Etakchilar sayox,ati

75

Kasaba uyushma qo'mitasi ­raisining faoliyati «Bo'zchi belboqqa yolchimas» maqolini esga tushiradi. Chunki u ham bir yilda o'ttiz nafar xodimiga yo'llanma tarqatadi-yu, o'zi sihatgohga borishga vaqt topolmaydi. Turli shaharlarga sayohat uyushtirib, o'nlab, yuzlab xodimlarning quvonchiga sabab bo'ladi-yu, o'zi esa…

Goho o'ylab qolasan, kasabaqo'm yetakchilarining yaxshi dam olishi, ko'ngildagidek hordiq chiqarishiga kim mas`ul? Ularni ham birov sayohatga olib borib, zarur shart-sharoitlarini yaratib beradimi?
O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi tashabbusi bilan xodimlar, faxriylar, ehtiyojmand fuqarolar qatorida kasaba uyushma faollarining tarixiy shaharlarimizga sayohatlari uyushtirilayotgani shu ma`noda ahamiyatli bo'ldi.
Ne baxtki, Qashqadaryo viloyatining bir guruh kasaba uyushma yetakchilari safida kaminaga ham Xorazm viloyatiga sayohat qilish nasib etdi. Yo'l-yo'lakay Buxoroda Xoja Bahouddin Naqshband maqbarasini ham ziyorat qildik.
Uzoq cho'l-u sahrolarda soatlab yo'l yurganimiz bois, Urganchning jamolini ko'rishga juda intiq bo'lganimiz rost. Darhaqiqat, ko'rishga arziydigan shahar ekan. Go'zal, ozoda. Tarixiy va zamonaviy binolar uyg'unligi.
Urganchda Prezidentimiz tashabbusi ostida mahalliy aholi tomonidan hashar yo'li bilan qad ko'targan Niyozmuhammad Oxund maqbarasi va masjidi bizda katta taassurot qoldirdi.
Sulton Jaloliddin Manguberdi majmuasiga borar ekanmiz, Koson tumani 24-son bolalar musiqa va san`at maktabi kasaba uyushma qo'mitasi raisi Ramazonbek Beknazarov «Mendirman o'sha» qo'shig'ini maromiga yetkazib kuyladi. Bir avtobus sayohatchining xayoli mard va jasur Manguberdiga ketdi. Majmua­­ni ziyorat qilib, Avesto maydoni tomon odimladik…
Sayohatimizning ikkinchi kuni qadimiy Xivadagi Ichan va Dishan qal`ani kezdik. Ochiq osmon ostidagi muzey shaharni tomosha qilish uchun, rosti, bir kun kamlik qilar ekan. Xiva xonligi saroyi, masjidlari, majlis-mashvarat o'tkazadigan, aholini qabul qiladigan maydonlari, pul zarb qilish xonasi, Xorazm xalqining milliy urf-­odatlarini o'zida mujassam etgan libos va taqinchoqlar, yozda issiqdan, qishda sovuqdan himoya qiladigan cho'girmalar bizni hayratga soldi. Pahlavon Mahmud maqbarasi ziyoratidan o'zgacha ruhiy quvvat oldik.
Hamrohlarimiz – G'uzor tumanidagi 4-o'rta maktab kasaba uyushma qo'mitasi raisi Murodulla Po'latov, shahrisabzlik Akram Islomov, Koson tibbiyot birlashmasi kasaba uyushma qo'mitasi rai­­si Shoymurod Ergashev o'zaro suhbatda ajoyib va sermazmun sayohat uchun tashkilotchilarga minnatdorlik bildirishdi.
Albatta, to'rtta kasabaqo'm rai­­si yig'ilib qolsa, jamoa shartnomasidan, mehnat muhofazasidan gurung ketadi. Raislar sayohat davomida bir-biri bilan yaqindan tanishishdi ham. Fikr almashuv, tajriba almashuv, yurakdan dillashuv barchani birlashtirdi.
Shuning uchunmi, sayohatdan qaytar ekanmiz, avtobusda qizg'in suhbat davom etar, kayfiyatlar ko'tarinki edi…

Akmal Abdiev,

«Ishonch»

Boshqa xabarlar