anjuman savollarga boy bo'ldi. Ularning barchasiga qoniqarli javob berildi, deya olmaymiz. Nimadir aytilmay qolib ketganday, muhim muammolar tilga olinmaganday tuyulaverdi. Balki vazirning besh o'rinbosaridan hech bo'lmaganda bittasi kelib qatnashsa, boshqacha bo'larmidi? Aslida matbuot anjumanlarida rahbariyat qatnashmasligi yangilik emas. Ammo bu – BOLALARni o'qitish tizimiga doir bo'lgani, jiddiy yondashuvni talab qilgani uchun vazirlik rahbariyati mas`uliyatni sezishiga umid qilgandik. Bundan tashqari matbuot anjumani har chorakda atigi bir marta o'tkaziladi. Juda bo'lmasa, anjuman vaqtini vazir yoki o'rinbosarlaridan kelib chiqib, belgilash kerak edi. Ularga anjuman jarayoni to'liq yetib borishi shubhasiz. Ammo maqsad bilvosita gaplashish emas, xalq ta`limi tizimini hal qiluvchilar bilan gaplashish, muammoni ularga ko'rsatish va birgalikda yechim topish edi.

Xalq ta`limi tizimi mamlakat kelajagini hal qiladi. Ertaga qanday jamiyatda kimlar bilan yashashimiz aynan shu vazirlik va u qilayotgan yoki qilmayotgan ishlarga to'g'ridan-to'g'ri bog'liq. Albatta, shahodatnoma, attestat va sertifikatning yangi namunasi tasdiqlangani, bu hujjatlarni berishda elektron tizim joriy qilingani yaxshi xabar. Bu o'quvchilarga katta qulaylik. Ammo insonning qulay yashashdan ham ko'ra to'g'ri yashagani muhimroq. Odamiylik fazilatlari aynan shundan kelib chiqib belgilanadi.

Muhayyo ISMOILOVA,

“Ishonch” muxbiri

Matbuot anjumanining video ko'rinishi

Boshqa xabarlar